Farmondan kuch olib muammolarga barham berishga erishamiz

17.01.2018, 10:10

Farmondan kuch olib muammolarga barham berishga erishamiz

Umidaxon  EGAMOVA,

Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘xna vodiy  gavhari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari, xalq deputatlari Oltinko‘l tuman kengashi deputati:

-Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, ayniqsa, biz fermerlarning ko‘nglidagi og‘riq nuqtalarga malham bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Men rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi 2006 yilda tashkil topgan. Uning 44 gektardan ziyod dala maydonida yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari asosan ichki bozorga taqdim qilinadi. Masalan, o‘tgan 2017 yilda xo‘jaligimiz tasarrufidagi yerlarning paxta, g‘alladan bo‘shagan maydonlaridan tashqari 21,7 gektarida dukkakli mahsulotlar hamda dala chetlarida oshqovoq yetishtirib, har bir mahsulotdan 20-30 million so‘m atrofida daromad oldik. Ayni vaqtga qadar yetishtirgan mahsulotlarimizni ichki bozorga taqdim qilishda soliq me’yorlarining buzilishi holatlariga juda ko‘p duch kelardik. Shu sabab aynan Farmonda keltirilganidek, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, agrar kompleksni rivojlantirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, oziq-ovqat bozori barqarorligiga tahdidlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, oziq-ovqat tovarlari importini qulay bojxona-tarif tartibga solish bo‘yicha choralarni belgilovchi “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishi ham ayni kunga qadar duch kelayotgan to‘siqlarimizni bartaraf etishda amaliy yordam bo‘lib xizmat qiladi.

Ro‘zixon O‘RINBOYEVA,

 Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Nafis ifori” fermer xo‘jaligi rahbari, xalq deputatlari Qo‘rg‘ontepa tuman Kengashi deputati:

-Mazkur Farmon ijrosi sohadagi eksport-import yo‘nalishiga qulaylik yaratibgina qolmay, bozorlarda oziq-ovqat tovarlari narxini pasaytirish va barqarorlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi sansalorlik va byurokratiyani bartaraf etish, shuningdek, respublikada ishchanlik muhitini yaxshilash bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Farmonga muvofiq mahalliy fermerlarning, tadbirkorlik sub’ektlarining ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini eksport va import qiluvchilar, chet ellik investorlar va xorijiy hamkorlar bilan doimiy asosda muntazam ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarning tashkil etilishi nafaqat hamkorlik munosabatlarini mustahkamlaydi, balki o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Tan olish kerak, shu kunga qadar bozorlarda ayrim import qiluvchilarning ustun mavqega ega bo‘lishiga ular uchun individual imtiyoz va preferensiyalarning taqdim qilinganligi, ularning faoliyati uchun eksklyuziv sharoitlar yaratilganligiga ko‘maklashganligi, bu esa boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining bozorga kirish imkoniyatini cheklashga olib kelganligidan ko‘z yumib bo‘lmasdi. Ishonamizki, ushbu me’yoriy hujjat bu boradagi muammolarni hal qilib, mamlakatda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantiradi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1056
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+