Ayol ma’naviyati – oila qo‘rg‘onining mustahkam poydevori

19.11.2021, 15:43

Ayol  ma’naviyati – oila qo‘rg‘onining mustahkam poydevori

Oila — kishi tafakkuri, ma’naviyati shakllanadigan, uning jamiyatdagi o‘rnini belgilab beradigan, qolaversa, qadriyatlarni asrdan-asrlarga olib o‘tishda bosh omil hisoblanuvchi muhim ijtimoiy muhitdir. Binobarin, oila jamiyatning asosi hisoblanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda oilalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” bo‘limi tomonidan ayollarni tibbiy madaniyatini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish yo‘lida katta sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, “Farovon oila” loyihasi doirasida  o‘tkazib kelinayotgan “Ayol  ma’naviyati – oila qo‘rg‘onining mustahkam poydevori” mavzuidagi tadbirlar shular jumlasidandir.

Yaqinda Shahrisabz tumanida o‘tkazilgan shu mavzudagi tadbirda Temirchi MFY raisining Oila, xotin-qizlar va ijtimoiy ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari G. Pardayeva fikrlari diqqatimni tortdi. Uning aytishiga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘inida 3126 nafar aholi yashaydi va   1756 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. 614 ta oila mavjud.  2021 yil  9 oy davomida 14 oiladan ajrim bo‘yicha murojaat kelib tushgan va shundan 10 oila yarashtirilgan,  2 ta oilaga yarashish uchun muddat berilgan,  2 ta oila esa ajrashish uchun sudga ariza bergan.

Endi e’tibor qarating, 10 oila yarashtirilibdi-ku, bor-yo‘g‘i 2 oila sudgacha boribdi, bu ko‘rsatkich yaxshi-ku, deyishingiz mumkin. Lekin 2 oilada bir nechta farzand yetim bo‘lib qolayotgani yurakni achishtirmaydimi? Qaniydi, bittayam bola yetim bo‘lib qolmasa. 

Bugun balog‘atga yetayotgan qiz bola ertaga oila quradi, onalik baxtiga musharraf bo‘ladi. “Qizimni uzatsam bas, keyingi hayoti erining qo‘lida” deya o‘ylash katta xatodir. Qiz bolaning tushib boradigan xonadonga moslashishi, barqaror hayot kechirishi uning hayotga qanchalik tayyor ekanligiga ham bog‘liq.      

Mening nazarimda , ajrimlarni oldini olishda, sog‘lom avlodni dunyoga keltirishga ko‘maklashish, asosan ayollarni tibbiy madaniyatini oshirish, ulardagi  ma’naviy dunyoqarashiga alohida e’tibor qaratish lozim,  deb hisoblayman.

Gulbahor To‘rayeva,

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

“Ayollar qanoti” bo‘limi boshlig‘i.

  • Ko'rildi
    1135
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+