Sirdaryo viloyatidagi mas’ul rahbarlar O’zLiDeP deputatlariga hisobot berdi

26.11.2021, 19:55

Sirdaryo viloyatidagi mas’ul rahbarlar O’zLiDeP deputatlariga hisobot berdi

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Suyunovning “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi.  

Deputatlar ma’ruza yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi. Bahsga sabab bo‘ladigan masalalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalarida, oshxonalar, kafelarda ovqat tayyorlash xonalaridagi tozalikka e’tibor hamma joyda ham talab darajasida emasligi ta’kidlandi. Bu borada tuman va shahar deputatlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamrohligida  ishlab chiqarish korxonalari, ovqatlanish shahobchalari, xususiy bog‘chalarga qo‘shma reydlar o‘tkazishga kelishildi.

Sirdaryo viloyatidagi “Guliston tibbiyot klasteri” dasturining ijrosi yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Qodir Hotamov axborot berdi.

Sirdaryo viloyati Respublikada tibbiyot klasteri tizimiga o‘tishni boshlab beradi. Albatta, bu birdaniga amalga oshiriladigan soha emas. Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan jarayonning dastlabki qadamlari qo‘yildi. Hozirda viloyat markaziy shifoxonasida zamonaviy tibbiyot darajasidagi xirurgiya bo‘limi  binosi qurilayapti. Tibbiyot klasterining afzalligi-bemor har bir tashhis va tahlillar uchun turli shifoxonalarga borib-kelishi shart emas, ularning hammasi bir joyda, bir binoda joylashtiriladi. Guliston shahrida 520 o‘rinli katta shifoxona  qurilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, siyosiy partiyalarning hududiy tashkilotlari faoliyatidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, bunda joylarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini o‘rnatishda doimiy komissiyalar, deputatlik guruhlari hamda deputatlar faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida deputatlik guruhi tomonidan bir qator qarorlar qabul qilindi.

O’zLiDep Sirdaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    371
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+