Innovatsion g‘oyalar uchun ovoz beramiz!

15.10.2021, 17:05

Innovatsion  g‘oyalar  uchun  ovoz  beramiz!

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sh. Mirziyoyevning Qashqadaryodagi ishonchli vakili Temur Poyonov Muborak gaz konlari boshqarmasi  majlislar zalida muboraklik gazchilar bilan uchrashdi. So‘zga chiqqanlar gazchilar shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, neft va gaz sanoatidagi yangilanishlar, aholi bandligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan tadbirkorlikka keng yo‘l ochilganligi, islohotlar samarasi insonlar hayotida namoyon bo‘la boshlaganligini alohida e’tirof etdilar.

Muborak gazni qayta ishlash zavodida o‘tgan besh yil  mobaynida yillik quvvati 6 mlrd. metr kub tabiiy gazni qayta ishlashga mo‘ljallangan 3 ta yangi texnologik bloklar ishga tushirildi. Yillik quvvati 80 ming tonnaga mo‘ljallangan yangi oltingugurt sexi ishga tushirilib, eksport hajmi oshirildi. Aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida mavjud 3 ta qurilma to‘liq modernizatsiya qilinib, 4-texnologik blok qurilib, foydalanishga topshirildi. Kelgusida yo‘l qurilishi uchun oltingugurtli bitum va beton, polimerli oltingugurt ishlab chiqarish  yo‘lga qo‘yilgan. 

 Ishonchli vakil kunning ikkinchi yarmiga kelib, Musiqa va san’at maktabida tuman yoshlari bilan uchrashdi.

 - Yangilanayotgan O’zbekistonimizda yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash, islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratib kelinmoqda, -  dedi 1 - maktab Yoshlar Ittifoqi yetakchisi Zarina Yo‘ldosheva. – Nomzodimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy g‘amxo‘rligi, mehru muhabbati yoshlar qalbida umid va ishonch uyg‘otmoqda, ular yuksak e’tibordan ilhom va ruh olib,   shijoat bilan olg‘a intilgan holda ertangi kunimiz umidli qo‘llarda ekanligi amalda namoyon etmoqdalar. Bu yurtimizda sog‘lom va barkamol, mard hamda vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish borasidagi keng ko‘lamli, ulug‘vor ishlarning mevasi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Zero, uchinchi Renessansdan ko‘zda tutilayotgan maqsad ham yoshlarning intilishi, aqlu zakovati, bilim va malakasini davr talablariga hamohangligini ta’minlashdan iboratdir. Davlatimiz rahbarining “Men har gal uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi... Sizlarni O’zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman” degan so‘zlari biz yoshlarni  el-yurt ravnaqi yo‘lidagi ulug‘vor ishlarga undaydi, nurli istiqbolimizni barpo etish yo‘lidagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashishga da’vat etadi. Amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashini ta’minlashga xizmat qilayotir.  Iqtidorimiz va qobiliyatimizni namoyon etgan holda  yurtimizni sharafini butun dunyoga tanitishdek ezgu maqsadlarni yo‘lida sobitqadamlik uchun ovoz  beramiz. 

-Prezidentlikka nomzod Sh. Mirziyoyevning saylovoldi dasturi o‘rin olgan yosh avlod kamoli yo‘lidagi g‘oyalar bizni yanada ko‘proq bilim olishga, nurli istiqbolimiz yo‘lida fido bo‘lishga da’vat etadi, - dedi 5-maktab yetakchisi Dildora Rahmonova. - Bugungi uchrashuvimizda nomzodning ishonchli vakili  tumanimizdagi istirohat bog‘ini kapital ta’mirlash va jihozlash, Axborot resurs markazi va Yoshlar markazi bunyod etishni dasturga kiritilishiga amaliy yordam berishini bildirdi.  

Ishonchli vakil shu kuni Muborakdagi Janubiy-G’arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli 51943 –harbiy qism zobit va askarlari bilan ham uchrashib, Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi targ‘ibotini amalga oshirdi.  Uchrashuvlarda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi deputati Ismigul Xushmurodova, viloyat kengashi apparat rahbari Arziqul Sherovlar ishtirok etib, so‘zga chiqdilar. 

         Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

 

Teglar
  • Ko'rildi
    290
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+