Muqobil energiya manbalari innovatsion taraqqiyotga xizmat qiladi

24.11.2021, 10:02

Muqobil energiya manbalari innovatsion taraqqiyotga xizmat qiladi

Bugungi kunda O’zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan amaliy foydalanish bo‘yicha ishlar izchillik bilan olib borilayapti. Nega deganda, neft, gaz kabi an’anaviy energiya manbalarining zaxirasi cheklangan. Qolaversa, ularning tabiatga zarari ham ko‘p. Shu bois rivojlangan davlatlar “yashil” energetikaga o‘tmoqda. Bunday sa’y-harakatlar nafaqat bugun, balki kelajak uchun juda muhim.

Mamlakatimiz suv oqimlari, quyosh nuri, shamol, biomassa va geotermal resurslar kabi ne’matlardan foydalanish bo‘yicha qulay imkoniyatlarga ega. Ularni o‘zlashtirish respublikada tabiiy resurslarni kelgusi avlodlar uchun asrab qolgan holda, energetikani barqaror rivojlantirishni ta’minlashning zarur sharti hisoblanadi.

Prezidentimiz raisligida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish va sohani rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Xususan, 2022-2024 yillarda 3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami quvvati qariyb 3 ming megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jami 900 megavattli yana 5 ta quyosh elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha investorlar tanlovi yakunlanadi.

Davlatimiz rahbari, avvalo, shu loyihalarga e’tibor qaratib, ularni o‘z vaqtida ishga tushirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Energetika vazirligiga xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda yangi loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz yirik sanoat korxonalari ham o‘z ta’minoti uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari tashkil etishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash kerakligi aytildi.

E’tibrorga molik jihati kelgusida quriladigan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish uchun butlovchi qismlar va materiallarni yurtimizda ishlab chiqarish orqali loyihalarni arzonlashtirish maqsadida bunday mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

O’z o‘rnida videselektorda belgilab berilgan vazifalar biz deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, ayni kunlarda tegishli qonun loyihalarini yanada maromiga yetkazish, parlament nazorati usullaridan samarali foydalanish, targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya resurslarini tadqiq etish va joriy qilish ishlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarish, mavjud muammolarga o‘z vaqtida tashkiliy-huquqiy, ilmiy-texnik, innovatsion yechimlar topish yurt ravnaqi, el farovonligini yuksaltirish, aholi salomatligi, atrof-muhit musaffoligini yanada samarali ta’minlash, innovatsion taraqqiyotga xizmat qiladi.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    736
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+