Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi

Сана: 06.09.2017 9:30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni yurtimiz tadbirkorlari uchun  keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur  Farmon  Namangan viloyatida ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari vakillari  tomonidan ham katta qiziqish bilan kutib olindi.

Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun korxona hisobidan iqtisod qilingan mablag‘lardan foydalangan holda 244 million so‘m evaziga Yaponiya va Xitoyning eng zamonaviy tikuv mashinalarini olib kelib o‘rnatdik. Korxonada dastlab 4 kishi bilan ish boshlangan bo‘lsa, keyinroq 45 taga, bugungi kunda esa 100 nafar ishchi-xodim doimiy ish bilan band.

Avval ichki bozorni ta’minladik. Hozirda 20 turdan ortiq bolalar va kattalar uchun ishlab chiqarilgan tayyor trikotaj mahsulotlarimizni chet elga eksport qilayapmiz. Eksport hajmi 2010 yilda 38400 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2011 yil oxiriga kelib, bu ko‘rsatkich 361167 AQSh dollariga yetdi. Keyingi to‘rt yil ichida bu raqamlar uch-to‘rt barobarga oshdi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 8 ming AQSh dollarlik mahsulotlarimizni chetga eksport qildik.

Davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni esa biz tadbirkorlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish barobarida bizga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi. Negaki, hozirgi kunga qadar tadbirkorlarni xorijga mahsulotni eksport yoki import qilishda konvertatsiya masalasi qiynab kelardi. To konvertatsiyaga ruxsat olingunga qadar biznes reja, shartnomalar o‘z qiymatini yo‘qotardi, oltinga teng vaqtdan yutqazilardi. Shuning uchun hamma tadbirkor ham yurak yutib bu jarayonga kirisha olmasdi.

Farmonda “yuridik shaxslar o‘z mablag‘larini banklarda joriy xalqaro valyuta operatsiyalarini, shu jumladan, tovar, ish va xizmatlar importi, foydani repatriatsiya qilish, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo‘lmagan operatsiyalarni amalga oshirish uchun chet el valyutasiga cheklovlarsiz erkin konvertatsiya qilishlari mumkin”,  deyilgani endi  bu muammolarga barham beradi . Shunday ekan, tadbirkorlar yaratilayotgan bu imkoniyatdan samarali foydalanishga harakat qiladi.

Shular qatorida biz ham   "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" yorlig‘i, milliy brend ostida eng raqobatbardosh mahsulotlar bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga hissa qo‘shib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida bor g‘ayrat-shijoatimizni safarbar etishdan aslo tolmaymiz.

Islombek QUTFIDDINOV,

Namangan shahridagi

 “IMRON TEXTILE GROUP”

 korxonasi rahbari,

O’zLiDeP faoli

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

146