O’zLiDeP deputatlari Marhamat tumanidagi elektr ta’minoti korxonasi faoliyatini tahlil qilishdi

22.11.2021, 16:57

O’zLiDeP deputatlari Marhamat tumanidagi elektr ta’minoti korxonasi faoliyatini tahlil qilishdi

O’zLiDeP Marhamat tuman Kengashidagi deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida tuman elektr ta’minoti korxonasi mutasaddisining hisoboti tinglandi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida tumanda ayni kunga qadar qator tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.  Xususan, “Tulga” mahallasining “Behizor”, “Sharqona”, “Ipak yo‘li” ko‘chalarining har biriga 100 kVAli yangi transformatorlar o‘rnatildi. Xuddi shunday tadbirlar “Oqbosh”, “Birlik”, “O’qchi”, “Gar-gar”, “Uzumzor” kabi mahallalarning elektr ta’minotida muammosi bo‘lgan o‘nlab ko‘chalarida ham olib borildi. Albatta, mazkur masalalarning bartaraf etilishida deputatlik so‘rovlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

- Masalan, “Boboxuroson” mahallasidagi o‘rganishlarimizda “Chunbog‘ish” ko‘chasida elektr ta’minoti muammosi yarq etib yuzaga chiqdi, - deydi partiya deputatlik guruhi rahbari Baxtiyorjon Abdullajonov. -  Sa’y-harakatlar natijasida 11 dona beton tayanchlar qurildi, 750 metr uzunlikda tarmoq tortish ishlari amalga oshirildi. Bu birgina misol. Saylovchilarning bu kabi muammolarini hal etishda tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda olib borayotgan faoliyatimiz natijasida saylovchilar mamnunligiga guvoh bo‘lyapmiz.

Xalq noiblari savollariga batafsil olingan javoblar bilan mutasaddining hisobotidan qoniqish hosil qildilar.

Muharramxon GULMATOVA,

O’zLiDeP Marhamat tuman Kengashi

ijrochi kotibi

  • Ko'rildi
    267
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+