Turizm – iqtisodiy taraqqiyot omili

06.02.2018, 15:39

Turizm – iqtisodiy taraqqiyot omili

Turizm sohasi yurtimiz iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutadi. Keyingi yillarda ushbu sohani jadal rivojlantirish, mamlakatimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ichki turizmni kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Ammo sohada hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator muammolar mavjud edi. Masalan, xorijiy fuqarolar uchun elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish imkoniyati mavjud emasligi, ichki va ziyorat, qishloq xo‘jaligi turizmlari salohiyatidan hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgan edi.

Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim  dastur bo‘ldi.

Ushbu farmon turizm va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, turistik xizmatlarni ichki va xalqaro sayyohlik bozorlariga taklif etish, sayyohlik ob’ektlarini obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatishning sifati va samaradorligini oshirish bugungi kun talablari darajasiga ko‘tarishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni qamrab oladi.

Farmonda turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvvatlash, milliy turistik xizmatlarni xalqaro sayohlik bozoriga faol kiritishga, turizm sohasidagi xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmati ko‘rsatishning ilg‘or jahon sifat standartlarini joriy etish, respublika mintaqalarida turizm infratuzilmasining zamonaviy ob’ektlari, eng avvalo, mehmonxonalar, transport-logistika tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, mintaqalarda yangi turizm yo‘nalishlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ipak Yo‘lining chorrahasida joylashgan Samarqand betakror madaniy meros inshootlari, osori-atiqalari bilan har doim dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otib kelgan. Bu esa qadimiy va navqiron shaharda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish imkonini berayapti. Shu bois keyingi yillarda turizm viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda  yetakchi tarmoqlardan biriga aylandi. Viloyatimizda xalqimiz tarixini o‘zida mujassam etgan muzeylar, tarixiy obida va yodgorliklar, shuningdek, bahavo va xushmanzara dam olish maskanlari, muqaddas ziyoratgohlar juda ko‘p.

Farmon bilan endi turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida ko‘plab yangiliklarga qo‘l uriladi, sayyohlarni jalb qiladigan yangidan-yangi yo‘nalishlar ochiladi, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yanada yaxshilanadi, mehmonxonalarda zamon talablari darajasida sharoitlar  yaratishga e’tibor qaratiladi.

O‘zLiDeP iqtisodiyotimizning ana shunday muhim tarmog‘ini yanada rivojlantirish, bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishning muhim manbai sifatida qaraydi.

Ilhom BOTIROV,

 O‘zLiDeP  Samarqand viloyat Kengashi raisining

birinchi o‘rinbosari - apparat rahbari

***

Mamlakatimizning turizm salohiyati yuksaladi

Turizmni madaniyatlar rishtasi deb bejiz aytmaydilar. Inson umrguzaronlik qilar ekan, olam go‘zalliklariga hamisha talpinib yashaydi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida turizmni rivojlantirish evaziga mamlakat iqtisodiga yaxshigina daromad kelib tushayotgani bor gap. Mingga yaqin tarixiy me’moriy obida va qadamjolar mavjud bo‘lgan bizning mamlakatimizda turizm imkoniyatlari nihoyatda keng ekanligini alohida ta’kidlashni istardim.  

 Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sohani rivojlantirish, yangi-yangi loyihalarni ro‘yobga chiqishida yaqindan yordam beradi.  Turizmni rivojlantirish yo‘lida izlanayotgan yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tematik xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarini qurish va jihozlanishi uchun olib kiriladigan materiallarni to‘lanadigan bojxona xizmatlaridan ozod etilishi soha rivojiga xizmat qiladi. Farmonda ichki turizm, dam olishning turlari, sport turizmini rivojlantirishga e’tibor qaratish, tabiiy hududlarni saqlash va dunyoga namoyon etish borasidagi muhim vazifalar belgilab berilgan. Mamlakatimizda boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosimizni asrab-avaylash va mavjud resurslari va imkoniyatlardan samarali foydalanish bugunning dolzarb vazifasidir. Turizmga investitsiyalarni jalb etish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni olib kirishda bojxona xizmatlaridan ozod etilishi turizm xizmatlarini zamonaviylashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda mazkur soha takomili uchun amalga oshiriladigan har bir loyiha uchun 10 mln. AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi ham ko‘plab yangi-yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydi.

Qadimda sharqning gavhari deya atalgan bizning Shahrisabz shahrimizdagi me’moriy obidalarni ko‘rish istagida bo‘lgan xorijliklar son mingta. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur saltanatining muazzam koshonasi bo‘lmish Oqsaroy, Doriltilovat, Dorussaodat kabi yuzlab tarixiy ob’ektlarni xorijliklar hamon hayratu havas birla tomosha qilmoqdalar. To‘g‘ri istiqlol yillarida boy madaniy merosimizning yorqin namunasi bo‘lgan bu go‘zal inshoatlarni saqlash va ta’mirlash borasida qator ishlar qilindi. Biroq bugungi kunda vohamizda turizm salohiyatidan yetarli foydalanilmoqda deya olmaymiz. Turizm ravnaqi yo‘lidagi ishlarni zamonaviylashtirish, xususan, internet tarmog‘idan samarali foydalanish borasida ham hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Bu vazifalarni bajarishda muhtaram yurtboshimizning Farmoni bizga dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.   

O‘zLiDeP Shahrisabz Kengashi faollari va partiya deputatlik guruhi a’zolari ishtirokidagi yig‘ilishda mazkur Farmonni o‘qib-o‘rganish va partiya elektorati o‘rtasida keng targ‘ib qilish hamda unda ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasidagi vazifalar belgilab olindi.  Bu yil viloyat kengashi bilan hamkorlikda “Sharqning gavhari Shahrisabzga marhabo!” degan turistik aksiya tashkil etishni rejalashtirayapmiz. Mazkur aksiya doirasidagi tadbirlarda vohamizdagi barcha me’moriy obidalar, qadimiy inshoatlar, muqaddam qadamjolar va  go‘zal tabiat qo‘ynida sayohatlar uyushtirmoqchimiz. Turizm rivoji uchun investitsiyalar kiritish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etadigan yosh tadbirkorlarga o‘z loyihalarini amalga oshirishda yaqindan yordam beramiz.

                            Uloch YARASHEV,

Xalq deputatlari Shahrisabz tuman Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2503
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+