Ishonchli vakil Zafarobodliklar saylovchilar bilan uchrashdi

14.10.2021, 19:56

Ishonchli vakil Zafarobodliklar saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyat bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambek Uzakov Zafarobodlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Tuman Madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Feruza Nigmatova, O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi Erkin Xolmatov, mahalliy Kengash deputatlari, targ‘ibot guruhi a’zolari, partiya faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvlar davomida ishonchli vakil dastlab yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi va Saylovoldi dasturidagi  ustivor yo‘nalishlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Muloqot davomida Saylovoldi dasturidagi boshqa yo‘nalishlar bilan bir qatorda faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko‘mak – kambag‘allikni qisqartirishning muhim omili ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.

Saylovoldi dasturida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish eng muhim vazifalardan biri bo‘ladi. Buning uchun, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot doirasida shakllantirilgan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 60 ga yaqin yangi tashabbus va takliflarni nazarda tutuvchi dastur amalga oshiriladi.

Korxonalarga mol-mulk solig‘i stavkasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi sezilarli kamaytiriladi. Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyati yaratiladi. Kasbga o‘qitish ko‘lami 2 barobar oshirilib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarlarga o‘qitiladi va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtiroki 30 foizga yetkaziladi. Kelgusi uch yilda uy-joyga muhtoj 10 mingdan ziyod xotin-qizlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini 3 barobar oshirishni ko‘zda tutuvchi Milliy dastur ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Dasturda ilgari surilgan boshqa ustivor yo‘nalishlar bilan birga amalga oshiriladigan bu vazifalar, avvalambor, aholining turmush farovonligini oshirishga, elimiz ravnaqi, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Uchrashuvlar davomida so‘zga chiqqanlar  yurtimizda sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgan islohotlar uzviyligini yoqlashlarini bildirib, O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.

                            O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

matbuot xizmati

Teglar
  • Ko'rildi
    249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+