Salomatlik himoyachilari hamisha e’tiborda

13.12.2017, 09:23

Salomatlik himoyachilari hamisha e’tiborda

2017 yil 12 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda birinchi galda xalqimizni tibbiyot sohasidan rozi qilish vazifasi qayta ta’kidlandi. Darhaqiqat, o‘tgan qisqa vaqt davomida viloyatlardagi soha islohotlari sezilarli ravishda oshdi. Oilaviy poliklinikalar faoliyati takomillashtirilmoqda. Markazlardan olis hududlarga ham tor soha mutaxassislari  ko‘proq jalb qilinish ishlari jadallashmoqda. Bularning barchasi tibbiyotda zamonaviy, jahon talablari darajasidagi qulayliklar yaratilishiga va eng avvalo, inson sog‘ligini muhofaza qilishga mustahkam zamin yaratmoqda.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bizni sohadagi islohotlarga yanada teran qarashga undaydi. Barchamizga ma’lumki, muhtaram Yurtboshimiz joriy yilning o‘zida hozirga qadar sog‘liqni saqlash masalasiga bag‘ishlab tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, odamlarda haqli e’tiroz uyg‘otayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha uch marta videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Ularning bergan ko‘rsatmalari, ishlab chiqilgan dasturlar bo‘yicha Andijon viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayni kunga qadar qabul qilingan tibbiyot sohasini rivojlantirishga qaratilgan 30 ga yaqin Farmon va qarorlar xalqimizni sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida viloyatda 85 ta qishloq vrachlik punkti negizida 67 ta qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan qishloq vrachlik punkti binolari esa xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Bugun viloyatda soha rivojida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p, yetarli darajada muammolar ham bor. Masalan, chekka hududlarda tor doiradagi mutaxassislar faoliyati yetarli emas, bundan tashqari, aholi yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun viloyat markaziga kelishga majbur.  Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida ayni vaqtda bunday hududlarga yetakchi mutaxassislar jalb qilinmoqda. Yana bir muhim jihat – tez tibbiy yordam xizmati takomillashmoqda. Viloyatga bu yo‘nalishda zamonaviy tez tibbiy yerdam mashinalari keltirilgani har bir chaqiriqning o‘z vaqtida kelishini ta’minlamoqda.

Asosiysi, Prezidentimizning tizimda viloyatlarning og‘riq nuqtasiga aylanib kelayotgan kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratib, poytaxtimizda faoliyatini boshlagan “Akfa medlayn” xususiy tibbiyot muassasasi negizida mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish va ularga malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-davolash markazini tashkil etish, mazkur tibbiyot markazi hamkorligida Koreya Respublikasining oliy ta’lim tibbiyot muassasasi va uning hududiy filiallarini tashkil etish vazifasini berganlari soha vakillarining ayni ko‘nglidagi ish bo‘ldi.

Mazkur videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosiga bugundan kirishishimiz kerakligini zamonning o‘zi talab qilmoqda.

Xurshidaxon XALILOVA,

O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi raisi o‘rinbosari,

Oliy toifali shifokor

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+