Ishonchli vakil paxtachilik saylovchilar bilan uchrashdi

07.10.2021, 18:53

Ishonchli  vakil paxtachilik saylovchilar bilan uchrashdi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O’zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi Ishonchli vakili Rustam Xolmurodov  Paxtachi tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.

Tadbirda Ishonchli vakil so‘zga  chiqib, nomzodning o‘tgan 5 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlari haqida to‘xtaldi. Xususan, yurtimizda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim, sanoat, iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan keng – ko‘lamli islohotlar bugun o‘z mevalarini berayotganligini ta’kidlar ekan, nomzodning keyingi 5 yillikka mo‘ljallangan dasturi  Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning uzviy davomi ekanligini e’tirof etdi.

- Unda avvalo inson omili, inson qadrini ulug‘lash eng muhim vazifa qilib belgilanganligi alohida tahsinga sazovordir. Yaqin o‘tmishda shahar markazlarida har kuni 4-5 soatlab elektr chiroqlari o‘chardi. Olis qishloqlarimizni-ku aytmay qo‘ya qolay. Shaharlarimizdagi ayrim ko‘chalardan tashqari yo‘llarning ahvoli abgor edi, uzoq tumanlarimiz haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bugun nafaqat shahar markazlari hatto olis qishloqlarimizda ham chiroq o‘chmaydi. Yo‘llar navbatma-navbat Davlat dasturi asosida ta’mirlandi va ta’mirlanmoqda. Chekka hududlarda oilaviy poliklinikalar, zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar qad rostlamoqda. Ilgari biror tashkilot rahbariga dardingizni aytsangiz eshitarmidi? Hozir telefon orqali murojaatingizni yozib qoldiring ertasi kuni o‘sha tashkilot mutasaddisi murojaatingizni o‘rganish uchun uyingizga keladi. Bugun mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha  tizimi - xalqni rozi qilish tamoyili shakillandi.  Bugun qaysi yurtdoshimiz bilan gaplashmaylik, “Shu ishlarni bajarsa bo‘lar ekan-ku” deya e’tirof etishyapti. Bu islohotlar albatta Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog‘liq! ,- dedi R.Holmurodov.

Shuningdek, uchrashuvda nomzodning Samarqand viloyatini keyingi 5 yillikda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mo‘ljallangan dasturda, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va Toyloq tumanlarida 400 Megavattli quyosh elektr stansiyalari va kichik GESlar ishga tushirilishi,  “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari davom ettirilishi, 5 yilda markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan 84 foizga, oqova suv tizimi 12 foizdan 35 foizga yetkazilishi, 8 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘li va ichki ko‘chalar, 270 ta ko‘prikni qurish-ta’mirlash uchun  4 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilanganligi haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda o‘tgan 5 yilda hayotida tub burilish yasagan islohotlar haqida o‘rtoqlashar ekan, O’zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodning dasturi O’zbekistonning jadal rivojlanishiga xizmat qilishini e’tirof etishdi va kelajak uchun, vatan ravnaqi, inson qadri uchun Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati

Teglar
  • Ko'rildi
    277
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+