Prezident kutubxonasi bilimli, ma’naviyatli, zukko, ilmga chanqoq, vatanparvar yoshlar maskaniga aylanadi

23.11.2021, 19:08

Prezident kutubxonasi bilimli, ma’naviyatli, zukko, ilmga chanqoq, vatanparvar yoshlar maskaniga aylanadi

O’zbekiston Milliy bog‘i yaqinida Prezident kutubxonasi qurilishi haqidagi xabarni ko‘rib ochig‘i juda xursand bo‘ldim. Quvonchimning boisi shundaki, endi mamlakatimizda ham xuddi dunyoning rivojlangan mamlakatlari, misol uchun AQShdagi Kongress kutubxonasi, dunyodagi qo‘lyozma, kitob, xarita, jurnal va boshqa manbalarning eng boy fondiga ega bo‘lgan Britaniya kutubxonasi, J.Koreyaning Sejon milliy kutubxonasi kabi zamonaviy shart-sharoitlarga ega ulkan kutubxona bo‘ladi.

Ushbu kutubxona 4 qavatli qilib quriladi. Bu yerda bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Kutubxonada 1 million 500 mingta kitob saqlanishi bilan birga elektron adabiyotlar, multimedia mahsulotlari ham bo‘ladi. Davlatimiz rahbari bu majmuani qurishda eng zamonaviy texnologiyadan foydalanish bo‘yicha alohida topshiriq berdilar.

Tarixdan ma’lumki, boy kutubxonalarga ega bo‘lgan davlatlarda qadimdan fan va madaniyat yaxshi rivojlangan buyuk olim hamda mashhur kishilar yetishib chiqqan. Bu isbot talab etmaydigan haqiqatdir.

Masalan Iskandar Zulqarnaynning jahongirga aylanishi uchun ustozi Arastuning xizmati ancha bo‘lsa, Rumda turib butun dunyo sirlarini bilgan Arastuning donishmand darajasiga yetishishida unga bosib olgan yurtlardan kitoblarni yuborib turgan shogirdi Iskandarning xizmati katta bo‘lgan.

Tan olish kerak, internet rivojlangan hozirgi davrda hammayam kutubxonaga borib kitob o‘qiydi deya olmaymiz. Zarur bo‘lganda ko‘pchilik SMART telefonlar yoki kompyuter orqali elektron kitob o‘qiydi. Yangi kutubxonada ana shu omillarni hisobga olib, odamlarni, ayniqsa yoshlarni kitob o‘qishga qiziqishini kuchaytirish maqsadida turli interaktiv loyihalar ham joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Telefonda yoki kompyuterda kitob o‘qish yaxshi lekin, uning inson salomatligiga zararini aslo unutmaslik kerak. Olimlar, mobil telefonlardan foydalangan bolalar, xotira va uyqu buzilishi xavf-xatariga ko‘proq duchor bo‘lishlari haqida ogohlantirganlar. Ularning asosiy sababi, sust harakatdagi elektromagnit to‘lqinlarining bolaning kichkina va nisbatan ingichka miya qobig‘iga kirib borishidir. Qolaversa, shifokorlar uyali telefonga bog‘lanib qolish, xotiraning buzilishi va fikrni bir joyga jamlash xususiyatining susayishi, doimiy toliqqanlik sindromi, ko‘z og‘rig‘i va qadalishi, ko‘z shilliq qavatining qurishi, ko‘rish qobiliyatining juda tez pasayishiga olib kelishini ta’kidlaydilar.

Endi kitob mutolasining foydasi haqida ikki og‘iz so‘z. Emori universiteti olimlari kitob o‘qigan insonning aqliy salohiyati bir necha kun davomida yuqori holatda bo‘lishini isbotlashdi. Tadqiqot mualliflari kitob o‘qish miyadagi asab tolalari sonini oshirishini ta’kidlashmoqda. Har safar kitob o‘qilganida miya faol ishlaydi. U olinayotgan ma’lumotni saqlash uchun yangi tolalarni yaratadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, doimiy ravishda kitob o‘qiydigan insonlarda fikrlash qobiliyati boshqalarga nisbatan sekinroq pasayar ekan.

Ogayo shtati universiteti olimlari inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, hayot yo‘lini shunchalik aniq tanlashini ta’kidlashmoqda. Kitob o‘qish hayotdagi to‘siqlarni yengishga ham yordam beradi, deyishmoqda ular. Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin.

O’z-o‘zidan ayonki, kitob o‘qish, bu – hayotdagi o‘sish, ilgarilash, rivojlanish, kamol topish, o‘zini o‘zi tarbiyalash, mustaqil ta’lim olishdir. Demak, u insonga foyda keltiradi, o‘ziga ishonchini mustahkamlashga yordam beradi. Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida aholini, ayniqsa yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish, yirik kutubxona qurishdan ko‘zlangan maqsad aniq. Ya’ni Yangi O’zbekistonni bilimli, ma’naviyatli, zukko, ilmga chanqoq, hayotda o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega, vatanparvar yoshlar bilan qurishdan iboratdir.

Shaxnoza Xolmaxmatova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    46
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+