Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturi

20.09.2021, 14:48

Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturi

YANGI O’ZBEKISTON – INSON QADRI USTUVOR BO’LGAN JAMIYAT VA XALQPARVAR DAVLATDIR

Muhtaram vatandoshlar!

Jonajon Vatanimiz – O’zbekistonimiz buyuk o‘zgarishlar arafasida turibdi. Dunyo miqyosida global tinchlik va barqarorlikka, insoniyat tomonidan necha ming yillar davomida yaratilgan qadriyat va an’analarga qarshi tahdid va xatarlar kuchayib, turli davlatlar o‘rtasida raqobat tobora shafqatsiz tus olayotgan, mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan hozirgi g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrda o‘z oldimizga aniq strategik maqsadlar qo‘yib, istiqbol rejalarini belgilab olish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Biz shu maqsadda Yangi O’zbekiston strategiya­sini ishlab chiqdik. Shu yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ana shu Strategiyani xalqimiz muhokamasidan o‘tkazish, yangi fikr va g‘oyalar bilan boyitish va muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun eng katta imkoniyat, deb bilamiz.

Hech shubhasiz, mamlakatimizni 2017–2021 yillarda rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan besh yilda yaratilgan, davlatimizning inson uchun, xalq uchun ochilishi, aholi bilan bevosita muloqot qilish, uning muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi siyosiy-ijtimoiy tizim biz uchun bu yo‘lda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Biz bu jarayonda quyidagi ichki va tashqi omillarni hisobga olish albatta shart va zarur, deb hisoblaymiz:

birinchidan, 2026 yilga borib mamlakatimiz aholisi soni 38 milliondan oshishi kutilmoqda;

ikkinchidan, aholimizning qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etmoqda va har yili mehnat bozoriga kamida 600 ming yoshlar kirib kelmoqda;

uchinchidan, dunyo miqyosida iqtisodiyotning tarkibi keskin o‘zgarib, raqamli va biotexnologiya­lar, sun’iy intellekt kabi sohalar shiddat bilan hayo­timizdan o‘rin egallamoqda, iqtisodiyot rivo­jini uskunalar emas, balki zamonaviy bilim va innovatsiyalar belgilamoqda;

to‘rtinchidan, keskin iqlim o‘zgarishlari yuz berib, suv resurslari kamayib bormoqda, bu esa ­dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va daromadlariga jiddiy xavf solmoqda;

beshinchidan, xalqaro maydondagi va mintaqamizdagi ziddiyatlar, radikalizm,   ekstremizm va terrorizm kabi xavf-xatarlar ko‘lami kengayib bormoqda.

Ana shunday keskin vaziyatda el-yurtimiz bizdan yangi reja va dasturlarni amalga oshirishni kutayotganini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz. Shuning uchun xalqimizning ishonchi va orzu-niyatlari, ezgu umidlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida: yurtimizda tinch­lik va barqarorlikni saqlash; fuqarolar va millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash; xalqimizning ma’naviy dunyosini yanada yuksaltirish;

O’zbekistonda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya etish, kafolatli daromad manbai, tibbiy xizmatlar va uy-joy, sifatli ta’lim bilan ta’minlash;

kambag‘allikni qisqartirish va ehtiyojmand aholini ijtimoiy muhofaza qilish;

mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirish biz uchun eng muhim va ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

El-yurtimizning tub manfaatlarini ifoda etadigan ana shunday vazifalarni samarali hal etish uchun biz Yangi O’zbekiston strategiyasini ishlab chiqdik va uni butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz.

ILM VA INNOVASIYALARGA
ASOSLANGAN YANGI
IQTISODIYOTNI BARPO ETISH

Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi. 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 4 ming dollardan oshiriladi va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratiladi.

Birinchidan, kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobar va mehnat unumdorligini kamida 2 marta oshirish uchun sharoit yaratamiz. “Drayver” sohalarda “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida sanoat klasterlari tizimi rivojlantiriladi. Jumladan, mis sanoati klasterini tashkil etish orqali kelgusi besh yilda mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 marta ko‘payadi hamda 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratiladi.

Navoiy, Olmaliq va Bekobod metallurgiya korxonalarida qator yirik loyihalar amalga oshiriladi va qo‘shimcha 10 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlanadi.

Tabiiy   gazni    qayta    ishlash    darajasini 8 foizdan 20 foizga yetkazish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 5 ta kimyo texnologiyasi klasterlari tashkil etiladi va ularda qariyb 7 milliard dollarlik 40 dan ziyod istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.

