Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

13.10.2021, 19:31

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning viloyat bo‘yicha ishonchli vakili Q.Sanaqulov ochdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Nomzodning dasturida mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, qonun ustuvorligi va tinchlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘nta yo‘nalish belgilangan. Jumladan, Navoiy viloyatidagi ulkan imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, tuman va shaharlar, qishloq va mahallalarni rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish bo‘yicha besh yillik reja ishlab chiqilgan.

Avvalo, aholini kasbga o‘rgatish chora-tadbirlariga to‘xtalib o‘tildi. Shu maqsadda Navoiy konchilik instituti negizida qariyb 15 ming talabani o‘qitadigan Politexnika universiteti tashkil etilishi aytildi. Umuman, kelgusi besh yilda 60 mingga yaqin ishsiz va yoshlar kasb-hunar va biznes ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ham ulkan maqsadlar qo‘yilgan. Navoiy shahrida 4 ming va tumanlarda 14 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar, Zarafshonda Sanoatchilar shaharchasi hamda Karmana tumanida “Bag‘dod tajribasi” asosida Yangi O‘zbekiston mavzesi qurilishi rejalashtirilgan. Kelgusi besh yilda ming kilometrdan ziyod ichimlik suvi va 5 ming kilometr elektr tarmog‘i, 6 ming kilometr avtomobil yo‘llari qurilishi mo‘ljallangan.

Nomzodning dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish, ish o‘rinlari va eksportni ko‘paytirish eng asosiy vazifalar etib belgilangan. Xususan, Navoiy viloyatida kelgusi besh yilda 9 milliard dollarlik 2 ming 200 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, 75 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Umumiy qiymati 3 milliard 400 million dollar bo‘lgan gaz-kimyo texnologik klasteri tashkil etish, qariyb 3 milliard dollarlik 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirish shular jumlasidandir.

To‘qimachilik sanoatida 120 ta yirik loyiha doirasida 27 mingta, charm-poyabzal tarmog‘ida 68 ta loyiha natijasida 13 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Tog‘-kon sanoatida 52 ta loyiha bajarilib, 7 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi.

Umuman, kelgusi besh yilda ishga tushiriladigan quvvatlar hisobiga, hududiy eksport hajmi 6 barobarga ko‘payib, 900 million dollarga yetkaziladi.

Viloyatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali 70 mingta yangi ish joylari yaratish mo‘ljallangan. Buning uchun har bir mahallaga hokim yordamchisi biriktirilib, aholiga tashkiliy-moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har yili 500 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, ekin yerlarini lazerli tekislash, suv ta’minotini yaxshilash, meva-sabzavotchilik va chorvachilikni kengaytirish borasidagi rejalar ma’lum qilindi.

Tibbiyot va ta’lim maskanlari qurish, xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari ham qayd etildi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Navoiy viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 40 trillion so‘m ajratilishi, jami 180 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi maqsad qilingan.

- Bugun – doimiy harakat zamoni, chinakam kurash zamoni. Bu kurashda biz g‘oliblar safida bo‘lishimiz shart. Agar ana shunday ulug‘ ishonch bilan yashasak, ishlasak, albatta natija bo‘ladi. Jonajon O‘zbekistonimiz albatta eng rivojlangan davlatlar qatoriga kiradi. Bu maqsadlar yo‘lida men butun xalqimiz qatori Navoiy ahliga suyanaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv qatnashchilari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy suhbat bo‘ldi. Ular viloyatni rivojlantirish imkoniyatlari, joylardagi muammolar bo‘yicha fikrlarini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev aholi takliflarini o‘z dasturiga kiritish va amalga oshirishga va’da berdi.

Teglar
  • Ko'rildi
    766
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Насирова Шаира Нармурадовна Кармана туман Кенгаши депутати2021-10-16 10:54:18

Бугунги кунда амалга оширилаётган улкан ислоҳотлар ҳар бир юртдошимизнинг ҳаётида акс этаётганлигини эътироф этиб, инсон қадри, Ватан равнақи ва фарзандлари келажаги учун Шавкат Мирзиёев номзодини қўллаб-қувватлашга барча чақираман ва албатта ўзим, фарзандларим билан овоз беришда фаол иштирок этаман.


Fikringizni qoldiring

+