Klasterlarga yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar aholi bandligi va daromadlarini yanada oshishiga xizmat qiladi

29.10.2021, 11:00

Klasterlarga yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar aholi bandligi va daromadlarini yanada oshishiga xizmat qiladi

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 oktabr kuni qishloq xo‘jaligida klaster tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi soha rivoji yo‘lidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi va agrosanoatda samaradorlikni oshirish uchun klasterlarga imkoniyatlarni kengaytirish kerakligini ta’kidlab, bir qator tashabbus va takliflarni ilgari surdilar.

Ayniqsa, paxta-to‘qimachilik klasterlari yo‘nalishida berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar biz kabi agrosanoat klasterlarini yanada ruhlantirib, 2-3 barobar ko‘proq natijaga erishish yo‘lida tinmay ishlashga undamoqda.

Boisi, endi paxta-to‘qimachilik klasterlarga biriktirilgan 1 mln gektar paxta maydonlarida har bir gektarga 1 million so‘mdan grant ajratiladi. Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda ularning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalariga 3 yil muddatga ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 12 foiz o‘rniga, 1 foiz qilib belgilanadi, mol-mulk solig‘ini 3 yilga kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi, ochiq tanlov asosida barcha klasterlar bilan 30 yil muddatgacha alohida shartnoma tuziladi.

Bundan tashqari klasterlar faoliyatini tugatish, Respublika komissiyasi xulosasi asosida, faqat sud tartibida hal qilinishi belgilandi.

Shu bilan birga yig‘ilishda ta’kidlanganidek, hosildorlikni oshirish maqsadida import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi. Lazerli tekislash uskunalari va don urug‘ seyalkalarini xarid qilish uchun kelgusi yilda 50 milliard so‘m subsidiya va bojxona imtiyozlari beriladi.

Kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga kredit olishda paxta xomashyosi va tolasini garovga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.

Albatta biz klasterlar Prezidentimizni bildirayotgan ishonchlarini oqlaymiz. Ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport xajmini oshirish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va o‘z navbatida aholi bandligini ta’minlashda o‘zimizning munosib xissamizni qo‘shamiz.

Olimxon Babaxanov

“Art Soft Holding” MChJ boshqaruvi raisi,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.

  • Ko'rildi
    363
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+