Xalqning ishonchi va mehrini qozonish oliy saodatdir!

26.10.2021, 16:57

Xalqning ishonchi va mehrini qozonish oliy saodatdir!

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga partiyamizdan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyevni ana shunday ulug‘ baxtga musharraf shaxs deb bemalol ayta olamiz.

Xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tgan saylovda, haqli ravishda ta’kidlanganidek, xalqimiz yuksak tafakkuri va donishmandligini namoyish etdi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod  Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan ishonchli g‘alaba qozongani va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Davlat va hukumat boshliqlari, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan qizg‘in tabrik lar kelishi davom etmoqda. O’tgan besh yilda O’zbekistonning dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin egallashi, mamlakatimizni siyosiy va iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilish, erkin, tinch va farovon hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan xalqimiz nechog‘lik rozi ekani kechagi natijadan ham ma’lum. Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar ravnaqi, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalarini rivojlantirish masalalari qamrab olingan saylovoldi dasturi aholida yorug‘ istiqbolga ishonchni yanada mustahkamlagani ham shak-shubhasiz. Shu o‘rinda nomzodning saylovoldi dasturini har tomonlama puxta tayyorlash, targ‘ibot kampaniyasini jo‘shqin sur’atda tashkil etish, ovoz berish jarayonlarida haqqoniylikni ta’minlash kabi sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shgan maslakdoshlarimizning zahmatli mehnatlarini alohida e’tirof etishni o‘zimning burchim deb bilaman. Shavkat Mirziyoyevni xalqimizning yuksak ishonchiga sazovor bo‘lgani bilan, xalqimizni esa to‘g‘ri qaror qabul qilib, Shavkat Mirziyoyevdek yo‘lboshchini emin-erkin saylagani bilan chin dildan qutlaymiz. “Inson qadri uchun” bardavom islohotlarga partiyamizning har bir a’zosi kamarbasta bo‘lishga tayyorligini izhor etishdan mamnunmiz.

Aktam XAITOV,

O‘ZLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

partiya fraksiyasi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    201
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+