Istiqboldagi eng muhim dasturiy hujjat imkoniyatlarimizni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi

23.01.2018, 09:45

Istiqboldagi eng muhim dasturiy hujjat imkoniyatlarimizni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi

Tohirjon TOLIPOV, O’zLiDeP  Andijon viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati:

- 2017-2021 yillarda O‘zbekiston ­Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining tasdiqlangani mamlakatimizning yorug‘ kelajagi, xalq farovonligini ta’minlaydi.

Xususan, faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy­tashkiliy sharoitlar yaratish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular ­faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini, soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish, agrar sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarga ­imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish, hududlarni faol rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor berilgan. Oldimizda yangidan-yangi islohotlarni o‘zida mujassam etgan loyihalarni amalga oshirish va shu orqali tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilishning eng oson va qulay usullarni amaliyotga joriy etish, yosh ishbilarmonlar safini kengaytirish singari dolzarb vazifalar ijrosi turibdi.

Faoliyatimizning tayanch nuqtasi hasoblangan OAV bilan amaliy va doimiy hamkorlikni yuqori cho‘qqiga ko‘tarishimiz kerak. Sababi, xalq bilan davlat idoralari yoki deputat bilan aholi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar aynan OAVda aks etsagina undagi reallik yuzaga chiqadi.

Ayni vaqtda partiyamiz viloyat Kengashi tomonidan Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha har bir bo‘limga alohida mas’uliyatli topshiriqlar belgilandi. Yil davomida innovatsion va ilmiy faoliyatlarni, faol tadbirkorlarni, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni joriy etish muhim vazifa sifatida belgilandi.

A.Sulaymonov, Xalq deputatlari Toshloq tuman kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi, “Kelajak minbari” nodavlat o‘quv markazi rahbari:

Davlat dasturining iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan uchinchi yo‘nalishida soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish va optimallashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish nazarda tutilgan. Bu orqali tadbirkorlik va fermerlikni yanada rivojlantirish asosiy maqsad hisoblanadi. Tadbirkorlar uchun belgilangan soliqlarni kamaytirish, ayrim turdagi tadbirkorlarga imtiyozlar berish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga nisbatan past bo‘lgan hududlardagi tadbirkorlik faoliyati rivojlanadi. Yangi innovatsion usullardan foydalanishga keng yo‘l ochiladi. Bu borada xorijiy davlatlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari natijasida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish amalga oshiriladi.

Dastur ijrosi asosida nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatida muhim ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil qilish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu imkoniyatlar orqali zamonaviy bilimlarni egallagan yetuk kadrlar tayyorlanishiga erishiladi

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilingani partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlarning emin-erkin faoliyat yurtishlarida katta zamin yaratadi. Tadbirkorlarga turli xildagi aralashuvlar oldi olinib, mustaqil faoliyat ko‘rsatishiga erishiladi. Buning natijasida tadbirkorlar tomonidan yangi innovatsion g‘oyalar amaliyotga tatbiq qilinadi. Bu kabi belgilangan vazifalarni amalga oshirishda partiyamiz faollari, deputatlik korpusi vakillari o‘z faolligini oshiradi.

Nosirjon ABDULLAYEV, O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi apparat rahbari:

- Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani islohotlarning bardavomi sifatida bajarishimiz lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Dasturda belgilangan iqtisodiy sohadagi islohotlar joriy yilda mamlakatimizning iqtisodiyotni yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Dasturda tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilinganligi aynan partiyamiz eloktoratlari bo‘lgan tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Bu tadbirkorlarni nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlariga vaqt va resurs sarflamasdan o‘z faoliyatini xotirjam amalga oshirishlari uchun zamin yaratadi. 

O‘ylaymanki, Davlat dasturidagi amalga oshirilishi belgilangan islohotlar  mamlakatimizning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash bilan birgalikda partiyamiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bunda har birimiz shaxsiy mas’uliyatimizni his qilgan holatda o‘z vazifalarimizni bajarishga harakat qilishimiz lozim.

M.ASRANQULOVA, O`zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi huzuridagi siyosiy ta’lim markazi rahbari:

- Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, yoshlarga zamonaviy talablar asosida ta’lim berish bugungi kunning asosiy masalalaridan biridir. Bu borada oliy ta’lim muassasalariga bo‘ladigan test sinovlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonni amalga oshirishda Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ko‘plab vazifalar belgilangan.

Bu borada oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi, test sinovlarini o‘tkazishning shaffof mexanizmlarini joriy etish belgilangan. Birgina oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha test sinovi natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasigayoq e’lon qilinishi oliy ta’lim tizimidagi turli firibgarlik  va korrupsiyani oldini olishda muhim qadam bo‘ladi.

Yana bir jihatga alohida e’tiboringizni qaratmoqchimiz. 2017-2021 yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish, pullik xizmat ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirilib boriladi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan bu islohotlar farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlashda muhim qadamdir, ularning qobiliyati va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat hamda fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirishning bosh omilidir.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1241
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+