Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti: o‘zaro manfaatli hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi

30.11.2021, 11:31

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti: o‘zaro manfaatli hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammiti ishida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Prezidentimiz o‘z so‘zida tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etib, xalqaro va mintaqaviy vaziyatga, hanuzgacha davom etayotgan pandemiya sharoitidagi iqtisodiy qiyinchiliklarga e’tibor qaratdi va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.

Xususan, tashkilot doirasida yangilangan va keng qamrovli Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish taklif qilindi. Mazkur hujjatda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish, hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oshayotgan elektron savdoni keng tadbiq etish masalalari o‘z ifodasini topishi zarurligi aytildi.

Ushbu tashabbusning ahamiyati juda yuqori. Negaki, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda 500 milliondan ortiq aholi yashaydi. Bu ulkan bozor degani. Shu ma’noda a’zo mamlakatlar savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishi, ishga solinmagan resurslarni ushbu yo‘nalishga safarbar etishi ayni muddaodir.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus – mintaqadagi mavjud transport yo‘laklaridan unumli foydalanish va yangilarini yaratish masalasi ham hech kimni befarq qoldirmadi. Zero, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari, havo qatnovi tarmog‘ini kengaytirish, tegishli zamonaviy infratuzilmani barpo etish alohida ahamiyatga egaki, bu mintaqamizning global logistika hamda tranzit markazlaridan biriga aylanishiga imkon beradi. Bunda transport kommunikatsiyalari va infratuzilmalarini takomillashtirish hamda modernizatsiyalash ishida keng qamrovli loyihalarni amalga oshirish bugungi davr talabidir.

Masalaning yana bir ahamiyatga molik jihati shundaki, bu taklif o‘zaro transport tariflari, yagona bojxona va boshqa tartib-taomillar, yuk tashish xavfsizligining birxillashtirilgan qoidalari, transport vositalari hamda yuklari harakatlanishi axborot ta’minoti tizimining huquqiy va institutsional asoslarini yanada yaxshilash imkonini beradi. Qolaversa bu boradagi o‘zaro hamkorlik iqtisodiy o‘sishga, yuklarning ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetkazib berilishini tezlashtirish hamda arzonlashtirishga olib keladi.

Bilamiz turizm – iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, ushbu tarmoqni yanada takomillashtirish taraqqiyot sari dadil qadam tashlash deganidir.

Ochig‘ini aytish kerak, pandemiya davrida yuzaga kelgan qat’iy cheklovlar natijasida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvi deyarli to‘xtab qoldi. Davlatimiz rahbari ayni shu masala to‘xtalib, sayyohlik almashuvlarini qayta tiklash zarurligini qayd etdi.

Xususan, Buxoro shahrida 2022 yili bo‘lib o‘tadigan turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish umummintaqaviy Dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi. Maqsad “ziyorat turizmi” va boshqa qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratishdan iborat.

Umuman olganda, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida O’zbekistonning amaliy tashabbuslarlar bilan ishtirok etishi hamda 2022 yilda ‘ IHTga raislik qilishi tashkilotning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, boshqa mintaqaviy tashkilotlardan farq qiladigan va o‘ziga xos kun tartibiga ega bo‘lish, yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikning institutsional mexanizmlarini rivojlantirish, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi

  • Ko'rildi
    536
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+