Amaliy ishlar bardavomligi uchun

27.09.2021, 16:52

Amaliy ishlar bardavomligi uchun

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili Temur Poyonovning Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasi saylovchilari bilan uchrashuvi hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi. Ishonchli vakil Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturini o‘qib eshittirgandan so‘ng, qo‘rg‘onchalik turli kasb egalari, nuroniy va yoshlar, tadbirkor va xotin-qizlar O’zLiDeP nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz berajaklarini bildirdilar.

-Vohamizda bir yarim mingdan ortiq yoshlar istiqomat qiladi, - dedi Jahon tillari instituti talabasi Sitora Ergasheva. - Ularning aksariyati xorij tillarini bilishmaydi, ko‘pchiligi uyushmagan yoshlar, ayrimlari esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlardir. Muhtaram Prezidentimiz bilan uchrashganimda men ham tadbirkorlik qilmoqchi ekanligimni eshitib, mamnuniyat bilan menga omad tiladilar. Joyim yo‘qligini bildirganimda bu muammoni zudlik bilan hal etishlarini aytdilar. Qisqa fursatda ajratilgan 20 ta  xonani ta’mirlab, yoshlarga ingliz tilini o‘rgatadigan “Prezident” o‘quv markazimni ochdim. Bugun ham talaba, ham tadbirkorman. Kelgusida tadbirkorligimni kengaytirib, tengdoshlarimni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganman. O’tgan besh yil mobaynida qo‘rg‘onchamiz butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Mana shu muhtasham “Madaniyat saroyi” ham ikki yil muqaddam qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu yerdagi o‘ttizdan ortiq to‘garaklarda  yoshlar bilim va hunar o‘rganishayapti. Biz qo‘rg‘onchalik yoshlar baxtli istiqbolimiz uchun g‘amxo‘rlik qilib kelayotgan Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz berishimizni baralla aytayapmiz.

-Mahallamizdagi simyog‘ochlar chirib, foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolganligi  uchun odamlar elektr nuriga yolchimasdi, -deydi “Besho‘g‘il” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Zebiniso Rustamova. – Yangilanishlar sabab xonadonlarimiz charog‘on, yo‘llarimiz ravon bo‘ldi.  “Xalq banki” xodimlari nafaqalarni keksalarning uylariga o‘z vaqtida olib borib berishyapti. Pochta eshigida sarg‘ayib kun o‘tkazgan otaxon va onaxonlarning quvonchlari cheksiz.

Kunning ikkinchi yarmiga kelib, ishonchli vakil Yakkabog‘ shahri xotin-qizlari bilan uchrashdi. Unda so‘zga chiqqanlar xalq ta’limini rivojlantirish borasidagi qilinayotgan ishlar, kollejlarda yo‘qotilgan yoshlar, 11-sinflik ta’limning qayta tiklanishi natijasida ulkan marralarni zabt etayotgan navqiron avlod, paxta qulchilik siyosatiga barham berilganligi,  o‘qituvchilar va tadbirkor ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar haqida batafsil aytib o‘tdilar.

- Men oddiygina hamshira edim, - deydi Yakkabog‘ shahridagi “SITORA IMKON PLYUS” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Nargiza Salomova. – Ammo qalbimning bir chetida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bor edi. Ammo o‘sha yillari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish nihoyatda qiyin edi.    Nodavlat muassasa ochib, yoshlar va xotin-qizlarga 15 dan ortiq yo‘nalishlarda kasb-hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘ydim. Qiynalgan kezlarimda tadbirkorlikni yig‘ishtirsammikan degan xayollarga ham borganim rost. Ammo ozod yurtimizda adolat quyoshi porlab, biz tadbirkor ayollarning yelkasiga oftob tekkandan so‘ng, fikrimdan qaytib yanada ko‘proq ishlashga, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratishga ahd qildim. Hozirgi kunga qadar  mazkur muassasada kasbiy malaka oshirgan 17 ming nafarga yaqin yoshlar va xotin-qizlar vohaning turli hududlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib,   aholi bandligi va farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelishayapti. Muassasada nogironligi bor, kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga homiylik asosida bepul kasb-hunar o‘rgatamiz. Shuningdek, muassasamiz qoshida “Aslzoda” go‘zallik va kelinlik saloni hamda tikuvchilik sexi ishga tushirilgan bo‘lib, 30 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan.

O’tgan besh yil men uchun ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi. Erishgan yutuqlar besamar ketgani yo‘q. Yurtboshimiz ikkita “Spark” avtomashinasini  sovg‘a  qildilar. 

Uchrashuvlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qahramon Ergashev, Gulshana Xudoyorova va Shahnoza Xolmaxamatovalar ishtirok etishib¸  mamlakatimizda amalga oshirilgan izchil islohotlar, barcha sohalardagi yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlar, inson omiliga e’tibor, “mahallabay” ishlash asosida kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritishdi. 

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

 

Teglar
  • Ko'rildi
    300
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+