Tadbirkorlik rivoji yo‘lida muhim qadam

06.01.2021, 09:31

Tadbirkorlik rivoji yo‘lida muhim qadam

Bugun barchamiz mamlakatimiz siyosiy hayotidagi tom ma’noda tarixiy va unutilmas voqeaga guvoh bo‘ldik. Konstitutsiyamizning 93-moddasi 7-bandiga muvofiq, Prezidentimiz mamlakat tarixida to‘rtinchi marotaba Oliy Majlis palatalariga Murojaat yo‘lladi.

Ushbu tarixiy hujjatda joriy yil davomida barcha sohalarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar, davlatimiz ichki va tashqi siyosati uchun asosiy vazifalar bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. Xalqimizning ehtiyojlari va orzu umidlari, amalga oshirilayotgan islohotlardagi keskin muammolar hamda kelgusi yilda ularni hal qilishga oid aniq rejalar belgilandi.

2020 yil xalqimizning qudrati va salohiyati, mardligi va matonati har qachongidan ham yaqqol namoyon bo‘lgan yil sifatida tarixda qoladi. Joriy yilda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturiga muvofiq, yangi O’zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirildi.

Masalan, respublikamizda 197 ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxonalar hamda infratuzilma ob’ektlari barpo etildi. Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, yer maydonlari to‘liq xususiy klaster va kooperatsiyalarga berilgani paxtachilikda hosildorlikni bir yilda o‘rtacha 10 foizga oshirish imkonini yaratdi. Meva-sabzavotchilik, g‘allachilik va chorvachilikda ham 500 ga yaqin klaster va kooperatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida, pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi.

Shuningdek, 91 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritilib, 133 ming gektar yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.Tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi. Tadbirkorlik sub’ektlariga 100 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p kreditlar ajratildi. Umuman olganda, 2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi.

Yana bir muhim jihat, 2020 yilda aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar boshlandi. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi.

Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi. O’zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi. Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.

Prezidentimizning Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida tunu kun tinim bilmasdan, bor bilim va tajribasi, kuch va imkoniyatini safarbar etayotgani sababli O’zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. “Iqtisodiy erkinlik” reytingida mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani esa O’zbekistondagi islohotlarning xalqaro maydondagi yana bir e’tirofi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining bu galgi Murojaatnomasida ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar ilgari surildi. Muhim va dolzarb vazifalar belgilab berildi. Shu jihatdan biz mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy partiya sifatida barcha imkoniyatlarimizni Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsadlarga erishish yo‘lida faol va samarali ishtirok etish uchun to‘la safarbar etmog‘imiz lozim.

Birinchidan, 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilindi va shu bilan o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish zarurligiga alohida urg‘u berildi. Bu borada O‘zLiDeP yoshlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, startap loyihalarini amalga oshirishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘radi va ushbu yo‘nalishni tubdan rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Zero, barkamol, erkin, kuchli va jasur yoshlar – jamiyat tayanchi, kelajagimiz bunyodkoridir.

Ikkinchidan, kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etish bo‘yicha ulkan vazifalar ma’lum qilindi. Bu ko‘plab sa’y-harakatlarni birlashtirishni talab qiladi, chunki kambag‘allik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Bu borada “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etilishi kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan muhim tashabbusdir.

Uchinchidan, ayrim joylarda tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari davom etayotgani aytilib, bu masalada davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Biznes-ombudsmanga vakolat berish taklif etildi. Bu jarayonda O‘zLiDeP va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi Murojaatnomadagi vazifalardan kelib chiqib tadbirkorlarga yelkadosh bo‘ladi, ularni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan qator qonunlarni yaratish kabi qonun ijodkorligi faoliyatiga darhol kirishadi.

To‘rtinchidan, bugungi kunda tadbirkorlik sohasiga oid bo‘lgan 14 mingdan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari mavjud. Bu esa tadbirkorlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan edi. Shu jihatdan partiyamiz saylovoldi dasturida biznes yuritishning olis istiqbolga mo‘ljallangan imkoniyatini ta’minlash, bugungi kunda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yuzlab qonun hujjatlari mavjudligini inobatga olib hamda davr talablaridan kelib chiqib tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va liberallashtirish maqsadida yagona Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ushbu tarixiy murojaatnomada tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartirish hamda Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish ilgari surilgani, tom ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu tashabbusni huquqiy jihatdan mustahkam qilib tayyorlash, zarur taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Endilikda yurtimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik haraatiga keng yo‘l ochish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ramiz. Yangi kodeksni qabul qilinishi esa tadbirkorlar, xususiy sektorda mehnat qilayotgan xodimlar huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytiradi, tadbirkorlikning jadal rivoji uchun mustahkam kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasidagi barcha fikrlar va tashabbuslar yagona ezgu maqsad – xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi, erkin, obod va farovon O’zbekistonni qurishga xizmat qiladi. Bu jarayonda O'zLiDeP fraksiyasi a’zolari Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga izchil tatbiq etishga tayyor. Bu jarayonda mahalliy kengash deputatlari bilan hamkorlikda ulug‘vor vazifalar, yo‘nalishlar hamda topshiriqlarni amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

 

  • Ko'rildi
    1373
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+