Istiqbolli rejalar - oliy maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladi

22.10.2021, 19:03

Istiqbolli rejalar - oliy maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladi

Ma’rifatparvar bobolarimizdan biri – Abdurauf Fitrat, “Bir odamning saboti butun bir millatni isloh etishga qodir”, deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, so‘nggi besh yilda mamlakatimizda demokratik, insonparvar davlat qurish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, pirovardida xalqimizni hayotdan rozi qilish, yanada farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitni yaratish yo‘lida amalga oshirilgan ko‘lami asrlarga ta’tigulik ishlarni el-yurt haqli ravishda Prezidentimiz nomi bilan bog‘laydi.

Bugun tamal toshlari qo‘yilayotgan Yangi O’zbekistonda inson qadr-qimmati, sha’ni oliy qadriyat, inson dardu tashvishlari bilan yashash esa odamiylikning eng oliy namunasi deb qaralmoqda. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilayotir. Eng muhimi – darhaqiqat hayratlanarli o‘zgarishlar mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishdagi debocha deb qaralmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal- demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvidan so‘ng ko‘ngildan beixtiyor shunday fikrlar o‘tdi.

Partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod o‘z saylovoldi dasturidan o‘rin olgan strategik maqsad va vazifalar bilan saylovchilarni tanishtirar ekan, jannatmonand yurtimizning uzviy bo‘lagi bo‘lgan Jizzax viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtaldi.  Maqsad va vazifalar nafaqat ko‘lami, balki xalq farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada oshirishi bilan har bir kishida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Misol uchun, bugun nafaqat Jizzaxliklarning, balki butun respublikamizning faxriga aylanib borayotgan avtomobilsozlik yo‘nalishini olaylik. Xabaringiz bor, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “ADM Jizzakh” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish tashkil etildi. Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, shu yil mart oyida ishga tushirildi. Ushbu ilk loyihaning qiymati 12 million dollardan ziyod. Yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona. Zavod multibrendli bo‘lib, bu yerda “KIA”, “Renault” va “Lada” rusumidagi 10 xil yengil avtomobil yig‘ilmoqda. Bugungi kungacha ichki bozorga 2 mingdan ziyod avtomobillar yetkazib berilgan. Bu mashinalar yuqori sifati, zamonaviy dizayni va shinamligi, tejamkorligi, servis xizmatlari arzonligi, boshqaruv qulayligi bilan xaridorlarga ma’qul kelmoqda. Avtomobillarga besh yillik kafolat berilayotir. Korxonada 250 nafar mutaxassis ishlamoqda. 

Loyihaning ikkinchi bosqichida 216 million dollarlik mazkur loyiha doirasida kichik uzelli ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ya’ni, 314 turdagi butlovchi qismlarni yasash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Uni 2023 yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning natijasida zavod quvvati yiliga 100 ming donaga chiqadi. Yana 3 mingta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi. Ushbu bosqichda mahalliylashtirish 30 foizga yetkazilib, yiliga 150 million dollarlik avtomobillar eksport qilinadi. Zavod tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, konstruktorlik, logistika, kadr tayyorlash sohalarini qamrab oladi.

Yana bir muhim tomoni, bu zavod ko‘plab kichik korxonalar, xizmatlar tashkil topishiga turtki bo‘ladi. Masalan, hozirdanoq Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha 500 million dollarlik 60 ta loyiha shakllantirilgan. Shuningdek, Amerika va Yevropa nufuzli injiniring kompaniyalari bilan birga, viloyatda tajriba-konstruktorlik va dizaynerlik markazi tashkil etiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Jizzax viloyatida aholining uy-joy bilan bog‘liq masalalarini hal qilish maqsadida kelgusi besh yilda jami 18 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi, uy-joyga muhtoj 3 mingta ehtiyojmand oilaga 120 milliard so‘m subsidiyalar ajratiladi.

Sharof Rashidov, Zomin, G’allaorol, Baxmal, Paxtakor va Forish tumanlarida ehtiyojga qarab, 6 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo markazi kabi ob’ektlardan iborat Yangi O’zbekiston massivlari barpo etiladi.

Shu bilan birga, Jizzax shahri aholisi bugungi kunda 180 mingdan oshib, kelgusi besh yilda 230 mingga yetishi kutilmoqda. Lekin, shaharning infratuzilmasi 50 yil ichida ancha eskirib, hali ham 50 ming aholiga mo‘ljallangan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, - dedi prezidentlikka nomzod.

 Viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlar xalqimiz yillar davomida kutgan, orzu qilgan loyihalardan biri.

Bugungi kunda Bulung‘ur tumanida, Zarafshon daryosi yonida 100 ming kub metr sig‘imli «Uzunbuloq» suv tozalash inshooti, nasos stansiyasi, laboratoriya, filtrlash stansiyasi va yordamchi binolar qurib bitkazilgan. Uzunbuloq—Gagarin magistral tarmog‘ining Jizzax shahrigacha bo‘lgan 77 kilometri yotqizilgan. «Jizzax» suv taqsimlash inshooti, 5 ming kub metr sig‘imli ikkita suv havzasi qurilgan. Endi ushbu inshootlardan Gagarin shahrigacha 90 kilometr suv tarmog‘i tortiladi.

Ushbu tarixiy loyiha natijasida Baxmal, G’allaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlari hamda Jizzax shahridagi 163 ta mahallada yashovchi 700 ming aholiga toza ichimlik suvi yetib boradi.Loyihani 2022 yilning birinchi yarmida yakunlash rejalashtirilgan.

Bu kabi keng ko‘lamli, el-yurt farovonligi yo‘lida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar sanog‘ini yana ancha davom ettirish mumkin. Eng muhimi esa,  O’zLiDePdan O’zbekiston Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodga ovoz berishga qaror qilgan har bir yurtdoshimiz  ko‘nglida bugungi kunimizdan shukronalik, ertangi kunimizga bo‘lgan ulkan ishonchga yo‘g‘rilgan nurli tuyg‘ularni uyg‘otdi.

Erkin Xolmatov,

O’zLiDeP  Jizzax viloyat Kengashi raisi.

Teglar
  • Ko'rildi
    579
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+