Qashqadaryoni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi

14.10.2021, 20:26

Qashqadaryoni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi

Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea – O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Nomzodlar joylarda saylovchilar bilan uchrashib, hududni rivojlantirishga doir maqsad va vazifalarini e’lon qilmoqdalar.

Kecha, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashib, vohani har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslarni ilgari surdilar. Ahamiyatga molik jihati kelgusidagi vazifalar markaziga inson va yana bir bor inson manfaatlari qo‘yilgan.

Bilamiz, yosh avlod ertangi kunimiz, umidimiz. Ularni ta’lim tarbiyasiga o‘zimizni ayamasdan qanchalik yaxshi e’tibor qaratsak, ertaga bu o‘z mevasini, natijasini albatta beradi. Chunki ilm-fan rivojlanayapti, zamonaviy texnologiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan nomzodimiz tomonidan ta’limning barcha bo‘g‘inlariga birdek e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Birgina Qashqadaryo viloyati misolida olib qaraydigan bo‘lsak, uchrashuvda Shavkat Miromonovich tomonidan viloyatda maktabgacha ta’limni rivojlantirishga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilishi aytildi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 62 foizga yetkaziladi. Buning uchun 40 ta davlat va 38 ta xususiy, 1 mingta oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi. Koson va Shahrisabz pedagogika kollejlari bazasida “Maktabgacha ta’lim klasteri” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G’uzorda bog‘cha to‘lovi miqdori 2 barobarga kamaytiriladi.

Shu sohada mehnat qilgan inson sifatida aytishim mumkinki, bu ishlar nafaqat soha vakillarini balki ota-onalarni ham birdek quvontirdi desam to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki har bir ota-ona farzandini yaxshi sharoitda, yaxshi muhitda tarbiya topishini, bilim olishini istaydi. Shu ma’noda ta’bir joiz bo‘lsa qashqadaryolik ota-onalar, maktabgacha ta’lim fidoyilari bo‘lajak saylovda Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashlariga ishonchim komil.

Umuman olganda, keyingi besh yilda nafaqat maktabgacha ta’lim sohasida balki, barcha sohalarda o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bularning barchasi Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bog‘liq. Tan olish kerak Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida hayotimiz yaxshi tomonga o‘zgardi. Erkinroq, farovonroq yashay boshladik.  Masalan, keyingi  besh yil ichida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yildi, valyuta bozori erkinlashtirildi, majburiy mehnat tugatildi, universitetlarga qabul kvotalari oshirildi, davlat organlarining ochiqligi bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi, tadbirkorlik muhiti yaxshilandi, so‘z erkinligi qaror topdi va insonlar manfaatlari ko‘zlangan boshqa talay  o‘zgarishlar yuz berdi.

Garchi ana shunday salmoqli muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, nomzodimiz ularni tom ma’nodagi Yangi O’zbekiston barpo etish yo‘lidagi dastlabki qadamlar deb baholamoqda. Va erishilayotgan natijalardan aslo qoniqmaslikka, muvaffaqiyatlarga mahliyo bo‘lmaslikka, mavjud ahvolni haqqoniy, ishlarni  esa tanqidiy baholashga, doim marrani baland olishga, islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishga da’vat qilmoqda.

Imkoniyatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni INSON farovonligi, erkinligi, xavfsizligi va qadrini hamma narsadan ustun deb bilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga ovoz berishga chaqiraman.

Shaxnoza Xolmaxmatova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    322
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+