Samarqandda ishonchli vakil brifing o‘tkazdi

21.09.2021, 10:07

Samarqandda ishonchli vakil brifing o‘tkazdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlanishi munosabati bilan brifing o‘tkazdi.

O’zbekiston Respublikasi saylov kodeksining 43-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi. 

Ushbu tartibga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasining shu yil 15 sentyabrdagi qaroriga asosan, Rustam Xolmurodov O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili sifatida ro‘yxatga olindi. 

– Markaziy saylov komissiyasi shu yil 17 sentyabrda qabul qilgan qaroriga asosan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlandi – dedi R.Xolmurodov. – Shundan kelib chiqqan holda men bugundan boshlab 32 kun mobaynida saylovoldi tashviqotini olib borishda nomzodga ko‘maklashaman. Davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda, albatta, nomzodning manfaatlarini ifodalayman. Bu faoliyatim orqali saylovning demokratik asoslarda, ochiqlik va adolat tamoyillariga mos ravishda o‘tishiga baholi qudrat hissa qo‘shaman. Bu davrda viloyatning barcha tuman va shaharlarida, tashkilotlar, muassasalar, korxonalarda turli sohalar vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilish, jumladan, yirik ommaviy uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Prezidentlikka nomzod dasturida belgilangan asosiy g‘oya va maqsadlarni fuqarolarga jonli, hayotiy misollar orqali, samimiy suhbat va savol-javoblar asnosida tushuntiramiz. Shu bilan birga joylarda mavjud masalalar yuzasidan ham fikrlashaman.

Teglar
  • Ko'rildi
    325
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+