O‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

23.11.2017, 19:54

O‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi – Mun Chje Inning davlat rahbarligiga saylanganidan so‘ng ushbu mamlakatga uyushtirilgan birinchi yuqori darajadagi rasmiy safar bo‘lib, undan juda ko‘p natijalar kutilyapti.

Bundan bir ozgina avval O‘zbekistonda koreyslar istiqomat qilayotganining 80 yilligi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev 200 ming nafardan ziyodni tashkil etuvchi koreys diasporasiga ta’rif berar ekan, “mehnatsevarligi, qat’iy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz o‘xshashligi tufayli koreyslar O‘zbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, ko‘p millatli O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-e’tibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi” deya e’tirof etdi.

Bunday iliq, samimiy munosabatdan mamlakatda yashayotgan barcha koreyslarning boshlari osmonga yetdi. Yurtimizda o‘tkazilgan tadbirlarda va O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi arafasida Koreya Respublikasida bo‘lganimizda ham uning aks-sadosi yuraklarimizni junbushga solib turdi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida mamlakatlararo Strategik sheriklikni har tomonlama rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot qabul qilinishi, shuningdek, turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga doir ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, tijorat kelishuvlari hamda shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Xususan, tashrifning ilk kunida delegatsiyamiz Koreyaning yirik to‘qimachilik korxonalari “Posco Daewoo”, “Color Paradise”, “Solsang International Corp.”, “RATEL E&T Co, Ltd”, shuningdek “Lotte Marte”savdo tarmog‘i rahbarlari bilan 2017-2018 yillarda O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 70 million AQSh dollari miqdoridagi shartnomalar, “Gachon University Gil Medical Center in Incheon”, “Myongji Hospital in Seoul”, “Tibbiy yetakchilar korporatsiyasi”, “Chonnam National University Hospital in Gwangju” va “Chung Hospital” rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida Koreyaning “Chung Hospital” shifoxonasi bilan birga O‘zbekistonda tibbiy muassasa qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, koreyalik malakali mutaxassislar tajribasini o‘zlashtirish, o‘zbek shifokorlarining Koreyada malakasini oshirish masalalari bo‘yicha memorandum imzolangani dillarga behad quvonch ulashdi. Qolaversa, O‘zbekiston-Koreya hamkorligi ko‘rinishida yuqori natijali dori-darmonlarni ishlab chiqarishga kelishib olindi. Shartnomalar doirasida O‘zbekistonga bu yo‘nalishda 25 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya qilinadigan bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilning 16-18-oktabr kunlari Koreya Kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) vakillari O‘zbekistonda bo‘lib, “Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti” (TKTITI) va “O‘zkimyosanoatloyiha” loyihalash instituti faoliyati bilan tanishgan edi. Endilikda, ushbu ikki institut negizida ilmiy-tadqiqot markazi, loyihalashtirish va muhandislik, diagnostika markazi, malaka oshirish va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi  yagona institutni tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha “O‘zkimyosanoat” AJ bilan “TKTITI” DUK hamda “O‘zkimyosanoatloyiha” OAJ negizida 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma institut tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shu o‘rinda oliy ta’lim muassasalari haqida gap ketar ekan, tashrif o‘laroq Janubiy Koreyada katta obro‘ga ega Ajou hamda Pohang politexnika universitetlarining Toshkentda filiali ochilishi ta’lim tizimi rivojiga katta hissa qo‘shishini ta’kidlash joiz.

Biz erishilayotgan kelishuvlarning ayrimlarigagina to‘xtalib o‘tdik, xolos. O‘ylaymizki, O‘zbekiston-Koreya hamkorligi Prezidentimizning bu galgi tashrifidan so‘ng hech shubhasiz yangi bosqichga ko‘tariladi.

Viktor PAK,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi,

O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1041
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+