Janubiy Koreya bilan hamkorligimizning yanada rivojlanishi yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi

09.11.2021, 18:42

Janubiy Koreya bilan hamkorligimizning yanada rivojlanishi yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi

Barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz: mamlakatimizga xalqaro miqyosda e’tibor hamda qiziqish tobora ortib boryapti.  O’zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzi kun sayin yuksalyapti. Bu muvaffaqiyatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan O’zbekistonning yangilangan ichki va tashqi siyosati qat’iyat bilan amalga oshirilayotgani mahsulidir.  O’zbekistonning yetakchi xorijiy davlatlar bilan strategik aloqalari rivojlanib borayotgani alohida e’tiborga molik.

Mamlakatimizdagi yetakchi ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, shu yil dekabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Biz – partiya faollari davlatimiz rahbarining mazkur davlat bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Zero, mazkur mamlakat barcha jabhalarda ulkan salohiyatga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yildagi Seulga hamda Prezident Mun Chje Inning 2019 yildagi O’zbekistonga qilgan davlat tashriflari yakunida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlovchi 20 milliard dollardan ortiq qiymatdagi bitimlar imzolangan. 2019 yilda o‘zaro munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

O’zbekistonda janubiy koreyalik investorlar ishtirokida tuzilgan 700 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ushbu davlat investitsiyalarining umumiy hajmi 7,5 milliard dollardan oshgan. Bu ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida savdo-investitsiyaviy hamkorlik rivojlanib borayotganidan darak beradi.

Mamlakatimizda Janubiy Koreyaning Inxa, Puchyon, Yoju va Koreya xalqaro universiteti va boshqa mashhur oliy o‘quv yurtlarining filiallari faoliyat yuritmoqda.

O’zbekiston bilan Janubiy Koreyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga to‘la mos. Xalqaro va mintaqaviy muammolar, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarimiz esa yaqin. Binobarin, Janubiy Koreya bilan hamkorligimiz yanada rivojlanishi yurtimizni taraqqiy ettirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi. 

Dilshod Shoumarov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

 raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    458
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+