Partiya vakillari va deputatlar Buvayda tumanida saylovoldi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi

14.10.2021, 19:51

Partiya vakillari va deputatlar Buvayda tumanida saylovoldi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi

O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi targ‘ibotiga bag‘ishlangan uchrashuvlar Farg‘ona viloyati bo‘ylab davom etmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri Buvayda tumanidagi 17-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tdi.

Ertangi kun va vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan yuzlab saylovchilar jam bo‘lgan uchrashuvda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mavluda Xodjeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova hamda mahalliy Kengash deputatlari, targ‘ibot guruhi a’zolari, partiya faollari ishtirok etdi.

Mavluda Xodjeva nomzodning Saylovoldi dasturida “Sifatli ta’lim – inson kapitalini rivojlantirishning hal qiluvchi omili” yo‘nalishiga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, uzluksiz ta’lim tizimi uchun milliy o‘quv dasturini joriy etish, ta’lim sifatini oshirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek 2024 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimiga to‘liq qamrab olinadi. Yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish va ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratiladi. 2026 yilga qadar o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlanib, amalda joriy etiladi, deya e’tirof etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova ham nomzodning, maktab o‘quvchilari hamda oliygoh talabalari, o‘qituvchilarni qishloq xo‘jalik ishlariga majburiy jalb etishga chek qo‘yilgani, “Odamlar davlat idoralariga emas, davlat idoralari odamlarga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya kundalik hayotimizga chuqur kirib borayotgani, kambag‘allik rasman tan olinib uni bartaraf etishga kirishilgani, ta’lim sohasida olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari yillar davomida yurtdoshlarimiz orzu qilgan ulkan bunyodkorlik jarayonini qishloqlarimizga, mahallalarga olib kirgani, bu dasturlar doirasida ko‘plab dardli muammolarga yechim topilganini aytib o‘tdi.

Xuddi shunday targ‘ibot tadbirlari Buvayda tuman madaniyat markazi hamda Yangiqo‘rg‘on madaniyat uyida ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda Mavluda Xodjayeva nomzodning saylovoldi dasturi, ayni kunga qadar olib borgan siyosiy faoliyati haqida yig‘ilganlarga atroflicha tushunchalar berdi. Xususan, o‘tgan davrda nomzod tomonidan mamlakatimizda fan, ta’lim, tibbiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot sohalarida amalga oshirilgan izchil islohotlar, o‘z mevasini berayotganligini ta’kidlar ekan, ushbu ulkan o‘zgarishlar Shavkat Mirziyoyev faoliyatning mahsuli ekanligiga alohida urg‘u berdi.

Diqqatga sazovor tomoni, nomzodning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalar ham eng avvalo inson manfaatlariga, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan qadrli ekani aytib o‘tildi.

Shuningdek “Yangi O’zbekiston strategiyasi” kitobini va unda qayd etilgan yangi islohotlar yo‘nalishlarini tanishtirish bilan bog‘liq fikrlari ham saylovchilarni befarq qoldirmadi. Partiya nomzodining insonning qadr-qimmati va uning rivojlanishi, barcha aholining huquq va erkinliklarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, ijtimoiy siyosat, ta’lim, so‘z erkinligi va o‘z-o‘zini ifoda etish, hayot va xavfsizlik darajasini yaxshilash kabi ustuvor vazifalarni o‘z ichiga olgan saylovoldi dasturi jam bo‘lganlarga saylovdagi qat’iy tanlov qarorini ulashdi desak xato bo‘lmaydi.

Buvayda tumani bo‘ylab targ‘ibot uchrashuvlari tumandagi “Prof tekst plyuls”  ishlab chiqarish korxonasida davom etdi.  Uchrashuvda nomzodning saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar xususida fikr yuritildi O’tgan 5 yillikda xotin-qizlar uchun yaratib berilgan imtiyozlar, tadbirkorllarga qaratilgan e’tibor va imkoniyatlar xaqida tushuncha berildi.

1000 ga yaqin ishchi xodimlarni o‘z ichiga olgan korxona so‘ngi besh yilda eksport salohiyatini yanada oshirishga erishgan. Bu haqida korxona rahbari Akromjon Abdullayev faxrlanib gapirdi.  Ayniqsa 370 nafar xotin-qizlar mazkur korxonaga ishga joylashtirilgani ham g‘oyat quvonarli, sababi 370 oilaning rizqiga rizq qo‘shilmoqda, deya so‘z yuritdi korxona rahbari.

Uchrashuv yakunida korxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ishtirokchilar bir ovozdan Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishlarini mamnuniyat bilan bildirdilar.

O’zLiDeP Farg‘ona viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    418
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+