Yaqinda kuchga kirgan qonun yerni xususiylashtirish jarayonlaridagi salbiy holatlarga butkul barham beradi

22.11.2021, 16:37

Yaqinda kuchga kirgan qonun yerni xususiylashtirish jarayonlaridagi salbiy holatlarga  butkul barham beradi

Prezidentimiz shu yil 20 avgustda mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgandi. E’tiborlisi, mazkur uchrashuv oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar so‘ralgan va bir necha kun ichida turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaatlar bo‘lgandi. Davlatimiz rahbari muloqot chog‘ida ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish, xususan, yer ajratilishi bilan bog‘liq yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.  Bunday muammolar ko‘plab ishbilarmonlarni qiynayapti. Bu masala bo‘yicha Prezidentga 4 mingdan ziyod murojaat bo‘lgan.  Bu esa yer munosabatlarida hal qilinishi zarur turli masalalar, byurokratik va boshqa to‘siqlar to‘planib qolganini anglatadi. Oxirgi ikki yilda hokimlarning yer ajratilishi, tasarruf qilinishiga doir  2 ming 500 ta qarori bekor qilingani, qariyb 600 mansabdorga yer qonunchiligi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ko‘pchilikka ma’lum.

Bu borada muammolar ko‘pligiga bevosita shohid bo‘lganmiz. Misol uchun, keyingi yillarda O‘zLiDeP vakili, xalq noibi sifatida tadbirkorlarni tashvishlantirayotgan masalalar muhokama qilingan yuzlab muloqotlarda qatnashdik. Asossiz ravishda tadbirkorga yer ajratilmasligi, yer maydoni  tortib olinishi, o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi yoki yer maydonidan foydalanishga to‘sqinlik qilinishi  singari muammolar o‘rtaga tashlanmagan birorta tadbirni eslay olmayman. Shu singari muammolar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhoakama qilinardi.

Yaqinda hududlarda bo‘lib o‘tgan, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan saylovoldi uchrashuvlarida ham fuqarolar tomonidan boshqa masalalar qatori yer ajratilishiga taalluqli muammolar ham tilga olinganini yaxshi bilamiz. Nomzod shu masala to‘g‘risida gapirib, yer xalqni boqayotgan mulk ekani, yerga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirish zarurligini ta’kidlab, sohada qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha maqsad va rejalarini bayon qildi.

Kecha Prezidentimiz “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu hujjatni tadbirkorlar, umuman, aholining turli qatlamlari vakillari mamnuniyat bilan qarshi olishdi. Chunki qonun bu yo‘nalishdagi mavhumliklar, chalkashliklar, byurokratik to‘siqlar, shaffoflikning yo‘qligi kabi illatlarga barham beradi.

Qonunda nazarda tutilgan ayrim me’yorlarni keltiramiz. Quyidagi yerlar xususiylashtirilishi mumkin: yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar; fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar (ilgari YaTTlarning xususiylashtirilishi nazarda tutilmagan); xususiylashtiriladigan davlat ob’ektlari joylashgan yerlar (ilgari bunga ruxsat berilmagan); bo‘sh turgan yerlar.

Yer uchastkalari quyidagi shakllarda xususiylashtiriladi: umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish; yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish. Xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar davlat budjetiga yo‘naltiriladi (ilgari Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilgan).

Ariza DXM yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi. Ariza ko‘rib chiqilib, xabarnoma shaklda ijobiy yoki salbiy qaror qabul qilinadi. Salbiy qaror asoslantirilgan  bo‘lishi shart.

Mazkur hujjatda  xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar ham birma-bir, aniq tarzda bayon etilgan.

Bo‘sh turgan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtiriladi. Yerga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi yer uchun to‘lov qilinganidan so‘ng 1 ish kunida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.

Pirovardida shuni qayd etishni istardikki, bugungi kunda yerga talab tobora ortib boryapti. O’tgan yillarda ayrim kimsalar qing‘ir yo‘llar bilan yer sotib yoki ijaraga berib,  mo‘may daromad orttirishga urindilar. Ushbu qonun shu kabi salbiy ko‘rinishlarga batamom chek qo‘yishiga ishonchimiz komil.  Endilikda biz – partiya faollari mazkur qonun ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga bosh-qosh bo‘lishimiz lozim. Zero, yer umummilliy boyligimiz va undan oqilona foydalanish orqali to‘kinlik, farovonlik  yaratiladi.

Aktam Xaitov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    345
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+