Toshkentlik saylovchilar bilan ochiq muloqot bo‘ldi

19.10.2021, 16:44

Toshkentlik saylovchilar bilan ochiq muloqot bo‘ldi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili R.Kalonov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dasturda mamlakatimizning barcha hududlari qatori Toshkent shahrini ham har tomonlama taraqqiy ettirish, uni yanada go‘zal va obod shaharga, dunyoning yirik megapolislaridan biriga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, kelgusi besh yilda “Toshkent - yashash uchun qulay yashil shahar”, “Biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri”, “Mintaqaviy investitsiyalar markazi”, “Raqamli poytaxt”, “Bilim va innovatsiyalar shahri”, “Poytaxt – madaniyat va ma’rifat bulog‘i”, “Sog‘lom turmush va sifatli tibbiyot” dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ma’ruzada qayd etilganidek, poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlab qolish maqsadida “Yangi Toshkent” konsepsiyasi amalga oshiriladi va shahar sharqiy yo‘nalishga qarab kengaytiriladi. Kelgusi besh yilda 100 ming xonadonli ko‘p qavatli energiya tejamkor uylar quriladi. Shu bilan birga, eski ikki qavatli uylar renovatsiya qilinadi.

Nomzod ko‘p qavatli turar joylar orasidagi maydonlarda har qanday qurilishga chek qo‘yilishi, “yashil hudud”lar ko‘paytirilishini ta’kidladi.

Toshkentda jamoat transporti va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish masalalari juda dolzarb. Shu bois, 400 ta zamonaviy avtobus va 700 ta elektrobus olib kelish, 200 ga yaqin yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etish rejalashtirilgan. 500 ta yirik chorrahani "aqlli” tartibga solish, tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 21 ta yo‘l o‘tkazgich qurish choralari belgilangan.

Poytaxtimizdagi 575 ta mahallani rivojlantirish bo‘yicha shahar hokimligi huzurida alohida jamg‘arma tashkil etilib, har bir mahallaga 10 milliard so‘mdan ajratilishi ma’lum qilindi.

“Toshkent – biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri” dasturini amalga oshirish orqali kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 200 trillion so‘mga yetkazib, qariyb 2 barobar oshirish maqsad qilingan.

Xususan, shu davrda umumiy qiymati 14 milliard dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihasini amalga oshirish mo‘ljallangan. Bu 250 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Qayd etilganidek, Toshkent shahri atrofida “sanoat belbog‘i” tashkil qilinib, Bektemir, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari yuqori daromad keltiruvchi sanoat tarmoqlariga moslashtiriladi. Yangi texnoparklar, logistika markazlari, bojxona terminallari tashkil etiladi. Shaharda joylashgan barcha bojxona yuk omborlari poytaxt tashqarisiga chiqariladi.

Umuman, ishga tushiriladigan loyihalar hisobiga shahar eksporti 2 barobarga oshirilib, yiliga 2,5 milliard dollarga yetkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda savdo va xizmatlarni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar borligini ta’kidladi. Bu borada tadbirkorlarga sharoit yaratish maqsadida kelgusi yillarda 4 mingdan ortiq yer uchastkalari onlayn auksion savdolariga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Kelgusi besh yilda xorijdan keladigan mehmonlar sonini 3 million nafarga, turizm xizmatlari hajmini esa 1 milliard dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Shuningdek, shahardagi savdo maydonlari 10 barobarga oshiriladi. Mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yiliga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda poytaxtning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga davlat byudjetidan 70 trillion so‘m ajratiladi.

Axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida “Raqamli Toshkent” va “Aqlli shahar” dasturlari amalga oshirilishi qayd etildi. Xususan, moliya, tijorat, transport, tibbiyot, ta’lim sohalarida elektron xizmatlar keng joriy etiladi.

“Sog‘lom turmush va sifatli tibbiyot” dasturi doirasida 13 ta yangi oilaviy poliklinika quriladi va 25 ta poliklinika ta’mirlanadi. Ko‘p tarmoqli tibbiyot klasterlari tashkil etiladi. Kelgusi ikki yilda poytaxt aholisi uchun davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish boshlanadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi kapital ta’mirlanib, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Shuningdek, yangi ta’lim muassasalarini qurish va mavjudlarida o‘qitish sifatini oshirish, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga qaratilgan rejalar ham qayd etildi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida davom etdi. Saylovchilar nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlab, qo‘shimcha takliflarini bildirdi.

  • Ko'rildi
    523
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+