Biz farg‘onaliklar keng ko‘lamli islohotlar tashabbuskori Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz!

29.09.2021, 10:39

Biz farg‘onaliklar keng ko‘lamli islohotlar tashabbuskori Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz!

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar Farg‘ona viloyatida ham izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, qisqa fursatda chekka Bag‘dod tumanida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, ko‘rkam shaharcha bunyod etildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev aynan Bag‘dod tumanidagi Guliston mahallasida Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Ushbu uchrashuvda men ham ishtirok etib, o‘zim va partiyamiz oldiga bir qator dalzarb vazifalarni belgilab oldim.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida mamlakatimiz, jumladan, viloyatimiz ravnaqi, obodligi va odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari yo‘lidagi olamshumul islohotlar o‘rin olganligini alohida ta’kidlash lozim.

Hammamiz yaxshi bilamizki, so‘nggi 5 yilda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar hech qachon bo‘lmagan. Partiyamizning bosh maqsadi xam tadbirkorlar va ishbilarmonlarni qo‘llab quvvatlashdir.

–  Biz 5 yilda nimadan qutuldik? Qo‘rquvdan. Tadbirkorlar bilan ko‘rishdim, ular shunday deyapti. Namanganlik tadbirkor 80 million dollar aylanma mablag‘im bor deyapti. Avval 8 ming dollar bo‘lganidayoq nazoratga olinardi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ha, keyingi yillarda tadbirkorlarga juda ko‘p qulayliklar yaratildi. Farg‘ona ham chin ma’noda tadbirkorlar yurtiga aylandi. Hozirda “Farg‘onaning tadbirkori - islohotchi” tashabbusi asosida tadbirkorlarimiz o‘z mahsulotlarini bir qator xorij davlatlariga eksport qilmoqdalar. Tadbirkorlarimizga yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, imtiyozlar hisobiga viloyatda keyingi 5 yilning o‘zida 16.000 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, 70 ming kishi ish bilan ta’minlandi. Shulardan 20.000 ga yaqin yoshlar va 25.000 ga yaqin ayollardir. Shuningdek, viloyatda 90 ta kichik sanoat zonalari ham tashkil qilindi.

Men o‘zim ham hunarmandlar mahallasida tug‘ilib o‘sganman. Avvallari ular ochiq gap qisib qimtib faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsalar, bugunchi, bugun ular yaratilgan sharoitlar tufayli oilaviy tadbirkorlikdan tortib, katta Megaloyiha egalariga aylanayotganlari hech kimga sir emas. Avvallari soliq yoki organ xodimi tadbirkorni chaqirsa, bezillab turardi. Bugun esa ular tadbirkorga ko‘makchi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, joylarda o‘tkazayotgan uchrashuvlarimizda, saylovchilar yurtimizdagi o‘zgarishlarni to‘lqinlanib, faxr-iftixor bilan ta’kidlashmoqda. Partiyamiz elektorati tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar iqtisodiy sohada olib borayotgan oqilona siyosatni qo‘llab-quvvatlagan holda saylov kuni O’zLiDeP nomzodi uchun yakdillik bilan ovoz berishga tayyor ekanliklarini aytmoqdalar. 

Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvda Farg‘ona vodiysidan yetishib chiqqan jadid bobolarimizning el-yurtimiz ma’rifati, ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini ham yodga oldi.

Albatta, biz ham bu yo‘lda sobitqadamlik bilan harakat qilib, madaniyat va san’at sohalarimizdagi islohotlar jarayonida, yoshlarni vatanparvar etib tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etamiz.

Darhaqiqat, so‘ngi yillarda mamlakatimizda “Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak” degan ezgu tamoyil hayotimizning barcha jabhalariga tatbiq etilmoqda.

Islohotlar davomi sifatida kelgusi besh yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 150 ta qishloq va 40 ta mahallani bodonlashtirish choralari ko‘riladi. Bunga 1 trillion 860 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Yozyovon, So‘x, Qo‘shtepa va Furqat tumanlarining sharoiti og‘ir 57 ta mahallasida qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga 32 million dollar mablag‘ ajratiladi. Kelgusi yildan har bir tuman va shahar budjetining kamida 5 foizi aholi murojaatlariga muvofiq, eng dolzarb muammolarni hal qilishga yo‘naltirilishi ham nomzodimiz tomonidan aytib o‘tildi.

Yana bir quvonchli voqea shuki, Farg‘onada xorijiy universitetlar bilan birga 4 ta yangi oliygoh tashkil etiladi. Talabalarni turar-joylar bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 10 ming o‘rinli yangi yotoqxonalar qurib bitkaziladi. Kelgusi yildan So‘xdagi yoshlar uchun oliygohlarga kirishda berilgan imtiyoz, Rishtonning Cho‘ng‘ara, Farg‘ona tumanining Shohimardon, Yordon va Hosilot mahallalari yoshlari uchun ham tatbiq etiladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Farg‘ona viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 40 trillion so‘m, shundan 12 trillion so‘mi budjetdan ajratiladi. Shuningdek, budjetdan yiliga 800 milliard so‘m subsidiyalar ham beriladi. Bu yangilik ham Farg‘onaliklarni cheksiz quvontirdi.

Xulosa qilib shuni aytamanki, biz farg‘onaliklar yetuk siyosatchi, keng ko‘lamli islohotlar tashabbuskori Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Rahmatullo Kamolov,

O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati.

Teglar
  • Ko'rildi
    251
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+