Bank krediti tadbirkor yelkasini og‘ir yuk bo‘lib bosmasin

29.10.2021, 11:16

Bank krediti tadbirkor yelkasini og‘ir yuk bo‘lib bosmasin

El-yurt yukini yelkasida hansirab ko‘tarib yurgan tadbirkorlarimiz ko‘p. Har doim ham ular  dardini dasturxon qilavermaydi. Aytganim bilan nima o‘zgarardi, qaytanga gapim behuda ketadi, deb o‘ylaydi.

Shu yilning 20 avgustida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan qilgan ochiq muloqoti bu kabi o‘y-xayollarni ular qalbidan butunlay olib tashladi. O’sha ochiq muloqotda tadbirkorlar erkin fikr yuritishdi, rosti, bor dardu dunyosini to‘kib solishdi. Quvonarlisi shuki, har bir taklif yoki fikr Prezident tomonidan inobatga olindi, hal etish chora-tadbirlari ko‘rilishi aytildi.

2021 yil 27 oktabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik sub’ektlarining xorijiy valyutadagi kredit majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq yukini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror ham aynan tadbirkorlar takliflari e’tirofi desak sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Qaror bilan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining valyuta xatarlarini kamaytirish uchun 1 million AQSh dollarigacha miqdorda xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazib berilayotganligi mustahkamlab qo‘yildi.

Tijorat banklaridan xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganda amaldagi kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomalari mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining ekvivalenti 1 million AQSh dollaridan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan kreditlarning asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya taqdim etilishi belgilandi.

Albatta, bunda Jamg‘armaga mazkur kreditlar bo‘yicha amaldagi kompensatsiyalar miqdorlarini qayta hisob-kitob qilib, ularning umumiy miqdorini mutanosib ravishda o‘zgartirishiga ham ruxsat etildi.

Eng quvonarlisi esa 2021 yil 1 noyabrdan boshlab O’zbekiston Respublikasi nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan jalb qilingan kreditlar loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadigan bo‘ldi.

Mening nazarimda tadbirkorlar Prezident bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotni uzoq vaqt eslab yurishsa kerak. Sababi mazkur tarixiy uchrashuvda bildirilgan takliflar, aytilgan muammolar birin-ketin hal etilayapti.

Tadbirkorning yuki yengillashayapti. Binobari, tadbirkorning yuki qancha yengillashsa, elu yurtga nafi shuncha ko‘p tegadi. Yurt taraqqiyoti va ravnaqi uchun ularning qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati nechog‘li muhimligi ana shu qarorda ham o‘z aksini topgan.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    291
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+