Ilm-fanni rivojlantirish asosida sanoat tarmoqlariga eng zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish dasturlari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Toshkentdagi Ulug‘bek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va ta’lim klasteri tashkil etiladi.

Geologiya-qidiruv ishlari hajmi keskin oshiriladi, yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari pasaytirilib, sohaga xususiy investorlar va ilg‘or xorijiy kompaniyalar keng jalb qilinadi.

Ikkinchidan, raqamli iqtisodiyot asosiy “drayver” sohaga aylantirilib, uning hajmini kamida 2,5 barobar oshirishga qaratilgan ishlarni olib boramiz.

Dasturiy   mahsulotlar    industriyasi    hajmi 5 marta, ularning eksporti esa 10 marta oshirilib, 500 million dollarga yetkaziladi.

Har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxlarda yuqori tezlikdagi Internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va Internet bilan qamrab olinadi. Xalqaro magistral Internet tezligi –
5 barobar, tumanlar­aro tarmoqlar tezligi –
8 barobar oshiriladi.

2022 yil yakuniga qadar “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida barcha davlat organlarida ish yuritish va aholi bilan hujjat almashish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.

Elektron shakldagi davlat xizmatlarining ulushi 100 foizga yetkaziladi. Jumladan, 700 dan ortiq davlat xizmatlaridan 100 tasi xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Uchinchidan, iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

2023   yil    oxirigacha    inflyatsiya    darajasi 5 foizga tushiriladi. Davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.

2022 yildan boshlab har bir tuman budjetining kamida 5 foizi yoki 1,5–2 trillion so‘m mablag‘ “Fuqarolar budjeti” dasturi doirasida aholining takliflari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflanadi.

Mamlakatimizga yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan oshmasligi ta’minlanadi.

Yurtimizga kapital olib kirish bo‘yicha mavjud cheklovlar qayta ko‘rib chiqilib, barcha uchun qulay sharoitlar yaratiladi va fond bozori hajmi 7 milliard dollarga yetkaziladi.

To‘rtinchidan, xorijiy va mahalliy investitsiya­larni jalb etish Strategiyasi qabul qilinib, kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish choralari ko‘riladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida transport, yo‘l qurilishi, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga 14 milliard dollar investitsiya jalb etiladi.

Kelgusi yildan boshlab asosiy vositalarni amortizatsiya qilishga soliq imtiyozlarini kengaytirish orqali har yili qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qoldiriladi.

Hududlarda sanoat va infratuzilmani rivoj­lantirish uchun O’zbekiston taraqqiyot banki tashkil etiladi.

Beshinchidan, mamlakatimizning eksport salohiyatini 1,7 barobar oshirish va 2026 yilda 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar hajmi
2,5 barobar ko‘paytiriladi. Yevropa davlatlariga GSP+ tizimi doirasida 2 mingdan ziyod turdagi tayyor mahsulot eksport qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.

“Yangi O’zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” g‘oyasi asosida 200 ta eksportchi ochiq tanlov asosida saralanib, ular yetakchi eksportyorlarga aylantiriladi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.

Oltinchidan, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga, eksport bo‘yicha esa 60 foizga yetkazish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ko‘ramiz.

Mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya, transport kabi tarmoqlardagi 23 ta yirik korxona xalqaro kredit reytinglarini olish orqali ichki va tashqi moliyaviy bozorlarga mustaqil chiqib, investitsiya loyihalari uchun o‘zi mab­lag‘ jalb qiladigan bo‘ladi.

Energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari erkinlashtirilib, sohaga xususiy investitsiyalar keng jalb qilinadi hamda ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalari kiritiladi. 2026 yilgacha elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi yiliga qo‘shimcha 30 milliard kilovatt soatga oshirilib, jami 100 milliard kilovatt soatga yetkaziladi.

Bank tizimini transformatsiya qilish orqali xususiy banklarning ulushi jami bank aktivlarining 60 foiziga yetkaziladi.

Yettinchidan, “yashil iqtisodiyot” texnologiyalari barcha sohalarga faol joriy etilib, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, havoga chiqariladigan zararli gazlar haj­mini 10 foizga qisqartirish ustuvor vazifamiz bo‘ladi.

Buning uchun quvvati 5 ming megavattdan ortiq bo‘lgan shamol, quyosh va gidro-elektrostansiyalar ishga tushirilib, yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. 2022 yilda Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘nalishlarida 320 ta elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

“Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi.

Sakkizinchidan, yirik korxonalarda kasbiy ta’lim markazlarini tashkil etish, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, neft-­kimyo, elektrotexnika kabi yetakchi sohalarda xo‘jalik birlashmalari va loyiha institutlari bilan birgalikda malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘ramiz.

