Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish davr talabi

12.11.2021, 16:22

Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish davr talabi

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash borasida mutlaqo yangi tizim ishlayapti. Misol uchun joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uyg‘otdi. Davlat idoralari “har bir murojaat ortida inson taqdiri yotadi” degan hayotiy tamoyil asosida quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari va talablarini tez va joyida hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida bu borada yangi, dolzarb vazifalar belgilab berilganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, endilikda parlament tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinadi. Shuningdek, joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va uning natijasiga muvofiq, ularga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish ta’kidlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi ham aholi murojaatlari bilan ishlash borasida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlarini tanqidiy-tahliliy sarhisob qilib, bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga harakat qilmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O’zLiDeP fraksiyasi kotibiyati va deputatlariga jami 4 300 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 3 500 ga yaqini (81%) yozma, 285 tasi (7%) elektron va 533 tasi (12%) og‘zaki murojaatlardir.

2021 yil 10 oy davomida fraksiya a’zolarining joylarda o‘tkazgan o‘rganishlari, saylov okruglarida o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari davomida fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni hal etish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga jami 156 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Deputat so‘rovlarining 98 tasi (62,8%) vazirlik va idoralarga, boshqa markaziy muassasa va tashkilotlarga hamda 58 tasi (37,2%) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuborilgan.

Aytish mumkinki, aholi ko‘targan muayyan masalalar deputat so‘rovlari asosida tegishli mansabdor shaxslar tomonidan ijobiy hal etilishi natijasida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanmoqda.

Aholining Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaat qilish imkoniyatlarini yengillashtirish maqsadida har bir deputat tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va mobil telefonlari yordamida ham murojaatlarni qabul qilishi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida saylovchilar tomonidan jami 8 226 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 5 850 tasi (71%) ijobiy hal etilgan.

 

 

Murojaatchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni ko‘rib chiqish uchun mas’ul etib belgilangan deputatlarning fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashuvlari ham o‘tkazilmoqda. Hisobod davrida deputatlarning saylov okrugida saylovchilar bilan uchrashuvlari va sayyor qabullari jarayonida jami 1 056 ta yozma murojaatlar kelib tushgan;

Shuningdek, Qonunchilik palatasi fuqarolar qabulxonasida 2 164 nafar jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining qabuli tashkil etilgan bo‘lib, shundan 1214 nafar murojaatchi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan qabul qilingan. 843 nafar murojaatchi yozma shaklda murojaat qoldirgan, 371 nafar murojaatchining og‘zaki murojaati bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, o‘tgan davrda kelib tushgan jami 4290 ta murojaatning 3 246 tasida (76 %) ko‘tarilgan masalalarni atroflicha va xolisona ko‘rib chiqish uchun deputatlar tomonidan tegishli organlarga yuborilgan. Qolgan 782 ta (18 %) murojaatda ko‘tarilgan masalalar hal etilgan yoki murojaatchilarga huquqiy tushuntirish berilgan hamda 262 ta (6 %) murojaat ko‘rib chiqish jarayonida.

E’tiborga molik jihati keyingi yillarda murojaatlar bilan bir qatorda fuqarolar tomonidan deputatlar ko‘magida hal etilgan masalalar yuzasidan minnatdorlik xatlari ham kelmoqda.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 24 ta (18 ta kanselyariya sektori orqali) minnatdorlik xati kelgan.

Ushbu minnatdorlik xatlari orqali fuqarolar tomonidan fraksiya a’zolariga o‘zlarini qiynab kelayotgan turli masalalarni hal etishda ko‘rsatgan amaliy yordami, moddiy-ma’naviy ko‘magi uchun chuqur minnatdorlik bildirilgan.

Albatta ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi. Shu ma’noda jismoniy va yuridik shaxslardan fraksiya a’zolariga kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra ayni paytda jami 293 ta murojaatlarning ko‘rib chiqish muddati kechiktirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O’zLiDeP fraksiyasi o‘z ishiga mas’uliyat va javobgarlik bilan yondashib,  “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarishga intilmoqda. Zero, deputatlarimiz qanchalik fidoyilik bilan faoliyat olib borsa, shundagina biz ko‘zlagan natijani qo‘lga kiritamiz. Bu esa partiyamizning aholi va keng jamoatchilik orasida mavqeining ortishi, partiya xayrixohlarining ko‘payishiga zamin yaratadi.

Toir Salimov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasining ijrochi kotibi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    459
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+