O’zbekiston bilan Turkmanistonning do‘stona munosabatlarida yangi sahifa ochildi

06.10.2021, 16:08

O’zbekiston bilan Turkmanistonning do‘stona  munosabatlarida yangi sahifa ochildi

Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq  barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratgan edi. Keyingi besh yilda chuqur o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritildi, O’zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik muhiti vujudga keldi. E’tiborlisi, mintaqadagi qo‘shnilar bilan munosabatlarda 2016 yilgacha mavjud bo‘lgan ko‘plab murakkab muammolarga yechim topildi.

O’zbekiston rahbari tashabbusi asosida mintaqaning barcha mamlakatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashinuvi amalga oshirildi. Mintaqa davlatlari yetakchilari o‘rtasidagi siyosiy muloqot o‘zaro ishonchga asoslangan muntazamlik va doimiylik kasb etdi.

Prezidentimiz taklifiga binoan kecha mamlakatimizga Turkmaniston  Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning  rasmiy tashrif bilan kelishi  mazkur davlat bilan ham do‘stligimiz barqaror va bardavom ekanini yana bir bora yaqqol namoyon etdi.

 “Har bir uchrashuvimiz tarixiy ahamiyatga ega muhim voqeadir. Barcha erishilgan kelishuvlar hayotga tatbiq etildi va xalqlarimizga xizmat qilmoqda. Bugun sherikligimizning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qilish va uzoq muddatli istiqbolga yangi “o‘sish nuqtalarini” belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Sizning tashrifingiz mintaqaviy va xalqaro maydonda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi”, - deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev muloqot chog‘ida.

O’z navbatida Turkmaniston Prezidenti mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajaga yetganini qayd etdi.

“O’zbekiston – bizning yaqin qo‘shnimiz va strategik sherigimiz.  Keyingi yillarda hamkorlik  jadal rivojlanib bormoqda. Bu siyosatda ham, savdo-iqtisodiy sohada ham, madaniy-gumanitar sohada ham o‘z aksini topmoqda. Mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Chunki maqsadlarimiz hamohang”, dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Uchrashuvda davlat rahbarlari ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholadilar.

Keyingi to‘rt yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobarga ko‘payib, 400 million dollardan oshdi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash yana 25 foizga ortdi.

Turli tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan  avtomobillar yig‘ish, kimyoviy mahsulotlar, elektr texnikasi va maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, paxta tolasi va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, logistika infratuzilmasini yaratish ham ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.

Tomonlar transport sohasida va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.  Bu boradagi o‘zaro muvofiqlashtirilgan qo‘shma sa’y-harakatlar yuk tashishlar hajmini oshirish hamda tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

 Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va o‘zaro anglashuvni kuchaytirishning muhim omili bo‘lgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Muzokaralarda, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot garovi ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar xalqaro maydonda, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin muloqotni davom ettirish va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldilar.

Tashrif doirasida ko‘p qirrali O’zbekiston-Turkmaniston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi jami 23 ta hujjat imzolandi.

Pirovardida shuni ta’kidlash kerakki, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qanchalik kengaysa,  shunchalik yaxshi. Hamkorlik, sheriklik qizg‘in tus olgandagina barcha sohalarda jadal taraqqiyot, o‘sish bo‘ladi.  Tarixdan ma’lumki, hech bir davlat yakka o‘zi, tashqi dunyodan uzilgan holda taraqqiy etolmagan. Bunday davlat qoloqlikka, zaiflikka mahkum. Do‘stona aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan o‘lkalar esa, aksincha, gullab-yashnaydi.  O’zbekiston qo‘shni davlatlar  bilan strategik  sheriklikni tobora mustahkamlash yo‘lidan boryaptiki, bunday oqilona siyosatni partiyamiz to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Xalqaro ishlar va parlamentlararo

aloqalar qo‘mitasi a’zosi,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

   

  • Ko'rildi
    416
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+