“Tashviqot ishlariga butun kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilyapmiz”
08.10.2021, 11:40

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga sanoqli kunlar qolgan shu pallada O`zLiDePning tashkiliy va mafkuraviy faolligi g‘oyat qizg‘in tus oldi. Partiyamiz tashabbusiga ko‘ra Farg‘ona viloyatida ham bu yo‘nalishda targ‘ibot guruhi tuzildi. Unga parlament quyi palatasi deputati, O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva rahbarlik qilyapti. Mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz, aholi orasida katta nufuzga ega faollarimizdan iborat mazkur guruh targ‘ibot ishlarining samaradorligini ta’minlashga muayyan hissa qo‘shayotganini e’tirof etish zarur. 10 kun ichida targ‘ibot guruhi Toshloq, O’zbekiston, Beshariq, Furqat tumanlari va Qo‘qon shahridagi o‘nlab turli tashkilotlar, muassasalarda bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Navbatdagi muloqot O’zbekiston tumanidagi Yaypan madaniyat uyida tashkil qilindi. Targ‘ibotchilar o‘z chiqishlarida Prezident saylovi yangilanayotgan mamlakatimizning uzviy bir qismi, yurtdoshlarimizning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishining asosiy shakli ekani, shu bois bu ulkan siyosiy tadbir saylovni tashkil etuvchilarga ham, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarga ham, saylovchilarga ham – barchaga g‘oyat katta mas’uliyat yuklashini ta’kidladilar.
M.Xo‘jayeva so‘z olib, keyingi besh yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan xalqchil islohotlar samaralari, partiyamizdan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev yangilanishlarni davom ettirishni maqsad qilgani to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi. Jumladan, Yangi O’zbekiston strategiyasi ta’lim sohasida ham yangi ufqlarni ochayotgani to‘g‘risida gapirdi.
O’tgan besh yil mobaynida mazkur yo‘nalishga oid o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi. Ta’limning barcha tizimlarida majburiy mehnatga butunlay barham berildi. 14 mingdan ortiq zamonaviy bog‘chalar ishga tushirildi. Maktab o‘qituvchilarining maoshi ikki barobarga oshirildi. Xususiy ta’lim muassasalari soni 7 barobarga ko‘paydi. 10 ta nodavlat hamda 26 ta xorijiy OTM filiallari tashkil etildi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 martaga ko‘payib, 25 foizni tashkil qildi. Shuningdek, boshqa ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Eng muhimi, tizimni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar davom etmoqda va bu jarayon kelgusida ham to‘xtamaydi. Partiyamiz nomzodi bu borada keng miqyosli, salmoqli maqsad-rejalarni e’lon qildi. Masalan, kelgusida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2 baravarga oshirilib, 100 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi esa 2030 yilda 60-70 foizga yetkaziladi. Mamlakatimizdagi xorijiy universitet va institutlarning soni 200 taga yetkaziladi.
Targ‘ibot guruhi rahbari so‘zi yakunida to‘planganlarni partiyamiz nomzodi amalga oshirgan va amalga oshirajak ishlarni chuqur mushohada qilishga va shu asosda uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Tadbirda saylovchilarga nomzodning saylovoldi dasturi tarqatildi. San’atkorlar kuy-qo‘shiqlari, raqslari ishtirokchilarni mamnun etdi.
— Prezident saylovi mamlakatimizda uyg‘onish davri poydevori bunyod etilayotgan mas’uliyatli bosqichda bo‘lib o‘tayapti, — dedi biz bilan suhbatda M. Xo‘jayeva. — Hozirgi odamlarning dunyoqarashi kechagidan farq qiladi, ularning huquqiy va siyosiy savodxonligi ancha o‘sgan. Shu bois har bir tadbirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayapmiz, jamoat tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikni kuchaytirdik. Qisqasi, partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodga aholi munosabatini, ijobiy fikrini shakllantirish, kishilarni siyosiy kampaniyada faol ishtirok etishga chaqirish, umuman, tashviqot ishlariga butun kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilayapmiz.
O'xshash yangiliklar
-
Istiqbolli rejalar - oliy maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladi
22.10.2021, 19:03
-
Fransiyalik xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv
22.10.2021, 18:59
-
Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi
21.10.2021, 16:14
-
O’zLiDeP tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil qilindi
20.10.2021, 17:03
-
Toshkentlik saylovchilar bilan ochiq muloqot bo‘ldi
19.10.2021, 16:44
Fikringizni qoldiring