Ishonchli vakil norinlik saylovchilar bilan muloqot qildi

06.10.2021, 16:01

Ishonchli vakil norinlik saylovchilar bilan muloqot qildi

O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Namangandagi ishonchli vakili Ikromxon Najmiddinovning navbatdagi uchrashuvi  Norin tuman xalq ta’limi bo‘limi zalida bo‘lib o‘tdi. Tadbirga asosan mehnat faxriylari taklif etilgan. Ishonchli vakil o‘z so‘zini shu kunlarda mamlakatimizda davom etayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlardan boshladi. Davlatimiz rahbarining katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan nuroniylar, mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtiromi haqida to‘xtaldi. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida keksalarni e’zozlash, ularni moddiy  va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning holidan xabar olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, salomatliklarini mustahkamlashlari uchun sanatoriylarga yuborish kabi ezgu ishlari amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning  saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarga, jumladan, Namangan viloyati uchun 40 trillion so‘m mablag‘ ajratilishiga, keksalarni, xotin-qizlarni, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, besh yil davomida 400 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, ayni kunlarda Norin tumanini obodonlashtirish ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘ini qurish, ko‘p qavatli uylar bunyod etish bo‘yicha 7 mlrd so‘mlik qiymatga ega bo‘lgan loyihalar amalga oshirilayotganligiga e’tiborni qaratdi.

Muzokarada so‘zga chiqqan ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi rahbari Malika Tojiboyeva o‘z faoliyati misolida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalarga to‘xtaldi. Mehnat faxriysi Nozimjon Ismoilov o‘tgan besh yildagi eng muhim yangiliklar jumladan so‘z erkinligi ijro intizomi, davlat idoralari xalqqa xizmat qilish tizimi yaratilganligi, mahallabay ishlashning ijobiy natijalari haqida to‘xtaldi. Mohira Yodgorova esa milliy va diniy qadriyatlarimizning tiklanganligi, inson manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilganini  gapirib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar saylovda faol ishtirok etishlarini va munosib nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildilar.

Tadbirdan so‘ng tuman markazidagi Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini Navoiy ko‘chasida yashovchi 94 yoshli Xanafiy ota O’zbekov, “Yangi tong” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Usmon Yusupov ko‘chasida istiqomat qiluvchi To‘lashmirza Raxmonchayev, Tulpor ko‘chasida umrguzaronlik qilayotgan, 100 yoshni qarshi olgan piru badavlat onaxon Shoira Alimqulovalar xonadonlariga borildi.

Shundan so‘ng Uchqo‘rg‘on tumanidagi 19-musiqa maktabida tashkillangan uchrashuv ham ko‘tarinki ruhda davom etdi. Mehnat faxriylari Olimjon Sotiboldiyev, Abdubanno Abdumutalov, Akramjon Mamajanov, partiya tuman kengashi raisi Dilorom Esonboyevalarning dil so‘zlari barchaga manzur bo‘ldi. Ular o‘z so‘zlarida Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi Dasturida Namangan viloyati uchun alohida ahamiyat berilgani, yoshlarga xotin-qizlarga yaratiladigan imkoniyat va imtiyozlarni alohida ta’kidlab o‘tdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etib, Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

O’zLiDeP Namangan viloyat Kengashi

matbuot xizmati

Teglar
  • Ko'rildi
    339
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+