O’zbekiston – Rossiya: o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikning yangi bosqichi

23.11.2021, 18:33

O’zbekiston – Rossiya: o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikning yangi bosqichi

O’zbekiston Respublikasi  barcha horijiy  sheriklar bilan  o‘zaro manfaatli  munosabatlarni  rivojlantirish tarafdori  bo‘lib, asosiy tashqi siyosiy harakatlarini qator ustuvor vazifalarni amalga oshirishga, jumladan davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O’zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, O’zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazishga qaratadi. O’zbekistonning ushbu tashqi siyosiy usuvor vazifalari barqaror, adolatli, demokratik davlat barpo etish, mamlakatimizning tashqi ochiqligini ta’minlash, mintaqaviy va ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O’zbekiston tashqi siyosatining muhim usuvor yo‘nalishi bu - yetakchi xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik aloqalari  muvozanatli strategik sheriklik tizimini shakllantirishdir. Bunday yondashuv iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, Markaziy Osiyoda hamkorlik qilish uchun  qulay shart sharoitlar yaratish masalalarini samarali hal etishni ta’minlashga qaratilgan.

Oliy darajadagi aloqalari samarasida, Toshkent Rossiya bilan  munosablarni mutlaqo  yangi darajaga  olib chiqdi. Rossiya Federatsiyasi bilan  ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari  izchil rivojlanmoqda. Bundan avval imzolangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar hamda Rossiya Federatsiyasi va O’zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya yangicha mazmun bilan to‘ldirilib,  amaliyotga tadbiq etilmoqda.

Bu tendensiyalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan  ushbu mamlakatga uyushtirgan tashrifida o‘z aksini topdi.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda O’zbekiston  va Rossiya munosabatlarimizda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi. Bosh vazirlar darajasidagi qo‘shma komissiya hamda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Keyingi to‘rt yilda O’zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobar ko‘payib, qariyb 3 mingtani tashkil etmoqda. Bugun yurtimiz iqtisodiyotida Rossiyadan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi va jadal o‘sishda davom etmoqda.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarga qaramasdan, to‘qqiz oy yakunida besh milliardni tashkil etdi, yil oxirida yetti milliard bo‘ladi. Bundan tashqari, uchta katta tadbir: hududlar, ta’lim va media forumlari o‘tkazildi. Xususan, ta’lim forumi yakunida sheriklikning yangi yo‘nalishlariga doir 35 dan ortiq bitim imzolandi.

Qayd etilganidek, so‘nggi uch yil ichida O’zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalarining qo‘shimcha 11 ta yangi filiallari faoliyat yuritishni boshladi va yaqinda ochilgan Pirogov nomidagi Rossiya milliy-tadqiqot tibbiyot universiteti filialini hisobga olgan holda, hozirda ularning soni 15 taga yetdi.

Biz, parlamentda O’zbekiston rahbarining tashrifi arafasida o‘tkazilgan II Hududlararo hamkorlik forumi natijalarini alohida ta’kidlaymiz. Forum yakunida sanoat, energetika, transport va farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatiga doir yangi bitim va shartnomalar imzolandi.

Moskvada bo‘lib o‘tgan ushbu II Hududlararo hamkorlik forumi doirasida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik kompleks dasturi ham imzolandi. Hujjat O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov tomonidan imzolandi. Dastur iqtisodiy hamkorlikda zamonaviy vositalar, jumladan elektron savdo, iqtisodiyotni raqamlashtirish, yangi energova suvni tejaydigan  texnologiyalardan foydalanish zarurligini hisobga oladi. O’z navbatida,  ushbu dastur uzoq muddatli istiqbolga qurilgan bo‘lib, unda keng ko‘lamli vazifalar belgilangani, ularni amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgani bilan e’tiborni tortadi.

 Shuningdek, yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va  mavjudlarini amalga oshirishni tezlashtirish doirasida O’zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi va Rossiya O’zbekiston investitsiyalar jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ham katta qiziqish uyg‘otadi. Bu har ikki mamlakat idoralari o‘rtasida imzolangan  kelishuvlarda ko‘zda tutilgan. Erishilgan kelishuvlar doirasida shuningdek,  axborot va ekspertiza  almashinuvi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, tomonlar o‘z e’tiborlarini ikki mamlakat hududida  investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga  qaratadilar.

Umuman olganda, birgalikda umumiy qiymati 14 milliard dollarlik istiqbolli loyihalarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Bularning barchasi mamlakatlarimiz o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatilganidan dalolatdir. Joriy yilning o‘zida 50 dan ortiq oliy darajadagi o‘zaro tashriflar tashkil etildi. Mamlakatimiz parlamenti a’zolari  hududlararo hamkorlik forumi natijalarini alohida qayd etadilar, chunki  hududlar o‘rtasidagi aniq o‘zaro hamkorlik, o‘zaro manfaatli loyihalar   mamlakatlarimizning umumiy  hamkorligiga turtki beradi.

Ikki mamlakat rahbarlari mintaqaviy xavfsizlik masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashib,  tashqi siyosat va mudofaa idoralari o‘rtasidagi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligini ta’kidlashdi.

Rossiya tomoni O’zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish borasidagi muhim sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

O’zLiDeP deputatlari o‘z elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikga asoslangan yuqori darajadagi ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolish tarafdori.  Umuman olganda, ishonamizki, har ikki davlat  iqtisodiyoti  tarmoqlarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta zaxiralar bor. Shu bois,  samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan suhbatning mantiqiy natijasi  O’zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekanining tasdiqlangani bo‘ldi.  Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

Shunday qilib, ushbu tashrif Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning keng ko‘lamli hususiyatini yaqqol namoyon etadi. Bu mamlakatimizning milliy manfaatlariga javob beradigan va uzoq-yaqindagi davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan O’zbekiston tashqi siyosatining faol, ochiq, pragmatik va chuqur o‘ylangan  tashqi siyosatini rivojlantirish borasidagi faoliyatining mantiqiy  davomi bo‘ldi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi

  • Ko'rildi
    1464
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+