Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini bayon etdi

11.10.2021, 16:52

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini bayon etdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 11-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning viloyat bo‘yicha ishonchli vakili T.Poyonov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Bu dastur iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘nta ustuvor yo‘nalishdan iborat.

- Qashqadaryo to‘g‘risida o‘ylaganimda, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rganimda, meni eng ko‘p qiynaydigan masala – bu hudud aholisiga munosib hayot, to‘kin dasturxon va doimiy daromad manbalarini ta’minlab berish, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois nomzodning besh yillik dasturida 400 mingta ish o‘rni yaratish eng asosiy maqsad etib belgilangan. Buning uchun tadbirkorlikni rivojlantirish, yirik korxonalar infratuzilmasidan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Jumladan, viloyatdagi yirik sanoat korxonalari yonida 75 ta yangi kichik sanoat zonasi ochib, 25 mingta doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qarshi aeroporti yaqinidagi 120 gektar maydonda sanoat texnoparki tashkil etish 10 mingta ish joyi ochish imkonini beradi.

Qashqadaryoda ko‘pchilikning daromadi qishloq xo‘jaligiga bog‘liq. Shu bois dasturda bu sohani rivojlantirish, mahsulotlarni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Urug‘lik va navlarni yaxshilash, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yangilash, yerlarni suv bilan barqaror ta’minlash choralari belgilangan. Xususan, Qarshi nasos stansiyalari kaskadini rekonstruksiya qilib, 400 ming gektar maydonning suv ta’minotini yaxshilash mo‘ljallangan.

Nomzod investitsiya va eksport sohalaridagi rejalarini ham aytdi. Qayd etilganidek, kelgusi besh yilda sanoat tarmoqlarida qariyb 10 milliard dollarlik 2 mingdan ziyod katta-kichik loyihalar amalga oshiriladi va 150 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Xususan, yangi kimyo klasteri tashkil etilib, jami 2,7 milliard dollar bo‘lgan 12 ta loyiha amalga oshiriladi. Nishon, Kasbi, Mirishkor va Yakkabog‘ tumanlarida to‘qimachilik korxonalari ochiladi. Qurilish materiallari tarmog‘ida 740 million dollarlik 430 ta, oziq-ovqat sanoatida 320 million dollarlik 185 ta loyiha bajariladi. 

Umuman aytganda, kelgusi besh yilda Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 60 trillion so‘m ajratiladi.

Nomzodning dasturida aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish, salomatligini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘plab rejalar belgilangan. Jumladan, kelgusi besh yilda toza ichimlik suvi bilan ta’minot darajasini 47 foizdan 80 foizga yetkazish mo‘ljallangan.

Joriy yildan boshlab, “Bog‘dod tajribasi” asosida uylar, sanoat korxonalari va ijtimoiy infratuzilmani o‘z ichiga olgan Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etilishi ta’kidlandi. “Toshkent-Termiz” avtomobil trassasining 60 kilometr qismi va ichki yo‘llar ta’mirlanishi aytildi.
Tibbiyot, ta’lim, madaniyat, sport sohalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuv qatnashchilari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan suhbatlashdi. Ular viloyatni rivojlantirish imkoniyatlari, joylardagi muammolar bo‘yicha fikrlarini bildirdi. Nomzod aholi takliflarini o‘z dasturiga kiritish va amalga oshirishga va’da berdi.

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    740
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+