O’zbekistonning MDHdagi raisligiga yuqori baho berildi

21.12.2020, 09:31

O’zbekistonning MDHdagi raisligiga yuqori baho berildi

Joriy yilning 18 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisining bo‘lib o‘tishi tom ma’noda 2020 yil oxiridagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.

Ushbu majlisga berilgan bunday baho sammit kun tartibi bilan belgilanadi. Unda MDH doirasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida, shuningdek, yangi xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish sohasida ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini baholash o‘rin oldi.

Sammit ishtirokchilari shuningdek, MDHni 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi va uni amalga oshirish rejasini ham muhokama qildilar. Ushbu hujjatlarda hamkorlikning yaqin va o‘rta muddatli istiqboldagi strategik maqsadlari va asosiy tadbirlari belgilangan.

BMTga asos solingani munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotlar, shuningdek, Hamdo‘stlik faoliyatining turli jihatlariga doir qarorning qabul qilinishi sammitning muhim natijasi bo‘ldi.

Deputatlik korpusi, jumladan, parlament quyi palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari MDHga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani ilk bor o‘z zimmasiga olgan mamlakatimiz, pandemiya bilan bog‘lik murakkab sharoitlarga qaramay, Hamdo‘stlikka raislik konsepsiyasini to‘liq hajmda amalga oshirdi, deb hisoblaydilar.

Bir qator amaliy ko‘rsatgichlar, xususan, ko‘pgina muhim hujjatlar qabul qilingani ham buni tasdiqlaydi. Zero, 2030 yilgacha muddatga mo‘ljallangan Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi, Transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, turizm, sport va yoshlarga oid siyosat sohalarida hamkorlik strategiyalari va boshqalar qabul qilindi. Hukumat rahbarlari kengashi, Iqtisodiy kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, MDHning boshqa ustav va tarmoq organlarining majlislari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Umuman, 60 ga yaqin ko‘p tomonlama tadbir o‘tkazilib, Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladigan 70 dan ziyod hujjat qabul qilindi.

O’z navbatida, yakunlanib borayotgan 2020 yilda O’zbekiston MDHning Yoshlar bilan ishlash Kengashi, Mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish maslahat kengashi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maslahat kengashiga qo‘shildi. Ishonchimiz komilki, bularning bari, mamlakatimizning Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar bilan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytiradi.

O'zLiDeP fraksiyasi a’zolari MDHning uzoq muddatli vazifalari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasining istiqboli hamda Prezidentimiz tomonidan MDH rahbarlari majlisida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bildirilgan aniq takliflarini alohida e’tirof etadi. Birinchi navbatda, Hamdo‘stlik ulkan bunyodkorlik salohiyatiga ega, masalan, bu MDH makonida favqulodda vaziyatlarda harakat qilishda umumiy mexanizmni yaratish bilan bog‘liq. Mafkuraviy va axborot sohalarida xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham yangi, noodatiy yondashuvlarni taqozo etmoqda.

Saylovchilarimiz, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar nomidan MDH, jumladan, Janubiy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni to‘la ishga solish muhim, deb hisoblaymiz. Bundan keyin ham Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida “yashil” yo‘laklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish, ayniqsa, agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma klasterlar tashkil etish zarur. Eng muhimi, MDHda aviaqatnovlarni imkon qadar tez fursatda qayta yo‘lga qo‘yilishiga ko‘maklashish, mehnat migrantlari hujjatlarini o‘zaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish va bu sohada alohida dastur qabul qilish lozim.

Davlatimiz rahbarining bu va boshqa tashabbuslarini amaliyotga tadbiq etilishi Hamdo‘stlik makonida inqirozdan keyingi davrda barqaror rivojlanish uchun MDHga a’zo davlatlarning ulkan salohiyatidan to‘la foydalanish, sa’y-harakatlarni birlashtirish imkonini beradi, deb hisoblaymiz.

Yana bir muhim jihat, MDHning 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlanish strategiyasining amalga oshirilishi alohida e’tiborga molik. Ushbu hujjat iqtisodiy hamkorlikning 30 dan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, milliy iqtisodiyotlar raqobatbardoshligi oshirish va Hamdo‘stlik fuqarolarining farovonligini yuksaltirishga, unga a’zo davlatlarning jahon iqtisodiy aloqalaridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan. Bu Prezidentimiz tashabbusi bilan taklif etilgan MDHga a’zo davlatlarning 2030 yilgacha transport sohasida hamkorligining ustuvor yo‘nalishlariga ham taalluqli. Unda umumiy transport makonini shakllantirish va MDH mamlakatlarida transport yo‘laklari raqobatbardoshligini oshirish, ularning Yevropa va Osiyo transport tizimlariga integratsiyalashuvi bo‘yicha muvofiqlashgan siyosat yuritish ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, O'zLiDeP fraksiyasi a’zolari Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan majlis ko‘plab mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar ishini qiyinlashtirigan murakkab epidemiologik vaziyatga qaramay, O’zbekistonning MDH raisligi doirasida unumli va samarali ish olib borganini yaqqol ko‘rsatdi, deb hisoblashadi. Zotan, O’zbekiton MDH makonida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni chuqurlashtirish, barqaror va mustahkam rivojlanishni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Aktam Haitov,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    431
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+