FAOL TADBIRKORLIK VA
MANZILLI  MOLIYAVIY
KO’MAK – KAMBAG’ALLIKNI  
QISQARTIRISHNING
MUHIM OMILI

Mamlakatimizda 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Birinchidan, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratamiz.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot doirasida shakllantirilgan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 60 ga yaqin yangi tashabbus va takliflarni nazarda tutuvchi dastur amalga oshiriladi.

2022 yildan boshlab korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirilib, tadbirkorlar ixtiyorida 500 milliard so‘m mab­lag‘ qoldiriladi.

2023 yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushiriladi, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari birlashtirilib, yagona ko‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi.

Bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda   solig‘i   stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun bir xil bo‘ladi.

Yo‘l qurilishi, issiqlik ta’minoti, obodonlashtirish xizmatlari singari 25 ta faoliyat turi bo‘yicha monopoliya tugatilib, ushbu sohalarda tadbirkorlar uchun keng yo‘l ochiladi.

Tuman va shaharlardagi tadbirkorlikka ko‘mak­lashadigan mavjud tuzilmalar negizida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi.

Ikkinchidan, har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratamiz. Kasbga o‘qitish ko‘lami        2 barobar oshirilib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarlarga o‘qitiladi va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtiroki 30 foizga yetkaziladi.

Kasbiy ta’lim bilan tizimli ravishda shug‘ullanish masalalari to‘liq ravishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Norasmiy sektorda ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaroning bandligini legallashtirishga yordam berish orqali ularning ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanishiga imkoniyat yaratiladi.

Hududlarda servis sohalari ko‘lamini kengaytirish orqali xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobar oshiriladi va buning evaziga 3,5 millionta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchinchidan, jamiyatda ayollarning mavqeini oshirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiramiz.

Xotin-qizlarni o‘qitish, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatish va ularning ishlashi uchun sharoit yaratish orqali ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 2 marta kamaytiriladi.

700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlar davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitiladi.

Ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun oliy ta’lim grantlari har yili oshirib boriladi va 2026 yilga qadar 6 mingtaga yetkaziladi.

Kelgusi uch yilda uy-joyga muhtoj 10 mingdan ziyod xotin-qizlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar ajratiladi.

To‘rtinchidan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish ustida jiddiy ish olib boramiz.

Ehtiyojmand aholini ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan ta’minlash darajasi 60 foizdan 100 foizga yetkazilib, ularning barchasi davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan ta’minlanadi.

Bazaviy pensiya hajmini hisoblashda ish haqining chegaraviy miqdori 10 barobardan 12 barobargacha ko‘paytiriladi.

Uy-joyga muhtoj fuqarolarga turar joylarni ijtimoiy ijaraga berish tizimi joriy etiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini 3 barobar oshirishni ko‘zda tutuvchi Milliy dastur ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

QISHLOQ XO’JALIGIDA
SAMARADORLIKNI OSHIRISH –
ISLOHOTLARIMIZ TALABI

Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadlarini kamida 2 barobar oshirishga, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sish sur’atlarini kamida 5 foizga yetkazishga alohida e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, qishloq xo‘jaligida davlat aralashuviga to‘liq barham berilib, mahsulot ishlab chiqarishni sanoat bosqichiga olib chiqish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.

Qishloq tumanlari aniq mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirilib, davlat tomonidan dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar ajratiladi.

Agrar tarmoqdagi klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari faoliyatini barqaror, qulay shart va muddatlarda moliyalashtirish va sug‘urtalashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etiladi.

Davlat idoralari tomonidan narx belgilash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini majburiy sotib olish tizimi to‘liq bekor qilinib, erkin bozor munosabatlari joriy qilinadi.

200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ularni aholiga ochiq tanlov asosida

10 sotixdan 1 gektargacha uzoq muddatli ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchidan, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish maqsadida yangi o‘zlashtiriladigan 400 ming gektar yer maydonlarini agroxo‘jaliklarga ochiq tanlov asosida ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Intensiv bog‘lar 3 marta   va   issiqxonalar
2   marta   ko‘paytirilib,   eksport   salohiyatini yana 1 milliard dollarga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish bo‘yicha alohida qonun ishlab chiqiladi.

Uchinchidan, ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘ramiz.

Hududlarda agrosanoat korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash va ishlab chiqarish   hajmini 1,5 barobar oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Yurtimizda agrologistika markazlari va zamonaviy laboratoriyalar soni ko‘paytiriladi.

Urug‘chilik, ko‘chat yetishtirish va chorva mollari zotlarini yaxshilash bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi.

Yuqori hosil beradigan g‘o‘za va g‘alla navlarini chetdan olib kelish va erkin joylashtirishga bosqichma-bosqich ruxsat etiladi.

Nufuzli   xalqaro    ilmiy    markazlar    va oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda Xalqaro qish­loq xo‘jaligi universiteti tashkil etiladi.

To‘rtinchidan, chorva   uchun   ozuqabop   ekinlar maydonini ikki barobardan ziyod oshirib, 340 ming gektardan 700 ming gektarga yetkazamiz.

11 million gektar yaylovlarni qayta tiklab, hosildorligini oshirish choralari ko‘riladi.

Go‘sht, sut, tuxum va baliq yetishtirish hajmi 1,5–2 marta ko‘paytiriladi.

Beshinchidan, suv resurslarini boshqarish tizimi tubdan isloh qilinadi va yiliga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturi amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi besh yilda 2 milliard dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

SIFATLI TA’LIM – INSON
KAPITALINI RIVOJLANTIRISHNING HAL QILUVCHI OMILI

Uzluksiz ta’lim tizimi uchun milliy o‘quv das­turini joriy etish, ta’lim sifatini oshirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi 80 foizga yetkazilib, 7 mingdan ziyod yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etish biz uchun dolzarb vazifa hisoblanadi.

2024 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimi bilan to‘liq qamrab olinadi. Maktabgacha ta’lim   tizimi   xodimlarining oylik maoshlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz – yetti yoshgacha bo‘lgan birorta ham bola maktabga chiqquniga qadar
e’tiborsiz va bilimsiz qolmasligi kerak.

Ikkinchidan, yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish va ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

2026 yilga qadar o‘quv dasturlari va darslik­lar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlanib, amalda joriy etiladi.

Uchinchidan, oliy ta’lim tizimida qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida qariyb 100 ming o‘rinli talabalar turar joylari barpo etiladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan bosqichma-bosqich mehnatga haq to‘lash, xodimlar soni, to‘lov-kontrakt miqdori va ta’lim shaklini mus­taqil belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizga tushiriladi.

2026 yilgacha xususiy oliy ta’lim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkazilib, ularda ta’lim olayotgan talabalarga ham 7 yillik ta’lim kreditini olish imkoniyati yaratiladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yoshlarni nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish ko‘lami 2 marta oshiriladi.

To‘rtinchidan, ta’limning barcha bosqichidagi muassasalar va ularning xodimlari – bog‘cha tarbiya­chisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.

Doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi va manfaatdor tashkilotlar mablag‘lari hisobidan to‘lov grantlari asosida joriy etiladi.

Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha har ikki yilda o‘tkaziladigan umumrespublika sport o‘yinlari – Milliy olimpiada tizimi joriy eti ladi.

Umuman, ta’lim-tarbiya va sport sohasida izchil davom ettiriladigan islohotlar Yangi O’zbekistonning haqiqiy bunyodkorlarini kamolga yetkazishga xizmat qiladi.

AHOLI SALOMATLIGI – BEBAHO BOYLIGIMIZ

Sog‘liqni saqlash tizimida yuksak natijadorlikka erishish, aholi o‘rtasida kasalliklarni kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish va o‘rtacha umr ko‘rish darajasini oshirish eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Birinchidan, tibbiyot sohasiga ajratiladigan mab­lag‘lar 2 barobar oshirilib, asosiy e’tibor xonadonbay tibbiy profilaktikaga qaratiladi va bu orqali birlamchi bo‘g‘in tomonidan xalqimizga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga erishiladi.

Reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilib, birinchi bosqichda 46 ta tumanlararo perinatal markazlar barpo etiladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning filiallari tashkil etiladi.

Ikkinchidan, tibbiy xizmatlarda xususiy sektorning ulushi 25 foizga yetkazilishi va ularni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi uchun tegishli sharoitlar yaratamiz.

11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi transformatsiya qilinib, ularning qoshida klinikalar tashkil etiladi hamda o‘qituvchilarning xorijda tizimli malaka oshirishi yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchidan, yurtimizda ishlab chiqariladigan dori-darmon va tibbiyot vositalari ularning umumiy haj­mida 80 foizga yetishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz.

Ushbu tarmoqdagi ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar uzaytirilib, zamonaviy farmatsevtika zonalari hamda klasterlari tashkil etiladi, mavjudlari esa yanada rivojlantiriladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining xalqaro maqomga ega 250 dan ziyod laboratoriyalari tashkil etiladi.

HUDUDLARNI MUTANOSIB RIVOJLANTIRISH – MAMLAKATIMIZ TARAQQIYOTINING GAROVI

Hududlarni mutanosib rivojlantirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaganmiz.

Birinchidan, tuman va shaharlar   kesimida 14 ta besh yillik hududiy dasturlarni amalga oshirish choralarini ko‘ramiz. Bunda har bir tuman va shaharning muammo va imkoniyatlari o‘rganilib, “o‘sish nuqtalari” belgilab olinadi. Ularga muvofiq, aniq reja va loyihalar shakllantiriladi.

Ikkinchidan, hududlarda aholining yashash sharoitini yaxshilash uchun urbanizatsiya siyosatini yanada takomillashtiramiz.

18 ta katta, 22 ta o‘rta va 80 ta kichik shaharlar o‘rtasida transport-logistika tizimi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari amalga oshiriladi.

Samarqand va Namangan kelgusi besh yilda aholi soni million nafarni tashkil etadigan shaharlarga aylantiriladi. 450 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Andijon shahrining dastlabki bir nechta mavzelari qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Renovatsiya dasturlari asosida shaharlarda eskirgan uylar o‘rniga 19 million kvadrat metrdan ortiq zamonaviy uy-joylar barpo etiladi,

275 mingdan ziyod oila yangi massivlarga ko‘chib o‘tishi uchun sharoit yaratiladi.

Uchinchidan, og‘ir ekologik sharoitga qaramasdan, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar, tuman va ovullarini kompleks tarzda rivojlantirish, mehnatkash va matonatli, oqko‘ngil va bag‘rikeng qoraqalpoq elining hayotini obod va farovon etishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.

To‘rtinchidan, Toshkent shahrini aholiga qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.

Azim poytaxtimizda jamoat transporti tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, 3 ming kilometr ichki yo‘llar yangilanadi va 10 ta zamonaviy ko‘prik quriladi. Ko‘kalamzorlashtirish darajasi 30 foizga yetkazilib, 9 ta jamoat parki, 20 ta xiyobon, 250 kilometr velosiped va piyodalar yo‘lakchalari quriladi. Oqova suvini tozalash tizimi shahar hududidan tashqariga chiqarilib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi inshootlar barpo etiladi.

Beshinchidan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” das­turlari doirasida hududlarning “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurishga alohida e’tibor qaratamiz.

70 ming kilometr magistral va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 mingdan ortiq transformator hamda 100 dan ziyod podstansiya quriladi va yangilanadi. 70 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llari, 15 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi va 1 ming kilometr oqova suv tarmoqlari barpo etiladi.

Aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash    darajasi    87    foizga    yetkaziladi. 32 ta yirik shaharlar va 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimlari yangilanadi. Maishiy chiqindilarni yig‘ish 100 foizga, uni qayta ishlash darajasi 21 foizdan 50 foizga yetkaziladi.

Oltinchidan, 2026 yilda O’zbekistonga keladigan xorijiy turistlar sonini 9 millionga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Samarqand xalqaro aeroporti yirik transport xabiga aylantiriladi. “Abadiy shahar” tarixiy majmuasini o‘z ichiga olgan “Samarqand turizm markazi” tashkil etiladi.

“O’zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar soni kelgusida har yili
12 million nafardan oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda Mo‘ynoqning yangi aeroporti imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Yurtimizdagi 8 mingdan ortiq madaniy meros ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilinadi.

2026 yilgacha turizm sohasida band bo‘lgan aholi soni 2 barobar oshirilib, 520 ming nafarga yetkaziladi.

Turizm va madaniy meros ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Yettinchidan, transport sohasida Toshkent va yirik shaharlar o‘rtasida kunlik qatnovlar bo‘yicha uzog‘i bilan 6–7 soatda manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyatini yaratamiz.

Temir yo‘llarni elektrlashtirish   darajasi 40 foizdan 60 foizga oshiriladi. Toshkent – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yuk tashish xarajatlari kamida 30 foizga kamaytiriladi, tranzit hajmi 15 million tonnaga yetkaziladi.

Sakkizinchidan, xonadon, ko‘cha, mahalla, qishloq va shaharlarda yo‘l bo‘ylari va dala chetlariga har yili kamida 200 million tup daraxtlar ekish, hududlarimiz iqlimiga mos ko‘chatlarni yetishtirish, sug‘orish hamda parvarish qilish tizimi asosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilishiga ustuvor ahamiyat beramiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida “Yangi O’zbekiston bog‘i” namunasi asosida kamida 50 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etiladi. Shaharlar va tuman markazlarida har 50–100 ming aholi uchun “yashil jamoat parklari” tashkil etiladi.

Daraxtlarni noqonuniy kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinib, parklar va “yashil zonalar” hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatish qat’iyan taqiqlanadi.

To‘qqizinchidan, Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlar barpo etilib, ularning umumiy hajmi 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish vazifasi oldimizda turibdi.

Orolbo‘yida xalqaro “Yashil iqlim” va “Global ekologik jamg‘arma”larining bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

YANGI O’ZBEKISTON – XALQCHIL VA INSONPARVAR DAVLAT

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida ixcham, professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, adolatli, yuqori natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish muhim vazifamiz bo‘ladi.

Birinchidan, mahalla – jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tom ma’noda tayanch bo‘g‘iniga aylanishi uchun barcha sharoitlarni yaratamiz.

Mahalla tizimining huquq va vakolatlari kengaytirilib, moliyalashtirish manbalari va tartibi takomillashtiriladi. Mahallada fuqarolar uchun davlat va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, davlat organlariga mahalladan turib murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Ikkinchidan, tuman, shahar hamda viloyat darajasida vakillik va ijro hokimiyati tizimini qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida kamida 2–3 nafar deputat doimiy asosda ishlaydigan tartib joriy etiladi. Mahalla muammolarini doimiy o‘rganib, bartaraf etishda mahalliy deputatlarning faol ishtiroki ta’minlanadi.

Tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod tegishli Kengashda eng ko‘p deputatlik o‘rnini egallagan partiya guruhi tomonidan ilgari surilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Hokimlikka nomzod xalq deputati Kengashida hududni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qilib, lavozimga tasdiqlanishi tartibi joriy etiladi.

Ichimlik va oqova suvi, ichki yo‘llar, boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, bandlik dasturini tasdiqlash tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari vakolatiga o‘tkaziladi.

Kelgusi yildan boshlab eksperiment tariqasida 28 ta tuman va shaharda hududni rivojlantirish va muammolarni hal qilish bo‘yicha hokimliklarning vakolat va imkoniyatlari kengaytiriladi.

Hududiy ijro idoralarining vakolatlar reyestri shakllantiriladi, takrorlanadigan 500 dan ortiq funksiyalar maqbullashtiriladi.

2022 yildan boshlab bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini qurish va ta’mirlashga ajratiladigan mablag‘larni taqsimlash vakolati viloyatlarga beriladi.

Uchinchidan, barcha bo‘g‘indagi ijro idoralari rahbarlari bir yillik ish dasturi va amalga oshiradigan loyihalarini jamoatchilikka ochiq e’lon qilib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yish uchun zarur choralarni ko‘ramiz.

Davlat organlari shtatlarini oshirishga cheklovlar o‘rnatiladi. Raqamlashtirish va qator funksiyalarni xususiy sektorga berish hisobidan amaldagi shtatlar qisqartirib boriladi.

Vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi.

To‘rtinchidan, kadrlar davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilinishi, uzluksiz malaka oshirish, samaradorlikni baholash va lavozim bo‘yicha o‘sishning aniq mezonlari belgilanishi uchun imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etamiz.

Ish vaqti va mehnat me’yorlari bo‘yicha talablar qayta ko‘rib chiqiladi.

Beshinchidan, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, hududiy infratuzilma dasturlari doirasidagi loyihalar ochiq e’lon qilinib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqiladigan tizim yaratamiz.

Subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar ajratish orqali nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hajmini 2 barobar oshiramiz.

Ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlarni kengaytiramiz.

Oltinchidan, xalq qabulxonalarining huquqiy maqomi oshiriladi.

“Xalqchil davlat” milliy dasturi qabul qilinadi.

Huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatini o‘rganish asosida “O’zbekiston Respublikasi qonunchiligini rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqiladi.

ADOLAT VA QONUN
USTUVORLIGI – XALQPARVAR
DAVLAT POYDEVORI

Odil sudlov, inson qadr-qimmati va huquqlari oliy qadriyat sifatida sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning asosiy mazmuni bo‘ladi.

Birinchidan, mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish doirasida ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirishga alohida urg‘u beriladi. Ularga davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni qoplash va boshqa huquqiy oqibatlarga oid masalalarni hal qilish vakolatlari beriladi.

Qaror noqonuniy emasligini ma’muriy sudda isbotlash majburiyati uni qabul qilgan mansabdor shaxsning o‘ziga yuklatilib, ular ma’muriy sud qarorini bajarmagan taqdirda “oshib boradigan” jarima va boshqa huquqiy choralarni qo‘llash tartibi kiritiladi.

Ikkinchidan, fuqaro va tadbirkorlarning ovora bo‘lishiga chek qo‘yish maqsadida, ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lishidan qat’i nazar, ariza “yagona darcha” asosida qabul qilinib, vakolatli sud tomonidan hal etilishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratamiz.

Uchinchidan, prokuratura faoliyatini fuqarolarning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltirishni ustuvor ahamiyatga ega vazifa sifatida qaraymiz.

“Qonun – ustuvor, jazo – muqarrar” tamoyili prokuratura organlari faoliyatining bosh mezoni bo‘ladi. Buning uchun mamlakatimizda qonuniylikni qat’iy ta’minlaydigan, ochiq va adolatli prokuratura tizimining yangi huquqiy asoslari yaratiladi.

To‘rtinchidan, ichki ishlar organlarini xalqqa va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, bu tizimni chin ma’noda xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida boshlangan islohotlarni izchil davom ettiramiz.

Ichki ishlar organlari faoliyatini baholashda aholi muammolarini hal etish va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi asosiy mezon etib belgilanadi. Ichki ishlar vazirligi tizimining barcha bo‘g‘inlarida Jamoatchilik kengashlari tuziladi.

Tizimda xodimlarning o‘z xizmat burchiga nisbatan mas’uliyat hissini oshirish maqsadida “Kasbiy madaniyat kodeksi” qabul qilinib, sohani ma’naviy pok, o‘z burchiga sodiq, xalqparvar va mas’uliyatli xodimlar bilan to‘ldirib borishga alohida e’tibor qaratiladi.

Beshinchidan, liberallashtirish siyosatining mantiqiy davomi sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 10 ga yaqin qilmishlarni jinoyat toifasidan chiqarish va jazoni yengillashtiradigan holatlar sonini amaldagi 9 tadan 15 tagacha ko‘paytirish choralari ko‘riladi.

Gumon bilan ushlab turilgan shaxslarni hisobga olishning yagona elektron reyestri yaratilib, ma’lumotlar reyestrga kiritilmagan hollarda ushlab turish noqonuniy deb topilishi bo‘yicha tartib joriy etiladi.

Oltinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz.

Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki haqidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan shaxslarning ochiq reyestri yuritilib, ularning davlat xizmatiga kirishi, mas’ul lavozimlarga nomzodi ko‘rsatilishi cheklanadi.

Davlat xaridlari, davlat mulkini sotish jarayonlari to‘liq ochiq tarzda tashkil etiladi va bunga keng jamoatchilik jalb qilinadi.

Yettinchidan, davlat hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul yuridik yordam nafaqat jinoyat ishlari bo‘yicha, balki fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatiladigan tizimni joriy etamiz.

Advokatura sohasiga yosh kadrlarni jalb etish maqsadida yuridik staj haqidagi talab bekor qilinadi.

XAVFSIZLIK VA OCHIQ,
PRAGMATIK FAOL TASHQI SIYOSAT BORASIDAGI USTUVOR
VAZIFALAR

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyat, qo‘shni mintaqalardagi ziddiyat va qurolli nizolar O’zbekiston Respub­likasining xavfsizligi va tinchligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.

Bugun Qurolli Kuchlarimiz har qanday tashqi xavf-xatarlarga, turli tajovuz va tahdidlarga qat’iy zarba berishga qodir bo‘lgan yaxlit va ishonchli kuchga aylanmoqda.

Mamlakatimiz mudofaa salohiyati va harbiy qudratini yanada mustahkamlash, chuqur o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritish bo‘yicha aniq va manzilli ishlarni davom ettiramiz.

Birinchidan, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi, imkoniyatlari va qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqib, amalga oshirish choralarini ko‘ramiz.

Mamlakatimizning havo hujumidan himoya tizimi davr talablaridan kelib chiqib, yanada kuchaytiriladi.

Chegaralarimiz xavfsizligi zamonaviy kommunikatsiya vositalari va texnik inshootlarni keng qo‘llash orqali yanada mustahkamlanadi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish har tomonlama kuchaytiriladi.

Ikkinchidan, tizimli va puxta o‘ylangan, pragmatik tashqi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyani faol davom ettiramiz.

O’zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasi ishlab chiqilib, unda quyidagi masalalarga alohida urg‘u beriladi:

o‘zaro savdo aylanmasi hajmini kamida 2 barobar oshirish;

sanoatda qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha yaxlit zanjirlarni va kooperatsiyani mustahkamlash;

transport sohasida tashqi savdo uchun “yashil koridorlar” hamda tranzit imkoniyatlarini kengaytirish;

xalq diplomatiyasi tamoyilini, jumladan, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi aloqalarni kuchaytirish.

Rossiya, Xitoy va AQSh, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi an’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalarimiz geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Yangi   bozorlarni   o‘zlashtirish,   investitsiya va innovatsiyalarni keng jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va eng muhimi, O’zbekiston imijini faol targ‘ib etish diplomatik vakolatxonalarning asosiy vazifasiga aylanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari va ins­titutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatimiz kuchaytiriladi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy qadamlar qo‘yiladi.

Uchinchidan, qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz. “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish hamda energetika, savdo va sanoat sohalaridagi strategik va muhim loyihalar hamkorlikda amalga oshiriladi.

To‘rtinchidan, “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz bilan doimiy va samarali aloqalar o‘rnatamiz.

Asosiy vazifasi xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etamiz.

MADANIY-MA’NAVIY
TARAQQIYOT SARI

Yangi O’zbekistonni yuksak madaniyat va ma’naviyatga ega bo‘lgan, erkin va baxtli insonlar yashaydigan mamlakatga aylantirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Birinchidan, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizni davr talablariga mos ravishda boyitish va rivojlantirish, shu orqali jamiyatning madaniy-ma’rifiy yuksalishiga erishishga qaratilgan “Yangi O’zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqish choralarini ko‘ramiz.

Ikkinchidan, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.

Uchinchidan, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot va badiiy ijod sohalarining mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan dasturlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratamiz.

Keksa avlod vakillariga – ijodkor ziyolilarga doimiy e’tibor qaratish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar ushbu sohadagi siyosatimizning muhim yo‘nalishlari sifatida yanada kuchaytiriladi.

Madaniyat va sport muassasalari, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Hududlarimizning madaniy yuksalishi, xalq hunarmandchiligini ravnaq toptirishga qaratilgan samarali va manzilli ishlar tizimli asosda olib boriladi.

To‘rtinchidan, mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, fuqarolarimizni turli mafkuraviy tahdidlardan, zararli oqim va g‘oyalardan himoya qilish masalalari bundan buyon ham ustuvor tarzda diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Boy diniy va ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi xalqaro markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ilmiy-ma’rifiy markazlar imkoniyatlari keng ishga solinadi.

Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, turli diniy konfessiyalar uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan siyosatimiz izchil davom ettiriladi.

 Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Biz saylovoldi dasturimizda belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib ishlab chiqilgan Yangi O’zbekiston strategiyasi, hech shubhasiz, Siz tomoning­izdan, jamoatchiligimiz, xalqimiz tomonidan bildiriladigan fikrlar, taklif va tashabbus­lar asosida yanada boyitiladi. Shu tariqa Strategiyani har tomonlama qayta ko‘rib chiqib, barchamiz birgalikda amalga oshiramiz!

Azizlarim, barchangizni Yangi O’zbekiston uchun,
Yangi O’zbekiston strategiyasi uchun ovoz berishga chaqiraman.

Ishonchim komil, Sizlarning taklif va tashabbuslaringiz, qo‘llab-quvvatlashingiz, saylovoldi uchrashuvlarida va saylov kunidagi faol ishtirokingiz hamda qat’iy fuqarolik pozitsiyangizdan ushbu Strategiya beqiyos kuch-qudrat olib, butun xalqimizni Yangi
O’zbekiston g‘oyasi atrofida birlashtiradigan umummilliy dastur va harakatga aylanadi.

Hech qachon unutmang, saylash va tanlash huquqi – Sizning qo‘lingizda, kelajak uchun mas’uliyat – barchamizning zimmamizda!

Ana shunday buyuk hissiyot, ishonch-e’tiqod bilan harakat qilsak, bizdan xalqimiz ham, kelajak avlodlar ham albatta rozi bo‘ladi.

DASTURNI PDF FORMATDA YUKLAB OLISH 

Teglar
  • Ko'rildi
    9017
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Timur2021-10-15 11:58:13

Ishlarizga omad


Benaz1r2021-10-14 21:18:34

Saylov oldi dasturi bo'masa ham saylovda qatnashsa boladimi?


Habibullo 2021-10-14 20:11:11

Yangi O'zbekiston yaratishizga ishonaman omad


Bekzod 2021-09-30 12:33:02

saylov oldi dasturingiz yoqdi usha uchun sizga avoz beraman


G'ulomjon 2021-09-25 13:25:03

Yangi O'zbekiston


Fikringizni qoldiring

+