O’zbekiston va ShHT: tarixiy sammit hamda amaliy tashabbuslar

20.09.2021, 20:50

O’zbekiston va ShHT: tarixiy sammit hamda amaliy tashabbuslar

Mamlakat taraqqiyoti qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro do‘stlik va qardoshlik aloqalarining mustahkamligi bilan chambarchas bog‘liq. Yana shunday murakkab va chigal muammolar borki, uni bir yoki ikkita davlat hamkorligi bilan hal qilib bo‘lmaydi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti ana shunday global muammolarni yechish, unga a’zo davlatlar iqtisodiyotini yuksaltirish, tinchligi va xavfsizligini ta’minlash masalalarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O’zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschi davlatlaridan biri. 2001 yilda tuzilgan mazkur tashkilotga bugungi kunda sakkizta mamlakat – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston a’zo.

O’tgan 20 yilda tashkilot xalqaro doirada nufuzli tuzilmaga aylandi. Bugun ShHT makoni dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, boy tabiiy resurslar, ilg‘or texnologiyalar va ulkan iste’mol bozoriga ega.

O’zbekiston ShHTga savdo-iqtisodiyot, transport va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida qaraydi.

Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisida ShHTning o‘tgan 20 yildagi faoliyatining asosiy yakunlari hamda ko‘p qirrali hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Anjumanda bugungi xalqaro munosabatlarda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli oshib borayotgani aytilib, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda o‘zaro bozorlarga chiqishni yengillashtirishni nazarda tutadigan Mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

ShHT a’zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturni tayyorlash va qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha ShHT strategiyasining qabul qilinishi mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish hamda “Sharq-G’arb” va “Shimol-Janub” yo‘laklari tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bildirildi.

O’z navbatida, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish maqsadida sammit ishtirokchilarining e’tibori ShHT makonida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini qayta tiklash muhim ekaniga qaratildi.

Zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob qaytarish uchun ShHTning axborot xavfsizligi sohasidagi ekspertlar forumini ta’sis etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz taraqqiyotida ShHTning o‘rni va salohiyati juda katta. Bu tashkilotga a’zo davlatlar teng huquqqa ega hamda o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik poydevori ustiga qurilgan bo‘lib, undan a’zo davlatlarning har biri manfaatdordir.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Xalqaro ishlar va parlamentlararo

aloqalar qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+