Klaster tizimini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangicha tartibi joriy etiladi

28.10.2021, 16:43

Klaster tizimini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangicha tartibi joriy etiladi

Klaster tizimining qishloq xo‘jaligiga kirib kelishini inqilobiy o‘zgarish desak, sira mubolag‘a bo‘lmaydi. O’zingiz ko‘rib turibsiz, birgina qishloq xo‘jalik sohasi klaster tizimiga o‘tgach, yerga munosabat o‘zgardi, yetishtirilgan hosil sifati hamda mehnatga haq to‘lash sohasida yangilanishlar ro‘y berdi.

Endi qarang, shunday bo‘lsa-da, bugun davlatimiz rahbari klasterlarni qo‘llab-quvvatlashning yangicha tartibini hayotga joriy etmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – yerdan yanada unumli foydalanib mo‘l-ko‘l hosil yetishtirish, qolaversa, klaster hamda fermer cho‘ntagiga yaxshigina daromad kirishiga erishishga qaratilgan. Axir klaster yoki fermer manfaatdor bo‘lsa, elga nafi ko‘p tegadi-da.

Davlatimiz rahbari kuni kecha o‘tkazgan videoselektorda kelasi yildan g‘alla yetishtirish to‘liq bozor munosabatlariga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bunda kelasi yildan ekinlarni joylashtirish tartibi saqlangan holda g‘allachilik klasterlari va fermerlarga yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi.

Har bir g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har yilgi  hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi. Qolgan hosilni esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan g‘alla yetishtirishni imtiyozli kreditlash tartibi kelgusi 3 yilda saqlab qolinadi va bunga yiliga 5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma 2,5 million tonna g‘allani birjadan bozor narxlarida davlat zaxirasi uchun sotib oladi. Sotib olingan zaxira g‘alla donni saqlash quvvatlari mavjud g‘allachilik klasterlariga tanlov asosida saqlash uchun joylashtiriladi. Shuningdek, “O’zdonmahsulot” tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari negizida g‘alla klasterlari tashkil etish uchun ular ochiq savdolarga chiqariladi.

Men aminmanki, g‘allachilik soha uchun joriy etilayotgan yangicha tartib va tamoyillar albatta,  don va non mo‘l-ko‘lchiligini ta’minlashda hamda xalqimiz rizq-ro‘zi bo‘lgan  g‘allachilik sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

  Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    419
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+