“O`ZLIDEP BILIMDONI” onlayn tanlovi

21.11.2017, 17:29

“O`ZLIDEP BILIMDONI” onlayn tanlovi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rasmiy veb-saytida partiya faollari va xayrixohlari o‘rtasida “O`zLiDeP bilimdoni” onlayn

tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi

NIZOM

Mazkur Nizom Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rasmiy veb-saytida (bundan buyon matnda O`zLiDeP veb-sayti deb yuritiladi) 18 yoshga to‘lgan partiya faollari va xayrixohlari o‘rtasida “O`zLiDeP bilimdoni” onlayn tanlovini (keyingi o‘rinlarda onlayn tanlovi deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.

I bob. Umumiy qoidalar

1.1. Onlayn tanlov partiyaning maqsad va g‘oyalarini yanada targ‘ib qilish, partiyaga hayrixohlar safini kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining faol fuqarolik pozitsiyasini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, qonunchilik sohasida va parlament faoliyatida olib borilayotgan islohotlardan xabardorligini oshirish maqsadida partiya faollari va xayrixohlari o‘rtasida o‘tkaziladi.

1.2. Onlayn tanlovi ochiqlik, oshkoralik, tezkorlik va zukkolik asosida tashkil etiladi.

1.3. Onlayn tanlovi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda partiya Ijroiya qo‘mitasi), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.

II. ONLAYN TANLOVINI TAShKIL ETISh VA O‘TKAZISh

2.1. Onlayn tanlovi har yili ikki bosqichda o‘tkaziladi va partiya veb-saytida e’lon qilinadi.

2.2. Onlayn tanlovida partiya faollari va xayrixohlari, shuningdek, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishlari mumkin.

2.3. Onlayn tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish mas’ul tashkilotchilarning vakillaridan tarkib topgan Tashkiliy qo‘mita zimmasiga yuklatiladi.

2.4. Onlayn tanlovning birinchi saralash bosqichi 2017 yil 2 oktabr kuni e’lon qilinadi va 2017 yil 23 oktabr kuni soat 2400 gacha o‘tkaziladi.

Ikkinchi - yakuniy bosqich 2017 yil 25 oktabr kuni e’lon qilinadi va 2017 yil 30 noyabr kuni soat 2400 gacha o‘tkaziladi.

 

III. ONLAYN TANLOVI ShARTLARI VA TALABLARI

3.1. Onlayn tanlovida ishtirok etishni xohlovchilar partiya veb-sayti orqali tanlov ishtirokchisi so‘rovnomasini to‘ldirishlari, unda o‘zi haqidagi to‘liq va aniq ma’lumotlar (ism-sharifi, tug‘ilgan yili, ish yoki o‘qish joyi, yashash joyi (manzili), pasport ma’lumotlarini, shuningdek, telefon raqami) ko‘rsatilishi lozim.

3.2. Onlayn tanlovining birinchi - saralash bosqichida har xafta saytga  3 tadan savol joylashtiriladi. Ishtirokchilar har bir to‘g‘ri javob uchun      1 ballga ega bo‘ladilar  

Saralash bosqichi savollariga tez, aniq va eng ko‘p javob bergan tanlov ishtirokchisi ikkinchi - yakuniy bosqichga o‘tadi. Onlayn tanlov ishtirokchisining ikkinchi - yakuniy bosqichiga o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumot O`zLiDePning veb-saytida e’lon qilinadi.

3.3. Onlayn tanlovining ikkinchi - yakuniy bosqichiga o‘tgan ishtirokchilar har xafta saytga joylashtirilgan 3 ta savolga javob beradilar.  

Savollarga eng ko‘p va birinchi javob bergan ishtirokchilar orasidan vaqt mezoniga qarab g‘oliblar aniqlanadi.

3.4. Onlayn tanlovi ishtirokchilari berilgan savollarga faqat bir marta javob berishi belgilangan.

3.5 O`zLiDeP veb-saytining alohida bo‘limida ikkinchi - yakuniy bosqichiga o‘tgan tanlov ishtirokchilarining ro‘yxati e’lon qilinadi, unda qatnashchilarning ismi-sharifi, vaqt mezoni asosida to‘plagan ballari ko‘rsatiladi.

  1.  Onlayn tanlovidagi savollar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari va ma’ruzalari hamda mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalardagi islohotlar, siyosiy partiyalar, saylov jarayonlari va unga taalluqli bo‘lgan qonunlar, O`zLiDePning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi platformasi yuzasidan tuziladi.

Barcha savollar to‘rtta javob variantlari bilan birga o‘zbek tili (kirill alifbosi)da joylashtiriladi.

  1. Onlayn tanlovi o‘tkazilishi haqidagi axborot O`zLiDeP veb-sayti, “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

IV bob. ONLAYN TanlovIni o‘tkazish bo‘yicha IShChI GURUH

4.1. Onlayn tanlovni o‘tkazish uchun tashkiliy qo‘mita tarkibi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi rahbar va mas’ul xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlaridan tuziladi.

4.2. Onlayn tanlov g‘oliblari O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

4.3. Onlayn tanlovida yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senati binosiga sayohat uyushtiriladi.

4.4. Vaqt mezoni asosida eng yuqori ball to‘plagan uch nafar ishtirokchi tanlovning mutloq g‘olibi deb e’lon qilinadi.

1-o‘rin uchun qimmatbaho sovrin;

2-o‘rin uchun qimmatbaho sovrin;

3-o‘rin uchun qimmatbaho sovrin bilan taqdirlanadi.

4.5. Agar uch nafar g‘olibni ballari teng kelib qolsa, (ya’ni tanlov yakunlariga ko‘ra, yig‘ilgan ballar miqdori va vaqt mezoni qatnashchilarda bir xil bo‘lib qolsa), tanlov g‘oliblarini aniqlash Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi.

V bob. Yakuniy qoidalar

5.1. Onlayn tanlovi g‘oliblari 15 dekabr kuni e’lon qilinadi va tantanali ravishda taqdirlanadi.

5.2. Onlayn tanlov g‘oliblari haqidagi axborot O`zLiDeP veb-sayti va ijtimoiy tarmog‘ida hamda “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasida e’lon qilinadi.

  • Ko'rildi
    10249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish