Surxondaryoliklar timsolida Yangi O’zbekistonni barpo etayotgan chinakam vatanparvar insonlarni ko‘ramiz

11.10.2021, 10:12

Surxondaryoliklar timsolida Yangi O’zbekistonni barpo etayotgan chinakam vatanparvar insonlarni ko‘ramiz

O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod – Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda vohada qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar bilan birga ba’zi muammolarga to‘xtalib o‘tdi,  kelgusi besh yillikda amalga oshirilishi mo‘ljallangan dasturlar xususida so‘z yuritdi.

Xususan, kelgusi besh yilda 20 ming xonadonli 600 dan ziyod ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi, shundan, qariyb 3 mingta xonadon ehtiyojmand oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti bo‘yicha 120 milliard so‘mlik subsidiya berilishi,  “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 150 ta qishloq va mahallani obod qilish, ijtimoiy soha ob’ektlari va ichki yo‘llarni qurish-ta’mirlash ishlariga har yili 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi aytib o‘tildi.

-Viloyatning tuman va shaharlarida sanoat bir maromda o‘sayotgani yo‘q. Bu borada Surxon vohasining Alloh bergan mavjud tabiiy, noruda va qazilma resurslaridan to‘liq foydalana olmayapmiz,- dedi Sh. Mirziyoyev. -  Shuning uchun, viloyatda investitsion va tadbirkorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, kelgusi besh yilda sanoat tarmoqlarida 6,6 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 130 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Prezidentlikka nomzod viloyat uchun asosiy drayver bo‘lgan qurilish materiallari, to‘qimachilik, ipakchilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal kabi sohalardagi loyihalarga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlab, jumladan, qurilish materiallari sanoatida 1 milliard dollarlik 900 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 14 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishini, ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga ko‘payishi, hamda yiliga 670 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 280 million dollarlik eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Sh. Mirziyoyev saylovchilar huzurida yurt istiqboli, mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan saylovoldi dasturini bayon qilar ekan, surxondaryoliklar timsolida Yangi O’zbekistonni barpo etayotgan chinakam vatanparvarlarni ko‘rayotganini, ular bilan faxrlanishini izhor etdi.

Zotan, Vatan taraqqiyoti, O’zbekiston ravnaqi uchun jonkuyarlik, fidoyilik ko‘rsatgan xalqning kelajagi porloq va nurafshon bo‘ladi. Bunga shak-shubha yo‘q.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    412
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+