YURT OBODLIGI, XALQ FAROVONLIGI UCHUN MAS’ULMIZ

09.12.2017, 18:50

YURT OBODLIGI, XALQ FAROVONLIGI UCHUN MAS’ULMIZ

Abbosbek Hojimatov, Andijon viloyatidagi “Yakkatut Abdullajon” fermer xo‘jaligi rahbari:

— Bugun mamlakatimizda fermerlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik har qachongidan yuqori. Bu, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida yanada yaqqol ifodasini topdi.

Ayni kunda respublikamizdagi jami 12 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi rahbarlarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Men ham Izboskan tumanidagi “Yakkatut Abdullajon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini 2007 yilda tashkil qilganman. Bugunga kelib, olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, fermerlik harakatining rivojlanishi natijasida fermer xo‘jaligimda 30 nafar yoshlar doimiy, 20 nafar mahalladoshlarim mavsumiy ish bilan ta’minlangan. 

Davlatimiz rahbari tomonidan agrar sohani diversifikatsiya qilish, yer-suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali biz-soha vakillarining daromadini oshirish borasida olib borayotgan tizimli ishlar bizni yutuqlar, yangi marralar sari undayotgani aniq. Jumladan, yaqindagina Xorazm viloyatida partiyamiz “Yoshlar qanoti” tomonidan “Yosh fermer” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblar safidan o‘rin olganim ham davlatimizda fermerlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor samarasidir.

Prezidentimiz ham o‘z ma’ruzasida mehnatlarimiz e’tirofi barobarida oldimizga qator vazifalarni qo‘ydi. Endilikda birinchi vazifamiz yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish borasida muhim samaraga erishishdir. Xo‘jaligimizda mavjud 50 gektar yer maydonining hosildorligi past bo‘lgan maydonlarida karam, kartoshka, sabzi. piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekin turlarini ekib, ham yerning unumdorligini oshirishga harakat qildik, ham ichki bozorlarimizni oziq-ovqat  mahsulotlari bilan ta’minladik.

Yurtboshimizning har bir e’tiroflari, har bir topshiriqlari bizni qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissamizni qo‘shishga da’vat qiladi.

Umidaxon Egamova, Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘hna vodiy gavhari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari:

- Ayni kunda mamlakatimizdagi 6 mingdan ortiq fermer xo‘jaligida xotin-qizlar rahbarlik qilmoqdalar. Men agrar sohaga kirib kelganimga qariyb 20 yildan ortiq vaqt bo‘ldi. O‘tgan davr davomida fermer xo‘aligimizni rivojlantirish, xorijlik hamkasblar bilan tajriba almashish maqsadida Shveysariya, Germaniya, Angliya, Fransiya, Turkiya singari davlatlarda bo‘ldim. Bu esa davlatimiz tomonidan biz fermerlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning namunasidir.

Prezidentimiz “Rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnatini ulug‘lash, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish – asosiy vazifamizdir” nomli ma’ruzasida soha taraqqiyoti bunday keyin yanada yuqoriga ko‘tarilishini ta’kidladilar. Ayniqsa, yurtboshimiz tomonidan g‘allachilikda erishgan yutuqlarimiz e’tirof etilib, bu borada Oltinko‘l, Qo‘rg‘ontepa tumanlari ham namuna sifatida qayd etilgani butun andijonlik fermerlarning mehnatlari samarasidir.

Davlatimiz rahbari o‘z navbatida oldimizga ilinishi zarur bo‘lgan yetti yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini qo‘ydiki, ularning har biri ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qiladi. chorvachilik, zotdor ot, baliqchilik, meva-sabzavotchilik kabi yo‘nalishlarda har birimiz uchun yuqori natijalarga erishish fursati keldi. Endi xalqaro tajribalar bizdan o‘rganishi kerak. Prezidentimizning kuyunchaklik bilan aytgan fikrlarida aynan mana shu haqiqatlar mujassam.

Mazkur e’tirof va e’tibordan so‘ng biz fermerlar soha islohotlariga yanada ko‘proq hissa qo‘shamiz.

