Aholi murojaatlari o‘rganilmoqda

01.12.2021, 11:19

Aholi murojaatlari o‘rganilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi Termiz shahar bo‘limida bo‘lib, u yerdagi fuqarolar qabulida ishtirok etdi.

Xususan, Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Muyassar Fattoyeva o‘g‘lini temir yo‘l stansiyasiga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish masalasida murojaat qildi. Ushbu masala viloyat transport boshqarmasiga yo‘naltirildi va natijasi nazoratga olindi.

Amu Sohili massivida yashaydigan Dilnoza To‘rayeva ham qo‘shimcha daromad qilish maqsadida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. D.To‘rayevaning qandolat mahsulotlari tayyorlab sotish niyati borligi ma’lum bo‘lgach, uning pazandachilik o‘quv kursida o‘qishi hamda elektropech va boshqa zarur vositalarni xarid qilishida amaliy ko‘mak beriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, qabulxonaga kelib tushayotgan murojaatlar va ularning yechimi bilan bog‘liq tahlillar ham ko‘zdan kechirildi.

Misol uchun, joriy yil noyabr oyida Xalq qabulxonasiga 140 ta murojaat kelib tushgan. Ularning o‘ndan ortig‘i elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi. Bu aynan deputatlar tomonidan saylovchilar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda ko‘tarilayotgan dolzarb masalalardan biri sifatida alohida o‘rganib chiqilmoqda. Shu munosabat bilan, deputat bu boradagi masalalar yechimi yuzasidan Termiz shahar elektr ta’minoti korxonasi rahbari Oltiboy Berdimuratov bilan uchrashib, kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Termiz shahrida joriy yil davomida 20 ta yangi transformator o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar ularning 16 tasi kerakli hududlarga o‘rnatilgan. Qolgan 4 tasi dekabr oyining birinchi o‘n kunligida belgilangan hududlarga o‘rnatilib, foydalanishga topshiriladi. Elektr qurilmalarni 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumida ishlashga tayyorlash maqsadida mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan 51 km 0,4-6 kVli elektr uzatish tarmoqlari, 27 dona  transformator punktlari to‘liq mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, rejalashtilgan 159,0 km elektr uzatish yo‘llari va 55 ta transformator punktlari joriy ta’mirlandi.

Xususan, «Shifokorlar» mahallasida yangi transformatorni o‘rnatish jarayoni bilan tanishildi. Shuningdek, “Turon” mahallasida ko‘p qavatli uylarda kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlarini o‘rganish davomida mahalla aholisi vakillari antisanitariya holatiga kelib qolgan “Toza hudud” DUKga tegishli chiqindixonani tartibga keltirish bo‘yicha murojaat qilishdi. Ushbu murojaatni qisqa muddatda bartaraf etish uchun shahar hokimining o‘rinbosari Bunyod Jo‘rayev nazoratiga olindi.

Saylovchilar bilan uchrashuv davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    239
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+