Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va rag‘batlar

21.01.2021, 10:22

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va rag‘batlar

105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi bo‘yicha tartib-qoidalar soddalashtiriladi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning o‘sish nuqtalaridan biri sanaladi. O’tgan yili xalqimiz boshiga tushgan og‘ir sinovlar paytida ham iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun ular davlat bilan teppa-teng hissa qo‘shganini hammamiz ko‘rdik, guvohi bo‘ldik.

Shu hijatdan, 2020 yilda murakkab sinovlarga qaramay, davlatimiz rahbari boshchiligida biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi, yetarli resurslar ajratilib, zarur sharoitlar yaratildi. Maqsad bitta – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish.

Joriy yilda ham tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha yanada qulay sharoitlar yaratilib, pandemiya davrida aylanma mablag‘ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlarning oyoqqa turib olishlari uchun ularga ko‘mak berish izchil davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu masalaga alohida to‘xtalib, tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida joriy yilda 6 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’kidladi. Hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltirilishini bildirdi.

Hammamizga yaxshi ma’lum, bundan 4 yil oldin tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e’lon qilingan edi. Buning natijasida o‘tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘payib, 400 mingtaga yetdi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz rahbari moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirish taklifini ilgari surdi.

Hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etilishi belgilandi.

Albatta, respublikamizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar e’tiborga molik. Chunki mazkur yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.

Lekin hozirgi davr litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun yanada keng shart-sharoitlarni yaratishni taqozo etmoqda. Aks holda, ortiqcha byurokratiya va boshqa to‘siqlar sabab tadbirkorlik faoliyati rivojlanmaydi, bu iqtisodiy o‘sish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, turli suiiste’molliklar, ortiqcha bosim yuzaga keladi.

Murojaatnomada aytilganidek, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinishi, 115 tasi bo‘yicha tartib-qoidalar soddalashtirilishi ularga alohida faoliyat turlari bo‘yicha biznesni boshlash va yuritish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirishga yo‘naltirilgan va Hukumat tomonidan kiritilgan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi milliy qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasida amaldagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirib yagona huquqiy hujjat qabul qilish nazarda tutilmoqda.

Unga binoan, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish faqatgina elektron tarzda ixtisoslashtirilgan maxsus elektron tizim — “Litsenziya” axborot tizimi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni elektron shaklda taqdim etilishi munosabati bilan ularning dublikatini berish, shuningdek, litsenziya shartnomasini tuzish institutini bekor qilish ham nazarda tutilyapti. Qolaversa, talabgorlarning litsenziya hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan tartibi ifodalanyapti.

Bizning fikrimizcha, qonun loyihasida belgilanayotgan muddat mobaynida vakolatli organ tegishli qaror qabul qilmaganda, talabgor belgilangan davlat boji yoki yig‘im to‘lovini amalga oshirgandan keyin maxsus elektron tizim unga litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishi shart. Bunda, talabgor faoliyat bilan litsenziyasiz va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Xulosa o‘rnida aytganda, mazkur hujjatning asosiy maqsadi — faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va xabardor etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonun loyihasining qabul qilinishi esa litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish, eng muhimi, mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    2097
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+