Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

08.10.2021, 17:36

Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Termiz shahrida surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirni nomzodning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili A.Eshmuratov ochdi. So‘z Shavkat Mirziyoyevga berildi.

- Surxon – ko‘hna sivilizatsiyalar, boy tarix va madaniyatni mujassam etgan qadimiy zamin. Tarixda Boxtar, Tohariston, Chag‘oniyon kabi davlatlar, Kushondek buyuk imperiyalar aynan shu hududda gullab-yashnagan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda ham viloyat izchil rivojlanayotgani, shahar, qishloq va mahallalar obod bo‘lib, odamlarning hayot darajasi o‘sib borayotgani ta’kidlandi.

Nomzod o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid o‘nta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.

Aholining yashash sharoitlarini yaxshilash birinchi ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Avvalambor, 2022-2026 yillarni Surxondaryoda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash besh yilligi deb e’lon qilib, 1 ming 700 kilometr tarmoqlar qurish rejalashtirilgan. To‘palang suv omboridan Termizgacha tortiladigan 361 kilometrlik magistral suv tarmog‘i shuning bir qismi bo‘ladi.

Shuningdek, uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar qurish, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash choralari ham aytildi.

Viloyatda meva-sabzavotlar eksporti so‘nggi uch yilda 2 barobar oshib, 100 million dollarga yetgan. Shavkat Mirziyoyev bu sohadagi salohiyatni to‘liq ishga solib, ushbu ko‘rsatkichni kamida 500 million dollarga yetkazish mumkinligini ta’kidladi.

Nomzod dasturidagi yana bir muhim yo‘nalish – sanoatni rivojlantirib, eksport va investitsiya hajmlarini ko‘paytirish. Jumladan, viloyat iqtisodi o‘sishiga turtki beradigan 10 ta mega-loyihani ishga tushirib, jami 5,1 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirish va 22 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Umuman, kelgusi besh yilda sanoat tarmoqlarida 6,6 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yangi oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar ochish, tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar sig‘imini oshirish, oliy ta’lim qamrovini 25 foizdan 50 foizga yetkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Yaqin besh yilda Surxondaryo viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga 50 trillion so‘m yo‘naltirish va jami 320 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingani ta’kidlandi.

– Kelgusi besh yilda yurtimizda, jumladan, Surxondaryo viloyatida amalga oshiradigan barcha islohotlarni “inson – jamiyat – davlat” degan mutlaqo yangicha tizim asosida tashkil etamiz. Islohotlar natijasi, avvalo, har bir inson, har bir oila va mahalla hayotida yaqqol sezilishi uchun barcha imkoniyatlarimizni to‘la safarbar etamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda partiya a’zolari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Ular viloyatni rivojlantirish, joylardagi muammolarni hal etish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi, bo‘lajak Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    945
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+