Narsullo Xudoyberdiyev, Kasbi tumanidagi “Yurt rizqi” naslchilik  mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

-Prezidentimizning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi yurtimizdagi eng sharafli kasb egalari bo‘lgan zahmatkash bobodehqonlarimiz qatorida mening ham qalbimda faxr va iftixor hislarini toshirib yubordi. Yurtimizda birinchi marotaba nishonlangan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” bayramida ishtirok etganligimdan baxtiyorman. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, mehnati nihoyatda  sharafli, noni esa, qanchalik totli va shirin bo‘lgan bu kasb egalarini har qancha e’zozlasak arziydi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun bor imkoniyatlarini ishga solish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, xalqimizning baxtli ertasi uchun jon kuydirish, islohotlarni yanada jadallashtirish ishiga munosib hissa qo‘shish biz tadbirkorlar va ishbilarmonlarning muqaddas burchimizdir.  Vatanga sadoqat, mustaqilligimizni mustahkamlash, odamlarning ma’murligi, baxtli ertasi uchun jon kuydirish ish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylanishi zarur.    

Istiqlolning dastlabki yillarida fermer xo‘jaligimiz o‘rniga yangi “Yurt rizqi” naslchilik  mas’uliyati cheklangan jamiyatga asos soldim.  Chorvachilik majmuasida chorva mollari sonini saqlab qolish va  mahsuldorligini oshirishga erishib, 100 kishi uchun  doimiy ish o‘rini yaratdim.   

Bugungi kunda jamiyatimizda Ukrainadan keltirilgan 600 bosh “Qizilcho‘l” zotli chorva mollari parvarish qilinmoqda. Tajribadan ma’lumki, sog‘ib olingan sutni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotish xo‘jalikka yaxshigina daromad keltiradi. Shuni hisobga olgan holda moliyaviy ko‘mak olib, sutni qayta ishlash sexini ishga tushirdik.   Sog‘ib olingan sutning asosiy qismini qayta  ishlanib, o‘ttiz turdagi mahsulotlar jamiyatimizning Qarshi shahridagi “Shams Yurt” savdo do‘koni orqali aholi dasturxoniga tortiq etilayotir.  

Issiqxonamizda pomidor, bodring, limon va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari  yetishtirilib, ishlovchilarga arzon narxlarda tarqatilayapti. Mahsulotlarimizning bir qismi savdo do‘koniga chiqarilmoqda. Paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha davlat shartnomalarini ortig‘i bilan bajardik. Olinayotgan foyda evaziga Kasbi tuman markazida “Tibbiyot tashhis markazi” bunyod etib, ishga tushirdik.     

Fermerlar yurtning obodligi, vatan ravnaqi, xalq ma’murligi yo‘lida astoydil jon kuydiradigan bilimdon, siyosiy yetuk kishilar sifatida shakllanib bormoqda.   Mamlakatimizning baxtli istiqboli yo‘lida qilinayotgan ezgu ishlar katta samara berayotganligini ko‘rib turibmiz. Fermerlik harakati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mevasidir. Ishonamanki, yaqin yillarda fermerlarimiz teran fikrlaydigan, el-yurt ravnaqi yo‘lida ezgu ishlarning tashabbuskorlari sifatida odamlarning ishonchini qozonishadi. 

Yurtimizda bir yil davomida amalga oshirilgan islohotlarni ko‘rib, baxtli istiqbol sari dadil odimlayotganligimizga imon keltirasan, kishi. Bugun   ozod O‘zbekistonimizdagi har bir fuqaroni o‘z iste’dodini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berildi.     Har bir inson o‘zidagi tadbirkorlik qobiliyatini ishga solsa, farovon va baxtli turmush kechirishi aniq. Har bir kunimni biror yangilik bilan boshlashga harakat qilaman. Zero, tadbirkorlik insonni farovonlikka, baxtli kelajakka yetaklaydigan nurli yo‘lki, unga jazm etgan har bir inson nafaqat o‘zi, balki hamqishloqlari, vatandoshlarining ma’murligi, baxtli kelajagini yarata oladi. Yurtboshimiz nutqida bildirilgan dolzarb fikrlar biz ishbilarmonlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi va  el-yurt farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlarga da’vat etaveradi.     

  • Ko'rildi
    1620
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Javlonbek2018-07-18 10:59:47

Yaxshi inson kop odamga yordami teygan


Fikringizni qoldiring

+