Yangilanib borayotgan O’zbekiston yangi marralar sari qadam tashlamoqda

08.11.2021, 11:24

Yangilanib borayotgan O’zbekiston yangi marralar sari qadam tashlamoqda

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishishi munosabati bilan tantanali marosimga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqi xalqimiz, Vatanimiz hayotidagi eng yorqin tarixiy voqealardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. Ayniqsa, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi ilgari surilgani bugungi kunda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro ekspert va kuzatuvchilar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Ushbu strategiya mamlakatimiz rivojlanishining turli sohalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida qurilgan. E’tiborli jihati, davlatimiz rahbari erishilgan yutuqlarni tom ma’nodagi Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki qadamlar deb baholamoqda. Butun xalqimizni doim marrani baland olishga, islohotlarni yanada jadalroq davom ettirishga da’vat etmoqda. Shu bois, Yangi O’zbekiston strategiyasida mamlakatimizni keyingi besh yillikdagi taraqqiyoti qamrab olindi.

Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishdan iborat bo‘lib, unda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yangi pog‘onaga ko‘tarilishi, adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur sharti, milliy iqtisodiyotni, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri ekanligi alohida ta’kidlangan. Bugun nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham bu – Yangi O’zbekistonni qurish yo‘lidagi eng to‘g‘ri strategiya ekanligini haqli ravishda e’tirof etayotgani boisi ham shunda.

Albatta, bugungi kunga kelib har bir davlatning iqtisodiy qudrati ilm-fan rivoji, yetuk kadrlar bilan o‘lchanyapti. Qaysi soha bo‘lmasin ilm-fan asosida rivojlantirilsa, mamlakat iqtisodiyoti yanada taraqqiy etib boraveradi. Shu jihatdan Prezidentimiz mamlakatimiz milliy iqtisodiyotini, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirishni, mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirishni maqsad qilgan.

Ishonch bilan aytish mumkinki, 2030 yilga borib O’zbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin egallaydi. Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishish ko‘zda tutilyapti. Bu borada “xom ashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida drayver sohalarda klaster tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish uchun, avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari amalga oshirilishi ilgari tarixda bo‘lmagan muhim voqelikdir.

Shuning barobarida, boshqa masalalarda ham yaqin istiqbolda xususiy sektor vakillariga yengilliklar, imtiyozlar beriladi, har jihatdan qulayliklar yaratiladi. Xususan, budjet va tashqi qarz barqarorligini ta’minlash, mahalliy budjetlarning imkoniyatlarini kengaytirishga birinchi darajali e’tibor qaratilib, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo‘yicha boshlagan islohotlar qat’iy davom ettiriladi.

Ayniqsa, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolishi, erkin raqobatga asoslangan bozorni yaratish hisobidan aholi va tadbirkorlar energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlanishi bundan buyon yurtimizda faoliyat yuritayotgan ming-minglab tadbirkorlar davlatning e’tiborida bo‘ladi, ularni erkin va samarali faoliyat yuritishlari uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi, deganidir.

E’tibor bering, O’zbekiston tarixida tadbirkorlar uchun bunday katta imkoniyatlar va yengilliklar bo‘lmagan, ular bu darajada qo‘llab-quvvatlanmagan. Aminmanki, tadbirkorlar beqiyos g‘amxo‘rlikka javoban iqtisodiyotimizning turli jabhalarida o‘zlarining bunyodkorlik va yaratuvchanlik, faollik va jo‘shqinlik xususiyatlarini namoyon etib, Yangi O’zbekiston taraqqiyoti yo‘lida astoydil, halol xizmat qiladi.

Partiyamiz uchun muhim bo‘lgan soha – tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo‘yicha boshlagan islohotlar qat’iy davom ettirilishi aytildi. Shu bois, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida belgilangan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash O'zLiDePning doimiy e’tibor markazida bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning millionlab a’zolari, deputatlik korpusi zimmasidagi mas’uliyatni teran his etgan holda inson qadri va farovon hayoti uchun keyingi besh yilga mo‘ljallangan ulkan islohotlarni amalga oshirishda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    699
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+