Aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari takomillashtirilmoqda

13.12.2017, 09:35

Aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari takomillashtirilmoqda

Bugungi kunda mamlakat Konstitutsiyasida belgilanganidek, halqimizning munosib hayot kechirishini va insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish kabi ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi va hayotga izchil tadbiq etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi” tasdiqlanib, davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil etishning muhim yo‘nalishlari belgilandi.

Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida inson manfaatlarining bosh mezon sifatida belgilanishi hamda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyaning ilgari surilishi davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirishda “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining izchillik bilan takomillashtirilishi va modernizatsiya qilinishi aholimizning hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni yanada rivojlantirish imkonini beradi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning Milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi mazkur sohada boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Farmonga muvofiq davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, unga jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish, mazkur sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, tayyorlash, joriy etish va integratsiya qilishga yagona yondashuvlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan tegishli axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash, davlat xizmatlari ko‘rsatishning innovatsion shakllari va uslublarini joriy etishni tashkil qilish, mazkur sohada qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, farmonga muvofiq 2018 yil 1 yanvardan Tadbirkorlik sub’ektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirilib, unga jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha, shu jumladan olis joylarga chiqqan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish, davlat xizmatlari servisining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va foydalanish imkoniyatini ta’minlash, mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik, idoralararo hamkorlikni, eng avvalo, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjat va axborotlarni tezkorlik bilan olishni ta’minlovchi elektron hamkorlikni amalga oshirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarga malakali axborot va maslahat yordamlarini taqdim etish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun hujjatlari va ma’muriy reglamentlar talablariga rioya etilishini ta’minlash kabi vazifalar belgilandi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mamlakatda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda, bu esa eng avvalo halqimizning hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini beradi.

                                                                  Bekzod Artikov,

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1213
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+