Prezident Farmonidan kuch olamiz

15.12.2017, 15:12

Prezident Farmonidan kuch olamiz

Muhabbat Yuldasheva, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Kapital Bella” xususiy korxonasi rahbari, Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati:

-2009 yilda faoliyatimizni boshlagan edik. Ochig‘i, o‘sha vatlarda hozirgiday imkoniyatlarimiz keng emasligi bois ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganmiz. Ayni kunda paypoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamiz nafaqat viloyatda, balki respublikada ham o‘z nufuziga ega. Muhtaram Yurtboshimizning “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni faoliyatimizni yanada kengaytirishimiz, tadbirkorlikdagi turli to‘siqlarni bartaraf etishimiz uchun juda katta imkon bo‘lishiga ishonamiz. Ayniqsa, mazkur qonuniy hujjatda belgilangan O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasini tashkil etish xususidagi fikr shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlarning ko‘nglidagi gap bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Unga ko‘ra, endi biz uyushma tizimida muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashda himoyachiga suyanamiz. Joriy yilda Xitoy davlatidan faoliyatimizni kengaytirish maqsadida 500 million so‘m mablag‘ hisobiga yangi, zamonaviy tikuv dastgohlari keltirdik. Natijada 40 nafar ishchilarimiz qatoriga yana 10 nafar kollej bitiruvchilari qo‘shildi. Mahsulotlarimiz 85 foiz toza paxtadan, 15 foiz esa neylon xom ashyosidan tayyorlanishini hisobga olganda, ichki bozorda anchagina xaridorgirligini quvonch bilan e’tirof etaman. Bir kunda 2500 (ikki yarim ming) dona paypoq ishlab chiqariladi, oylik daromadimiz 220 million so‘mni tashkil qilmoqda. Prezidentimizning  to‘qimachilik va trikotaj sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan ushbu Farmoni bu boradagi imkoniyatlardan yanada to‘liq foydalanishga, tashqi bozorda ham o‘z xaridorlarimizga ega bo‘lishimizga xizmat qiladi.

Sharobiddin Djanpo‘latov, Buloqboshi tumanidagi “Barlos hiloli” xususiy korxonasi rahbari, xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati:

-Davlatimiz rahbarining har bir sohaga alohida e’tibor qaratayotganlari zamirida ana shu soha rivoji, jahon e’tirofi, mamlakat nufuzi turibdi. To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini yanada taraqqiy toptirish maqsadlarini o‘zida ifoda etgan Farmoni sohada qator qulaylik yaratishi tabiiy.

“Barlos hiloli” xususiy korxonamiz 2006 yilda 5 nafar ishchi bilan tashkil qilingan. Dastlab daromadimiz faqat xom ashyoning o‘zigagina yetardi. Hozirda esa xom ashyo xarididan tashqari bir oyda 15-20 million so‘m daromad qilyapmiz. Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan 20 turdagi trikotaj mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki Qozog‘iston, Ukraina davlatlarida ham xaridorlarini topmoqda. Ayni vaqtda faoliyatimizni kengaytirish maqsadida tuman hokimligiga yer ajratish masalasida murojaat qilganmiz. Ushbu muamoimiz hal bo‘lsa, chet ellik malakali mutaxassislarni ham faoliyatimizga jalb qilish niyatimiz bor. Mazkur masalada ham Farmonda tegishli bandlar belgilangan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining buyurtmalari bo‘yicha to‘qimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularni vaqtincha propiska qilish, turgan joyi bo‘yicha hisobga olish hamda ularning uzaytirilishini ta’minlash ishlarini zimmasiga olishi qayd etilgan. 

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1118
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+