2022 yilgi Davlat budjetida tibbiyotni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan

18.11.2021, 15:23

2022 yilgi Davlat budjetida tibbiyotni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha qo‘mitalarda “2022 yil uchun O’zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Har bir qo‘mita o‘zining yo‘nalishidan kelib chiqib, sohalarda ajratilayotgan mablag‘larni muhokama qildi.

Davlat budjeti daromadlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun Davlat budjeti xarajatlari 214,8 trln. so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25,6 foiz miqdorida belgilanmoqda.

Barcha sohalar qatori 2022 yilda Davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga ham 23,0 trln. so‘mga yaqin mablag‘ yoki 2021 yil tasdiqlangan rejaga nisbatan 17 foizga ko‘p mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Sir emaski, koronavirus pandemiyasi tarqalgan vaqtda zamonaviy tibbiyotning qanchalik inson salomatligini asrashda muhimligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Chindan ham ushbu sohani rivojlantirish, ayniqsa, chekka hududlarda sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish, so‘ngi rusumdagi uskunalarni amaliyotga joriy qilish aholining salomatligini saqlashda, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishda juda katta foyda beradi. Vaholanki, bunga sohada qilingan islohotlar natijasida yuz bergan ko‘plab o‘zgarishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Shunday ekan, davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar ham ana shu maqsadlarga sarf etiladi va tibbiyot sifati yanada yaxshilanadi.

Xo‘sh, ajratiladigan mablag‘lar aynan nimalarga sarflanadi va bu aholiga qanday naf beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etiladi. Ya’ni, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda boshqa davlat va xususiy tibbiyot muasassalarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni bepul davolanish (tibbiy yo‘llanma) xarajatlari uchun 589,0 mlrd.so‘mdan ziyod mablag‘ ko‘zda tutilib, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi va tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq bemorlarning davolanish xarajatlari to‘liq qoplanadi.

Qolaversa, bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va emizikli ayollarni maxsus preparatlar bilan ta’minlash, onkologik yordam va onkologiya xizmatini rivojlantirish, buyrak va jigar transplantatsiyasi uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bemorlarning dori-darmon vositalari bilan ta’minlash uchun ham mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tibbiyot ob’ektlarini qurish, ta’mirlash va jihozlashga ham 458 700,0 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Albatta, tibbiyotning yana boshqa ko‘plab yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag‘lar ham maqsadli yo‘naltiriladi.

Aytish kerakki, “Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi”da ham aynan tibbiyot sohasini isloh qilish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Ko‘rinib turibdiki, davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar ham strategiyadagi rejadan kelib chiqib, yo‘naltirilmoqda. 

Mavludaxon Ibragimova,

Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP Fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    319
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+