O‘zLiDePning X syezdi partiyamiz faoliyatidagi yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoladi

11.09.2021, 16:15

O‘zLiDePning X syezdi partiyamiz faoliyatidagi yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoladi

Kuni kecha O‘zLiDePning X syezdi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir partiyamiz faoliyatidagi yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoladi. Chunki syezd  ishtirokchilari yakdillik bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga butun faoliyatini xalqimiz farovonligiga bag‘ishlab kelayotgan, bugungi murakkab davrda mamlakatimizni rivojlantirishga qodir bo‘lgan, o‘zining insoniy fazilatlari va rahbarlik qobiliyati bilan yurtdoshlarimiz hurmati va mehrini qozongan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qilib, jumladan,  agrar sohada yana yangi islohotlarni amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqani, aniq va asosli, ko‘lamdor rejalarni ilgari surgani e’tirofga loyiq. Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetarli hajmda va maqbul narxlarda yetkazib berish, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 barobar oshirish reja qilingan.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sish sur’atlarini kamida 5 foizga, bir gektardan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga, qishloq xo‘jaligining eksport hajmini 7 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda. Bu maqsadlarni amalga oshirishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Qishloq xo‘jaligida davlat aralashuviga to‘liq barham berib, mahsulot ishlab chiqarishni sanoat bosqichiga olib chiqiladi. Bunda tumanlar aniq mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirilib, davlat tomonidan dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar ajratiladi.

Agrar tarmoqdagi klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari faoliyatini barqaror, qulay shart va muddatlarda moliyalashtirish va sug‘urtalashning mutlaqo yangi mexanizmlari amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, davlat idoralari tomonidan narx belgilash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini majburiy sotib olish tizimi ham to‘liq bekor qilinib, erkin bozor munosabatlari joriy qilinadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumli va samarali foydalanish maqsadida 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida 10 sotixdan 1 gektargacha uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Shuningdek, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish maqsadida yangi o‘zlashtiriladigan 400 ming gektar yer maydonlari klaster korxonalariga ochiq tanlov asosida ajratiladi.

Kelgusi besh yilda intensiv bog‘lar 3 barobar yoki 150 ming gektarga, issiqxonalar esa 2 barobar yoki 11 ming gektarga ko‘paytiriladi. Bu orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini yana 1 milliard dollarga oshirish imkoni yaratiladi.

Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish bo‘yicha alohida qonun ishlab chiqiladi. Albatta, ushbu masalada Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizdan katta mas’uliyat talab qilinadi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    359
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+